05:42 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Analitika
Havola olish
21302

Respublikada davlat darajasida gender tengligi masalalarini hal qilish ancha oldinga siljidi. Shunga qaramay oiladagi zoʻravonlik va kamsitish haqidagi xabarlar quloqqa chalinib turadi.

TOSHKENT, 21 okt — Sputnik. Dilshoda Rahmatova. Oʻzbekistonda ayollarni himoya qilish va yoshlarga yordam berish eng yuqori darajada eʼtibor qaratilmoqda. Biroq ayrim joylarda qiyinchiliklar hali hamon uchrab turibdi, yaqinda ikki ayol bilan bogʻliq hodisa, ulardan biri vafot etdi, hozirgacha muhokama qilinmoqda.

Joylarda ishlar qanday yoʻlga qoʻyilgan, ayollarga oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurashda yoki hayot qiyinchiliklariga bardosh berishga kim yordam beradi. Ushbu savollar bilan biz Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi masʼuliga murojaat qildik.

Gulnora Marufova Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining birinchi oʻrinbosari lavozimiga 2020 yil iyul oyida tayinlangan edi. U oʻz faoliyatini xalq taʼlimi tizimida boshlagan, rus tilidan saboq bergan. 2004 yildan 2020 yil fevraliga qadar Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan.  

- Gulnora Mahmudovna, aytingchi, bugun qoʻmitani tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingach, respublikada ayollar bilan qay darajada samarali ishlar olib borilyapti?

—   Xotin-qizlar qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinishi jarayonida nafaqat qoʻmita tomonidan toʻplangan barcha tajribalar saqlanib qoldi va hatto koʻpaytirildi. Tugatilgan tuzilma vakillari oʻrniga mahalla va oila ishlari boʻyicha  hududiy boshqarmalarning birinchi oʻrinbosarlari tayinlandi. Shuningdek, ayollarning jamiyatdagi imkoniyatlarini kengaytirish, zoʻravonlik holatlariga barham berish ushbu boʻlinmalarning maqsadi va vazifalari etib belgilandi. Ayni kundda esa biz gender tengligi, oilani mustahkamlash va anʼanaviy qadriyatlar masalalari ustida ish olib boryapmiz. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj ayollarga alohida yordam  beryapmiz.

—   Yaqinda prezident boshchiligida oʻtkazilgan selektorda ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga takror toʻxtalib oʻtildi. Davlat rahbari tomonidan qoʻmitaga qanday vazifalar yuklatildi?

—   Qoʻmitaga  ayollardan tortib har bir yigit va qiz bilan ishlash masalalarini yangi bosqichga koʻtarish, aniqrogʻi, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ning yaratish va bu boʻyicha samarali ishlar olib borish asosiy vazifa sifatida yuklatildi. Shu bois hozirda biz bu boʻyicha qoʻshma bayonot ustida ish olib boryapmiz. Masalan, “yoshlar daftari” yoshi oʻttizgacha boʻlgan ayollarni qamraydi, “ayollar daftari”ga esa oʻttiz va undan yuqori yoshda boʻlgan ayollarni kiritiladi.

Ayni damda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda boshqa davlat idoralari bilan 28 ta hududlar saralab olinib, har bir oilaning ijtimoiy hamda maʼnaviy muhiti oʻrganilmoqda, ularning muhofazasi ustida hamkorlikda ish olib borilmoqda. Masalan, ishsizlik muammosi boʻlsa uning sabablari oʻrganilmoqda, ehtimol, ayollar bolasi davolanishga muhtojligi bois ishga chiqa olmaydi yoki ular huquqiy va ruhiy yordamga muhtoj boʻlishi mumkin. ana shunday holatda biz ayollarning uy sharoitlida ishlashlari va ruhiy maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻramiz

Bundan tashqari ushbu saralab olingan hududlarda yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida maxsus fondlar tashkil etiladi. Moliyalashtirish esa mablagʻlarning 30 foizini viloyat byudjeti hisobidan taʼminlaydi. Hozirda bu boʻyicha roʻyxat shakllantirilib, keyinchalik uyma-uy yurishni boshlaymiz. Bu boʻyicha Respublika kasaba uyushmasi bilan allaqachon qoʻshma reja ishlab chiqilib, ushbu reja asosida 800 dan 1000 tagacha va undan koʻproq oilalar istiqomat qilib kelayotgan 9150 ta mahalla boʻyicha ish olib borishni, ularning  muammosiga eʼtibor qaratishni maqsad qilganmiz.

—   Sizningcha, “Gender tenglik” tushunchasi nima va Oʻzbekistonda bu  qanday amalga oshirilishi kerak?

—   Bilasizmi, bizda ayollar va erkaklarning tengligi asosiy va boshqa qonunlarda, shuningdek, Mehnat kodekslari bilan mustahkamlab qoʻyilgan boʻlsada, bu qonunlarni  gender tenglik asosida shakllantirishimiz kerak edi. Natijada bu samara bera boshladi va ayni kunda ayollarimiz mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida faol boʻla boshladilar. Davlat rahbari taʼkidlagandek, bugun muammoli va ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar toifalari bilan ishlash vazifalariga ayollar javobgar boʻlgan joylarda sezilarli va samarali oʻzgarishlar yuz bergan. Endilikda maxsus komissiya qonunlar qabul qilinishida gender ekspertizasidan oʻtkazilishini nazorat qilmoqda. Yaʼni meʼyoriy hujjatlarni qabul qilishda albatta uning genderlik jihatlari hisobga olinadi. Kuzatuvlarga koʻra, shunday korxonalar borki, ularning rahbaridan tortib uning oʻrinbosarigacha  va hatto doʻkon boshliqlarigacha erkaklardan iborat, ayollar yoʻq. Hatto ayollar ishlashi kerak boʻlgan sohalarni ham, ayollar mutaxassislari borligiga qaramay, erkaklar boshqarayotganligiga guvoh boʻlganmiz. Endilikda aynan mana shu boʻshliqni toʻldirishga toʻgʻri kelyapti.

—   Aksariyat qizlar bilim yurtlarini tamomlagach, turmush oʻrtogʻining qistovi yoki qaynonasining bosimi ostida uy bekasi boʻlib qolishmoqda. Bunga munosabatiningiz qanday?

—   Hayotda ana shunday bosimlarga duch kelayotgan ayollarimiz bilan muloqot jarayonlarida biz ularga rivojlanish va malaka oshirishda toʻxtamasliklarini taʼkidlaymiz. Aksariyat universitet bitiruvchilari oʻzlari oʻqigan sohasida ishlashni, jamiyatda oʻz oʻrnini topib, foyda keltirishni istashadi. Qolaversa, biz bilamizki, millat tarbiyasi ham bevosita ayol tarbiyasiga bogʻliq. Bilimli ona farzandiga toʻgʻri tarbiya beradi, bu esa millat kelajagiga qoʻyiladigan asosiy poydevor hisoblanadi. Oʻylaymanki, bugungi kunda koʻplab zamonaviy va dunyoqrashi keng boʻlgan oilalar mana shunday fikrlashmoqda. 

Toʻgʻri, bugun koʻplab oilalarda mana shu muammo, qaynonalar uyda ham qiliniish kerak boʻlgan ishlar koʻp deya kelinining ishlashlariga qarshi boʻlishadi. Keyin esa bola tugʻiladi. Ammo uch yillik tugʻruq taʼtilidan soʻng u ayol yana ishiga qaytishi mumkin. Bu esa oʻsha ayolning oilada qay darajada qoʻllab-quvvatlanishiga bogʻliq.

—   Koʻp hollarda oilalarning ajrashishiga uchinchi shaxs, yaʼni yaqin qarindoshlar yoki qaynonalarning aralashuvi sabab boʻlyapti.

—   Men har qanday aralashuvchilarning qarshiliklari va ularning dahl qilishlariga qaramay, oilani saqlab qolish kerakligi tarafdoriman. Darhaqiqat oiladagi uchinchi shaxsning aralashuvi koʻp hollarda er-xotin orasidagi kelishmovchiliklarga nisbatan koʻproq parokandalikka olib keladi. Mana shu kabi holatlarda biz uchinchi shaxs aralashuvini cheklash boʻyicha koʻramiz. 

—   Ayni kunda oʻz jinsi va ismini oʻzgartirgan shaxs bilan boʻlgan suhbat ijtimoiy tarmoqlarda koʻp sonli jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlmoqda. Ushbu video ostida goʻyo gender tenglikni taʼminlash vazifalariga “Moviy daftar” qahramonlarini himoya qilish masalasi ham nazarda tutilganligi haqida yozib qoldirishmoqda. Bunga munosabatingiz.

—   Bilasizmi, bu gender tenglik va uning vazifalari nimalardan iboratligi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻlmagan, bekorchilikda vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydigan shaxslar tomonidan oʻylab tarqatilgan asossiz fitna desam toʻgʻriroq boʻladi. Axir biz bu haqda gapirmagan boʻlsak, moviy daftar shakllanmagan boʻlsa... odamlar oʻz-oʻzidan gap soʻz chiqarish uchun tarqatgan, bu yolgʻon maʼlumotlarni. “Temir daftar”ga kelsak, bu qanday paydo boʻldi? Ayni pandemiya vaqtida jamiyatimizda nafaqat ishsizlar, hattoki bevosita ish bilan band boʻlganlar ham moddiy tomonlama qiynalib qoldi. Bu vaqtda oziq-ovqat mahsulotlarining narxi sunʼiy oshirish holatlari kuzatildi, ular moddiy, huquqiy yoki maʼnaviy psixologik muammoga muhtoj boʻlib qolishdi. Mana shunday qiyinchilik holatlari kuzatilayotgan vaqtda prezident ularni, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash uchun  “Temir daftar”ni yuritish tizimini yoʻlga qoʻydi. “Temir daftar” asosida hamma emas, oʻta nochor oilalar kiritilib, ularga ijtimoiy yordam berildi.  Saxovat va koʻmak markazlari, maxsus qoʻllab-quvvatlovchi fondlar tashkil etildi.

—   Bugungi kunda jamiyatdagi koʻp sonli xotin qizlar irodasizlik qilib, vaziyat ularning oʻz joniga qasd qilish holatlarigacha yetib boryapti. Nega mana shu holatlarning oʻz vaqtida oldini ololmayapmiz?

—   Chunki ularni oʻz vaqtida eshitish kerak boʻlganda eshitmayapmiz, dardiga quloq tutmayapmiz. Ularning his-tuygʻulari, muammolariga loqaydlik bilan qarayapmiz. Turli ruhiy, moddiy yoki maʼnaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayollar murojaat bilan masʼul tashkilotlarga yordam soʻrab borganida ularning muammosini hal qilish uyoqda tursin, shunchaki dardini eshitib, xayrixoh boʻlishni  eplolmayotganlar bor. Mana shunaqa paytlarda oʻz muammosiga yechim topolmagan ojizalarning bir dardiga ikki dard qoʻshilib, ular ruhan ezilishdi va oʻzlarini chorasiz qolgandek his qildilar. Bilasizmi,  loqaydlik bu juda katta gunoh aslida. Har bir rahbar yoki u tashkilot xodimi boʻladimi muammosiga yechim izlab kelgan fuqarolarga quloq tutishga majbur. Afsuski, loqaydlik, befarqlik, faqat oʻzini oʻylash xarakteri baʼzi bir rahbarlarimizda shakllanib qolmoqda. Masalan, yaqinda oʻz joniga qasd qilgan ayolni olaylik, shuncha odam atrofida, uning oʻziga oʻt qoʻyishini tomosha qilib turibdi. Oʻsha yerda biron bir kishi uni toʻxtatmagan. Agar oʻz vaqtida shu ayolni eshitib, yordam berilganida, muammosiga yechim izlanganida, hech boʻlmaganda unga ruhan madad boʻlganida shu ayol oʻzini yoqib yuborarmidi?

—   Bugungi kunda eʼtibor bersak, erkaklarning oiladagi oʻz vazifasi va masʼuliyatiga sovuqqonlik bilan yondashishlari shakllanib borayotganligi, oʻzlarini faqat oila boquvchisi deb hisoblab, ularning boshqa vazifalari esa ayollar yelkasiga tushayotganligiga guvoh boʻlyapmiz. Shuningdek, oiladagi juda koʻp cheklovlar tufayli ayollarning oʻrni ham birmuncha yoʻqolib borayotgandek.

—   Toʻgʻri aytasiz. Sababi, birinchi galda aytishimiz mumkinki, hali bu va bu kabi koʻplab masalalarni hal etishda qonunchilik bilan bogʻliq boʻlgan savollarimiz ochiq qolib kelyapti. Masalan, Oila kodeksini olaylik, baʼzi bir qonunlar deklarativ kodeksdek qabul qilingan:  “Oila bu jamiyat boʻgʻini, oila undoq, oila bundoq”.  Axir bu masalada qonun qabul qilish uchun konkret yondashish kerak boʻladi. Masalan, qonunda oilada erkak va ayolning teng ekanligi aytildi, biroq aynan qaysi masalalalarda teng boʻlishi kerak, er-xotin majburiyatlarida-chi, kimning vazifasi kimning huquqi qanday boʻlishi kerak? Farzand tarbiyasi va uning boshqa huquqlarida ota va onaning roli, ularning vazifalaridagi tenglik qonun normalari bilan bilan koʻrsatib berilishi kerak. Qolaversa, qonunchiligimizdagi mulk masalasiga ham oydinlik kiritib olishimiz kerak, er va xotin ajrashyaptimi, ayol bolasi bilan koʻchaga qolib ketmasligi kerak. Ayollarning moddiy va mulkiy huquqlari toʻliq qonun bilan kafolatlanib, huquq taʼminlamagan holatlarda javobgarlarga nisbatan qattiqroq jazo choralarini ishlab chiqish kerak. Agar qonunchiligimizdagi ana shu kemtikliklar bartaraf etilib, mukammal ishlab chiqilsa, oʻylaymanki, ayni kunda jamiyatda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan oʻplab muammolarning oldi olingan boʻlar edi.

—   Faoliyatingiz vazifasidan kelib chiqib, bir kunda ijtimoiy tarmoqlarga qancha vaqt sarflaysiz?

—   Ertaga tongda uygʻonib, avvalambor birinchi qiladigan ishim shu, ijtimoiy tarmoqlarga kirib, yangiliklardan xabardor boʻlaman. Kundalik yumushlar, shuningdek, kun davomida ishimga doir muhim vazifalar bilan shugʻullangach, yana kechki payt ijtimoiy tarmoqqa kiraman. Bundan tashqari fuqarolar, ayollarimiz koʻplab oʻzlarini qiziqtirayotgan savollar, muammolar yuzasidan murojaat qilishadi.

Ularga nima kerak, qanday yordam kerak, yoki shaxsiy telefonimga qoʻngʻiroq qilishganda ham imkon qadar qoʻlimdan kelgancha gaplashib, ularga yordam berishga harakat qilaman. Yoki oʻzim ular bilan telefon orqali bogʻlanib muammolarini oʻrganaman, kerak boʻlsa bu boʻyicha masʼul tashkilotlar va idoralarning hududiy boʻlimlari bilan bogʻlanaman.

— Sizningcha, bugunning zamonaviy ayoli qanday talablarga javob berishi kerak?

—   Bugunning zamonaviy qahramon ayoli oilada ham, bilim yoki kasb-hunar egallashda ham har tomonlama faol boʻlishlari, komil inson sifatida shakllanishlari muhim hisoblanadi. Bugungi kunda ana shu har tomonlama shakllangan ayollarimiz xotin-qizlarimizni koʻrib xursand boʻlaman. Ular nafaqat oilada, balki jamiyatda ham oʻzining munosib oʻrnini topib olishgan. Qolaversa, ularni qoʻllab quvvatlash va ragʻbatlantirish masalalariga prezident tomonidan ham yaxshi eʼtibor berilyapti. Masalan, qizlarni jamiyatda yanada faol boʻlishlariga turtki boʻlayotgan Zulfiya nomidagi mukofotlar taʼsis etilgan. Shuningdek, tadbirkor ayollarga ham bugungi kunda keng shart-sharoitlar yaratilib berilyapti. Koʻplab xotin-qizlar imtiyoz asosida oliy oʻquv yurtlariga kirishyapti.

Misol uchun, joriy yilda ularga toʻrt foizlik kvotalar berildi, 940 nafar qizlarimiz oʻzlari egallagan bilimlariga foiz hisobidan ballar qoʻshilib, ular oliy oʻquv yurtlarining talabasi boʻlishdi. Bir qancha yigit-qizlarimiz chet el oliygohlarining talabasi boʻlishdi.

—   Xorijiy ayollar qoʻmitalari bilan hamkorlikni qay darajada yoʻlga qoʻygansizlar?

—   Bugungi kunda biz juda koʻp davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Masalan, Xitoyda “Butunxitoy xotin-qizlar tashkiloti”, “Shanxay tashkiloti” bilan hamkorligimiz bor, ular bilan juda iliq hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyganmiz. Qolaversa, Italiyadagi “ayollar lobbisi”,  Rossiyadagi ayollarni qoʻllab-quvvatlovchi qoʻmitalari, yana qoʻshni davlatlardan Turkmaniston, Tojikiston, Qozogʻiston kabi davlatlar bilan hamkorlikda tadbirlar uyushtirib, ular bilan faol muloqotda boʻlib kelyapmiz.

Asosiy mavzular