12:48 01 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Iqtisod
Havola olish
29710

Shavkat Mirziyoyev geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

TOSHKENT, 27 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Unda mazkur ishlar hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalar jalb etish masalalari koʻrib chiqildi.

Yil yakuniga qadar oltin va kumush resurslari, mis va 8 turdagi noruda boyliklari zaxiralarini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun texnikalarni yangilashni davom ettirish kerak. Masalan, zamonaviy uskunalarni qoʻllash hisobiga burgʻilash chuqurligini 800 metrdan 1200 metrga yetkazish, ish samaradorligini esa 1,7 baravarga koʻpaytirish mumkin.

Joriy yilda geofizika, burgʻilash, togʻ-kon va laboratoriyada qoʻllaniladigan 385 ta uskunani modernizatsiya qilish boʻyicha topshiriq berildi. Yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash, 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasi qoʻyildi.

Sohaning investitsion jozibadorligini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, davlat rahbari buning uchun xalqaro standartlarni joriy etish kerakligini taʼkidladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, geologlarni JORC standartlari boʻyicha maʼlumot tayyorlashga oʻqitish muhimligi qayd etildi.

Oʻzlashtirish uchun tayyor 20 ta konga tajribali investorlarni jalb qilish, boshqa istiqbolli maydonlar boʻyicha sarmoyaviy loyihalarni shakllantirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Geologiya sohasi qishloq xoʻjaligi yerlarini suv bilan taʼminlashda ham muhim oʻrin tutadi. Xususan, quduqlar qazish uchun har bir tumanga maxsus texnikalar yetkazilishi belgilangan.

Yigʻilishda 3 ming gektarga suv chiqarish uchun 70 ta quduq burgʻilash boʻyicha vazifa qoʻyildi. Shuningdek, joriy yilda 200 ta yangi quduqda suv sarfini, 400 ta quduqda yer osti suv sathini onlayn monitoring qiladigan tizim joriy etish hamda yer osti suvlari interaktiv xaritasini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Geologiya rivojida fundamental, ilmiy, innovatsion va amaliy tadqiqotlarning oʻrni katta. Shu bois yil yakunigacha 2,5 ming kvadrat kilometr maydonni kosmik tasvirlar orqali, 5 ming kvadrat kilometr maydonni aerogeofizika usuli orqali geologik oʻrganish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada hamda 31 yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda davlat rahbari geologiya sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirishga doir qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi.

Shu asosda Geologiya fanlari universitetini tashkil etish boʻyicha ish olib borilmoqda. Uning oʻquv dasturlari Sankt-Peterburg konchilik universiteti va boshqa xorijiy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasi yordamida ishlab chiqilmoqda.

Bugungi yigʻilishda yangi universitet qoshida Geologiya muzeyini tashkil etish va uning faoliyatini oʻquv jarayoniga bogʻlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi. 

Asosiy mavzular