18:36 20 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Iqtisod
Havola olish
432 0 0

Ikki mamlakat oʻzaro savdo hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollar darajasigacha yetkazishni rejalashtirmoqda.

TOSHKENT, 9 dek — Sputnik. 8 dekabr kuni Fargʻona shahrida Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Qirgʻiziston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga koʻra, uchrashuv davomida joriy koʻp qirrali sheriklik masalalari, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro aloqalarni kengaytirish boʻyicha istiqbolli choralar muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, tomonlar oʻzaro savdo hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollar darajasigacha yetkazish maqsadida uni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshma choralarni amalga oshirishga tayyor.

Shu nuqtai nazardan, chegaraoldi savdo zonalarini, shuningdek, chegaraoldi viloyatlarda ulgurji tarqatish va agrologistik markazlarni yaratish istiqbollari qayd etildi.

Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Xususan, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qishloq xoʻjaligi texnikasi, toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda yuqori salohiyatni qayd etdi.

Shu munosabat bilan kelishilgan loyihalarni va savdo, transport va oʻzaro investitsiyalar sohasida mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha aniq amaliy choralarni oʻz ichiga olgan Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha Amaliy choralar rejasini ("Yoʻl xaritasi") ikki tomonlama ishlab chiqishni tezlashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasining yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish va savdo hamkorligini rivojlantirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshma choralarni amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Tomonlar “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻl yoʻlagidan foydalanish masalasida yaqin hamkorlikni davom ettiradi.

Markaziy Osiyo davlatlari orqali Xitoydan Yevropaga multimodal yuk tashish tizimida “Andijon-Oʻsh-Irkeshtam-Qashgʻar” avtomobil yoʻnalishidan samarali foydalanishni taʼminlash zarurligini taʼkidlandi.

Shu bilan birga, tomonlar kelishilgan avtobus yoʻnalishlari boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasida xalqaro yoʻlovchi tashishni qayta boshlashni tezlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Hududiy hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha amaliy choralarga alohida eʼtibor qaratildi. Hududiy qoʻlamda yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor munosabat bildirish va ularni hal qilishda oʻzaro yordam koʻrsatish uchun ikki mamlakatning chegaraoldi viloyatlari rahbarlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilish mexanizmini yaratish dolzarbligi qayd etildi.

Teglar:
hamkorlik, uchrashuv, Sardor Umurzakov, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Fargʻona

Asosiy mavzular