TOSHKENT, 9 fev — Sputnik. AQShning Afgʻonistondagi harbiy kuchlari qoʻmondoni Rossiyani Tolibonni qoʻllab-quvvatlayotganlikda aybladi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Jon Nikolsonga koʻra, Rossiya, Pokiston va Eron radikal "Tolibon" harakatini qoʻllab-quvvatlamoqda va bu bilan mamlakatdagi tinchlikka rahna solmoqda.
Moskva rasmiylari Afgʻonistondagi ichki mojarolarga aralashmasliklari haqida bir necha marotaba eʼlon qilishgan hamda ushbu mamlakat vakillari bilan aloqalari faqatgina mojaroni barham toptirishga qaratilganini taʼkidlashgan.
AQSH tomon ham Afgʻoniston hukumati va "Tolibon" harakati oʻrtasida muzokaralar boshlanishiga yordam berish niyatida ekanligini bir necha bor maʼlum qilgan, ammo davlatning bu boradagi urinishlari hozircha sezilarli natija berganicha yoʻq.
Eslatib oʻtamiz, 2001 yildan boshlab Afgʻonistonda AQSH va uning ittifoqdoshlari harbiy kontingenti faoliyat yuritmoqda. Ular terrorchilarga qarshi operatsiyalarni amalga oshirib, mahalliy xavfsizlik kuchlariga yordam berib kelmoqda.