03:02 06 Iyun 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Yangiliklar
Havola olish
529 0 0

"Hozirgacha bu ish boʻyicha 170 nafar shaxs soʻroq qilingan. Sudga oid qurilish ekspertizalari belgilangan", - dedi Shamsutdinov.

TOSHKENT, 16 may - Sputnik. "Sardoba" toʻgʻoni oʻpirilishi yuzasidan 170 nafar shaxs soʻroq qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov Xalqaro press-klubning Sirdaryo viloyatidan "Sardoba-2020: sinov, birdamlik, mehnat, sifat" mavzuidagi efiri davomida maʼlum qilgan.

Jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlarini har tomonlama, toʻliq va xolisona olib borish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligining malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tashkil qilingan.

Jjinoyat ishi boʻyicha tergov quyidagi asosiy tergov taxminlari oldinga surilib, tekshirilmoqda:

Birinchisi- loyihalashdagi xatoliklar;

Ikkinchisi - qurilish meʼyorlariga rioya etmaslik;

Uchinchisi - ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar;

Toʻrtinchisi - tabiiy ofat.

Tergov taxminlarini tekshirish maqsadida, dastlabki tergov davomida jami 170 nafardan ziyod shaxslar tergov guruhi aʼzolari tomonidan guvoh tariqasida soʻroq qilinib, suv omborini loyihalashtirish, uning qurilishi va ekspluatatsiya qilish jarayonlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar olingan.

Eslatib oʻtamiz, 1 may kuni tong sahar Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilib, yondosh tumanlardagi mahallalar va dalalarni suv bosgan edi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida toshqin oqibatlarini bartaraf etilishi
Sputnik / Ramiz Baxtiyarov

Ushbu favqulodda vaziyat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida 2 ming 570 ta uy-hovli, 76 ta koʻp qavatli uy yaroqsiz holga kelgan edi. Shuningdek, 1 ming 781 hovli, 52 ta koʻp qavatli turar joy qisman zararlangan. 70 ta ijtimoiy obʼyekt, 20 ming gektarga yaqin ekin maydoni, 828 kilometr yoʻl, elektr, gaz, ichimlik suv, aloqa tarmoqlariga talafot yetgan. Tezkor chora-tadbirlar natijasida tumanlardagi 28 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan edi.

Zarar koʻrgan 4,5 mingga yaqin xonadon egalarining har biriga: 40 mln. soʻmlik moddiy yordam; televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovgʻalar topshirilmoqda.

Uy-joyi butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 ming 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Taʼmirlanadigan va yangi quriladigan uylar davlat tomonidan bepul qurib-taʼmirlab beriladi.

1 sentyabrgacha odamlar yangi uylarga va oʻzlarining taʼmirlangan hovli-joylariga toʻliq koʻchib oʻtadi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham oʻzlarida qoladi.

Uchta tumanda 1 ming 800 ga yaqin beton panelli kottejlar zamonaviy taʼmirlanib topshiriladi.

Asosiy mavzular