16:16 04 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Yangiliklar
Havola olish
32510

Prezident ishtirok etgan taqdimotda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari haqida ham maʼlumot berildi.

TOSHKENT, 20 noya - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni qurilish sohasiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot-xizmati.

Xabarda aytilishicha, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini rekonstruktsiya qilish va kengaytirish rejalashtirilgan. Katta masjid, toʻrtta minora va keng ayvonlar qurish, xiyobon, uning atrofida mehmonxonalar hamda boshqa infratuzilma obʼyektlari barpo etish koʻzda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev bugungi taqdimot chogʻida majmuani jahon andozalari darajasida sifatli qurish, ziyoratchilarga qulayliklarni oshirish boʻyicha qator koʻrsatmalar bergan.

Tadbirda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyining yangi binosi loyihasi ham muhokama qilingan.

Dunyoga mashhur yapon meʼmori Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq, muzeyning mavjud binosi yonida aylana shaklida 3 qavatli yangi inshoot qad koʻtarishi koʻzda tutilgan.

Davlat rahbari 16 oktyabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib koʻrganida bu yerda soha klasteri tashkil etish, hududni quruvchilar massiviga aylantirish lozimligi yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Shu maqsadda institut atrofidagi maydonlar ham qoʻshilib, yangi loyiha ishlab chiqildi.

Unga koʻra, oliy taʼlim muassasasi yonida qurilish kolleji, qurilish materiallari boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriya, yotoqxonalar, sport majmuasi va boshqa obʼyektlar barpo etilishi moʻljallangan.

Surxondaryo viloyati Termiz shahrining Beruniy koʻchasida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, masjid, mehmonxona, turar joylar, mahalla guzari va koʻplab tadbirkorlik subʼyektlari joylashgan. Mazkur markaziy koʻchaning yangi loyihasiga koʻra, rekonstruktsiya va qurilish ishlari amalga oshiriladi. Denov tumanining Nurli manzil va Lochin mahallalarida energiya tejamkor koʻp qavatli uylar, ijtimoiy muassasalar barpo etilishi koʻzda tutilgan.

Taqdimotda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari haqida ham maʼlumot berildi.

Maʼlumki, Mirziyoyev shu yil 12 iyun kuni poytaxtning Olmazor tumanida boʻlib, uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha vazifalarni belgilab bergan edi. Xususan, Toshkent tumanining bir qismini Olmazor tumaniga oʻtkazib, yangi turar joylar va korxonalar barpo etish taklif qilingandi.

Bugun taqdim etilgan loyihaga binoan, 200 gektardan ziyod ushbu hududda 150 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, maktab, bolalar bogʻchasi, istirohat bogʻi, tijorat zonasi qurilishi koʻzda tutilgan.

Yana bir loyiha poytaxtdagi "Navroʻz" qabullar uyidan samarali foydalanishga oid. Ushbu majmuani kapital taʼmirlab, Davlat ishtirokidagi korxonalarni sogʻlomlashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda tadbirkorlarga maʼlumotlar ochiq va shaffof tarzda taqdim etiladi.

Asosiy mavzular