TOSHKENT, 28 noya - Sputnik. Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, 2020 yilning 1 dekabridan Oʻzbekistonda elektron sportni yanada rivojlantirish maqsadida kompyuter oʻyinlari markazlari faoliyatiga ruxsat beriladi, deya xabar bergan Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Bunda kompyuter oʻyinlari markazlari faoliyatida quyidagi sanitariya-epidemiologik qoidalarga qatʼiy rioya qilinishi belgilab qoʻyildi:
fuqarolarni alohida, bir-biridan ajratilgan holda stollar oraligʻida ijtimoiy masofani taʼminlagan holda joylashtirish;
xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi;
har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37 daraja va undan yuqori boʻlgan, infektsiya alomatlari mavjud holatda hamda tibbiy niqobda boʻlmagan hollarda mijozlarni obʼyektga kiritmaslik choralarini koʻrish;
har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfektsion vositalar bilan tozalash kabi qator sanitariya talablariga rioya qilinishi belgilab qoʻyildi.