06:36 28 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Siyosat
Havola olish
58820

Siyosatchining aytishicha, Mirziyoyev tashabbusi asosida rezolyutsiyaning qabul qilinishi Oʻzbekistonning yangi mintaqaviy siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinganini va qoʻllab quvvatlanganini bildiradi

TOSHKENT, 12 iyul — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. "Joriy yilning 22 iyunida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan birinchi marta qabul qilingan maxsus "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotini taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" rezolyutsiyasi bu shubhasiz, Markaziy Osiyo uchun tarixiy ahamiyatga ega voqea boʻldi", deb taʼkidladi SMTI direktori Vladimir Norov. 

Siyosatchining aytishicha, ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi Oʻzbekistonning yangi mintaqaviy siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinganini va qoʻllab quvvatlanganini bildiradi.

Ushbu tarixiy hujjatning loyihasi Oʻzbekiston tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, 55ta davlat mazkur rexolyutsiyaning hammualliflari boʻlishdi.

Ushbu tashabbus Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2017 yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

Norovning fikricha, mintaqa davlatlarining barqaror rivojlanishi va xavfsizligi bilan bogʻliq koʻplab savollarning yechimi bevosita Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar darajasi va mintaqaviy hamkorlik samaradorligiga bogʻliq.

"Shu maqsadda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda joylashgan barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va hurmatga asoslangan munosabatlarni rivojlantirish uchun qatʼiy va aniq qadamlarni qoʻymoqda. Oʻzbekistonning mintaqa boʻyicha yangi siyosati bu yerda mavjud va yigʻilib qolgan masalalarni yechishda oʻz vaqtida va samarali javob boʻldi. Bunda mintaqaviy yaqinlik, ishonch va oʻzaro tushunish, muammoli masalalar oqilona kelishuvlar asosida hal etish muhim rol oʻynamoqda", — dedi siyosatchi.

Norovga koʻra, bugungi kunda Markaziy Osiyoda ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama barqaror va samarali hamkorlikni amalga oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud.

Yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishni hamkorlikda yanada rivojlantirish, agrosanoat sektori va turizm sohasini takomillashtirish, iqtisodiyotning real sektoriga yirik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun ulkan salohiyat mavjud.

"Albatta, barchamiz yoʻlning boshida turganimizni anglab yetmoqdamiz, Markaziy Osiyoning xavfsizligi va umumiy farovonligini taʼminlashda oldinda birgalikda katta ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Bu borada "erishilgan marralarda toʻxtab qolmaslik", hamkorlikda oldinga harakat ilish muhimdir", — dedi Norov.

Siyosatchining fikricha, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni ochiqlik, inklyuziv, oʻzaro manfaatli va ishonch ruhida rivojlantirish kerak.

Xususan, transport-kommunikatsiya sohasida oʻzaro bogʻliqlikning yangi nuqtalarini izlashga qaratish, mamlakatlarni rivojlantirish strategiyalarining oʻzaro "kesishish"i uchun harakat qilish masalalariga eʼtibor qaratish lozim.

"Fikrimizcha, ushbu yoʻnalishda, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrta va uzoq istiqbol uchun mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash sohasida aniq maqsad va vazifalarni, shuningdek, ularga erishish yoʻllarini oʻz ichiga olgan umumiy strategik ahamiyatga ega kontseptsiyani ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir", — dedi diplomat va "Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi Yevroosiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlik mustahkam oʻrnatilishida katta ahamiyatga egaligini qoʻshimcha qildi.

Asosiy mavzular