09:44 22 Mart 2019
Efir
  • RUB129.09
  • EUR9488.13
  • USD8378.04

Kreml aloqada: Putinning telefonini eshitish mumkinmi?

© Sputnik / Michael Klimentyev
Siyosat
Havola olish
1502 0 0

Qirol va prezidentlar oʻrtasidagi telefon aloqa qanday tashkillashtirilgan? RIA Novosti ushbu savolga javob topdi

TOSHKENT, 11 dek - Sputnik. Yaqinda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Kerch boʻgʻozida yuz bergan chegara voqeasidan soʻng rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga telefon qilib tusha olmaganidan nolidi. Moskva bu xabarni tasdiqladi: yetakchilar oʻrtasida telefon muloqoti haqiqatdan roʻy bermagan va Kreml tomonidan yaqin vaqtda rejalashtirilmayapti ham.

Bu hodisa sabab, davlat va hukumat rahbarlari oʻrtasida telefon muloqoti qanday oʻtishi, bu muloqotlar qay darajada himoyalangan va xuligan-prankerlar qanday qilib vaqti-vaqti bilan dunyodagi eng muhim shaxslarga telefon qilib tusha olishlari toʻgʻrisida qizgʻin muhokamalar yana avj oldi.

RIA Novosti bu savollarga javob topdi.

Prezidentlar bir-biriga telefon qilib tusha olmasliklari mumkinmi?

Poroshenko Putinga "telefon qilib tusha olmagani" davlatlararo munosabatlar amaliyotida kam boʻlsa-da, uchrab turadi. Bu yerda gap tabiiyki, Ukraina prezidenti raqam tergani emas, balki Rossiya prezidenti goʻshakni koʻtarmagani yoki bosib qoʻygani haqida bormoqda.

Yuqori martabali amaldorlar oʻrtasidagi telefon muloqotlari oldidan qator majburiy boʻlgan jarayonlar amalga oshiriladi va bunday suhbatlarga jonli muzokaralardan kam boʻlmagan darajada tayyorgarlik koʻriladi.

"Telefon orqali muloqot qilish" taklifi qoidaga muvofiq manfaatdor tomondan diplomatik kanallar orqali – TIV yoki uning chet eldagi vakolatxonasi, yaʼni elchixona orqali yuboriladi", - deb hikoya qiladi RIA Novostiga oʻn yil davomida – SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov va Rossiya prezidenti Boris Yeltsin rahbarligida Kreml protokol xizmatini boshqargan Vladimir Shevchenko.

Bunday taklifni bildira turib, aloqa vaqti va suhbat mavzusi koʻrsatiladi. Garchi diplomatik etikada majburiy etib koʻrsatilmagan boʻlsa-da, muhokama qilinishi kutilayotgan taxminiy savollar misol tarzida keltirilishi mumkin.

"Rahbarlarning kotibalari tomonidan beriladigan "Qaysi masala boʻyicha?", - degan savolni protokol xizmatidan eshitmaysiz, bu aniq, deya miyigʻida kuladi Shevchenko va umuman olganda, soʻnggi yillarda diplomatik etika toʻgʻrisidagi tasavvurlar juda oʻzgarganligini taʼkidlaydi.

"Abonent xizmat koʻrsatish doirasidan tashqarida"

Muloqotning nafaqat mavzusi, balki qoʻngʻiroq vaqti ham kelishiladi. Agar taklif etilayotgan vaqt suhbatga chorlanayotgan tomonni qoniqtirmasa, ikkinchi tomon oʻz variantini aytadi. Sabablar turlicha boʻlishi mumkin: grafik tigʻizligi, yetakchining muloqot doirasidan tashqaridaligi, uning salomatligi holati. Lekin aslida bularning barchasi qoʻngʻiroqni boshqa kunga oʻtkazish yoki muloqotdan voz kechish uchun bir sabab boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Aslida, sabablar tushuntirilmagan holda ham “afsuski, muloqot amalga oshirila olmaydi”, deya telefon qoʻngʻirogʻidan voz kechish mumkin.

Vladimir Shevchenkoga koʻra, "xizmat doirasidan tashqarida boʻlgan abonent" aloqada maʼno koʻrmasa, uni behuda va hatto, zararli, deb hisoblasa shunday boʻlishi mumkin. Xususan, Vladimir Putin ham Petr Poroshenkoning saylov kampaniyasida ishtirok etishni xohlamasligini bildirib muloqotni rad etishini maʼlum qilgan edi.

"Telefon muloqotni tasdiqlatish jarayoni bir necha soat emas, balki bir necha kunni olishi mumkin — hammasi muayyan holatga bogʻliq”, — deydi oʻtmishda Rossiyaning Janubiy Koreya, Yaponiya, Norvegiyadagi elchisi, tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari sifatida ishlagan va ayni vaqtda MGIMO diplomatiya kafedrasi mudiri boʻlgan Aleksandr Panov.

"Muayyan holat" — bu davlat rahbarlari ish grafigi zichligi, muloqot boʻyicha kelishmovchiliklarga, shuningdek rahbarlarning shaxsiy munosabatlari: doʻstona-ishonchli, neytral, zoʻrma-zoʻraki yoki hatto dushmanona boʻlishiga bogʻliq.

Shunday boʻlsa-da, Rossiyaning kelishmovchiligi koʻp boʻlgan mamlakat yetakchilari bilan ham muloqotlar muntazam boʻlgan va boʻlib kelmoqda.

Aleksandr Panov va Vladimir Shevchenko ham shuni taʼkidlaydilarki, yuqorida sanab oʻtilgan holatlarning rahbarlar qaynoq liniya rejimida zudlik bilan muloqot qilishlari kerak boʻlgan alohida, favqulodda vaziyatlarga mutlaqo aloqasi yoʻq. Favqulodda holatlarda ular tezda, dastlabki muhokamalarsiz muzokaralarga kirishadilar. Bunday kanal Kreml va Oq uyni, ilgarilari esa – "katta yettilik"”ning barcha yetakchilarini bogʻlab turardi. Bundan tashqari, Moskva va Vashington oʻrtasida matn rejimidagi qaynoq liniya doimo ochiq.

Liniyadagi odamlar

Davlat rahbarlari telefon orqali muloqotni hech qachon bir oʻzlari olib bormaydilar. Hatto ikkala yetakchi ham bir tilda erkin soʻzlasha olsalar-da, protokol har ikkala tomondan tarjimonlar boʻlishini talab etadi.

"Bugungi kunda deyarli barcha rahbarlar tillarni biladilar: Angela Merkel rus tilida gapiradi va tushunadi, Vladimir Putin nemis tilida erkin soʻzlasha oladi va ingliz tili borasidagi bilimlari ham yomon emas. Ammo maysazorda yakkama-yakka suhbatlashish bilan telefon orqali boʻladigan muhim muloqotni solishtirib boʻlmaydi, albatta.

Jumlalarning aniqligiga koʻp narsa bogʻliq: omadsiz jumla, yuzaga kelgan ikki xil maʼnoli gaplar juda yoqimsiz oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin”, - deydi Vladimir Shevchenko.

Tarjimon oʻz rahbarining gaplarini yashin tezligida (odatda sinxron emas, balki ketma-ketlikda) tarjima qilishi, rahbari aytgan gʻaliz jumlalarni toʻgʻirlashi ham kerak boʻladi. Buna u bor masʼuliyatni oʻz gardaniga oladi.

Shu bois davlat rahbarlarining telefon muloqotlarida tarjimonlar roli beqiyosdir.

Bu tsex veteranlarining xotiralariga koʻra, ular uchun Brejnev bilan ishlash oson boʻlgan – u hech qachon ichidan gap toʻqib chiqarmagan, oldindan tayyorlangan matnni oʻqigan, bu matnning bir nusxasi tarjimonda ham boʻlgan.

Agar Rossiya prezidenti muloqotni Kremldan yoki podmoskovyedagi qarorgohidan olib borsa, tarjimon odatda oʻz ish kabinetida - TIV binosida oʻtiradi. Liniyada boshqa shaxslar — aloqa sifati va uzluksizligiga javobgar texnik mutaxassislar, xavfsizlik xizmati zobitlari boʻlishi mumkin.

Apparat ortidagi kim?

Ilk telefon qoʻngʻirogʻi 1876 yilning 10 mart sanasida Buyuk Britaniyada aloqaning bu turi kashfiyotchisi Aleksandr Bell va uning yordamchisi Tomas Vatson oʻrtasida boʻlib oʻtgan boʻlsa, oʻsha vaqtdan buyon telefoniya xizmati shu turda uzatiladigan axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan ham takomillashtirilib kelingan.

Rossiyaga telefonlar 19 asr oxirida kirib kelgan. 1881 yilda Gatchinsk saroyida ilk "shohona" apparatlar oʻrnatilgan, kelgusi yilda Qishki saroy ham telefoniyalashtirilgan.

Oktyabr inqilobidan keyin lenin hukumati Petrograddan Moskvaga koʻchib oʻtgan va 1918 yilda Kreml 100ta raqamga ega kommutator bilan jihozlangan.

Uzoq vaqtlargacha davlatning yuqori martabali shaxslari oddiy kishilar singari oddiy apparatlardan foydalanganlar. Tabiiyki bunday aloqa hech qanday muhofazaga ega boʻlmagan, suhbatlar esa qoidaga muvofiq eshitib borilgan – ayniqsa hukumat idoralarida.

Qirol davrida "tinglash" bilan rasman saroy politsiyasi xodimlari shugʻullangan boʻlsalar, sovet davrida – maxsus xizmatlar va ulargina emas. Xususan, Iosif Stalinning kotibi Boris Bajanov kunlarning birida oʻz rahbarini kreml abonentlari suhbatlarini tinglayotgan vaqtida koʻrib qolganini esga olgan. Bu 1923 yilda Lenin hayotligida roʻy bergan. 1930-yillarda Stalin oddiy shahar raqamiga ega boʻlgan va unga istalgan kishi telefon qilib tushishi mumkin boʻlgan. Adashib tushganlar ham boʻlib turgan.

Sal keyinchalik hukumatga qarashli ATS-1 va ATS-2lar, "kremlevka", "vertushka", va maxsus himoyalangan kanallar paydo boʻlgan...

Hozirda davlat rahbarlari va hukumat foydalanadigan aloqa liniyalari moslamalari suhbatni tinglashga va unga aralashishga yoʻl qoʻymaydigan koʻpbosqichli himoyaga ega.

Bunda ovoz yetkazuvchi analog signal raqamliga aylanib, murakkab kriptografik kalit koʻrinishini oladi va seans vaqtida bir necha marotaba va turli vaqtlarda boshqasiga oʻzgaradi. Barcha kalitlar tasodifiy raqamlar uslubi orqali kompyuterlar bilan generatsiya qilinadi, qolaversa terish algoritmi ham "harakat" davomida oʻzgaradi.

Signal jiddiy himoyalangan aloqa tarmogʻidan chiqaverishda shifrlanadi va aloqaning narigi tomonida rasshifrovka qilinali. Agar liniyaga sanktsiyalanmagan ulanish sodir boʻlsa, seans avtomatik ravishda uziladi.

"Bunday sharoitlarda liniyaning narigi tomonida apparat oldida kim ekanligini qoʻshimcha ravishda tekshirishga hojat yoʻq, - maxsus aloqaga kirish sanoqli odamlargina ega", - deydi Aleksandr Panov.

Yovuz niyatlilar va hazilkashlar

Jiddiy himoya choralariga qaramay, vaqti-vaqti bilan janjallar yuzaga kelib turadi.

2015 yilda WikiLeaks ommaga eʼlon qilgan hujjatlardagi maʼlumotlarga koʻra, AQSH Milliy xavfsizlik agentligi Yevropa davlatlari rahbarlari telefon muloqotlarini muntazam ravishda eshitib borgan.

Xususan, Germaniya federal kantsleri va Frantsiya  prezidentlari telefon muloqotlarini.

Ikki yil oldin amerika maxsus xizmatlari sobiq xodimi Edvard Snouden ham bu haqda xabar qilgan. AQShning sobiq prezidenti Barak Obama har gal ittifoqdosh davlatlar yetakchilari ortidan kuzatish amaliyotiga nuqta qoʻyilganini aytib, ishontirgan.

Bu kabi holatlar rahbarar himoyalanmagan yoki yomon himoyalangan kanallardan, yoxud eskirib qolgan, yaʼni buzgʻunchilar tera oladigan doimiy kalitlar qoʻllaniladigan himoya tizimidan foydalanganlarida yuzaga kelishi mumkin. Kreml aloqachilari tomonidan qoʻllaniladigan kriptografik kalitni buzish uchun bir yarim yil kerak boʻladi, bu kalit esa atigi bir necha daqiqa amal qiladi va shundan soʻng yangisiga almashtiriladi.

"Rossiya prezidenti telefon muloqotlaridagi himoyani buzish va eshitishning bugun imkoni yoʻq”, - deydi ishonch bilan Vladimir Shevchenko.

Rossiya prezidentiga telefon xuliganlari ham hazil qila olmaydi. Bu borada uning chet eldagi hamkasblari istisno, albatta.

2005 yil oxirida ispan radiostantsiyasi Boliviyaning yangi saylangan prezidenti Evo Morales ustidan hazil qilgan edi. Pranker oʻzini Ispaniya bosh vaziri Xosu Luis Rodriges Sapareto etib tanishtirib, prezidentni saylovdagi gʻalabasi bilan tabriklagan.

2008-yilda bir juft kanadalik kulgu ustalari AQShning Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzodi Sara Peylin ustidan hazil qilishgandi. Qoʻngʻiroq qilgan shaxs Frantsiya prezidenti Nikolya Sarkozi etib oʻzini tanishtirgan va respublikachilarning saylovoldi dasturlari, shuningdek, Sarkozining xotini Karla Brunini muhokama qilishgan edi.

Rossiya yetakchisida bunday hodisalar roʻy berishi mumkin emas, chunki TIV va Kreml maʼmuriyati prezidentga boʻlgan qoʻngʻiroqlarni ishonchli filtrlaydi, deb tushuntiradi Shevchenko.

Lekin bu vaziyatning aksi roʻy berishi mumkin – prankerlardan biri Kremldan qoʻngʻiroqni imitatsiya qilishi ehtimoli mavjud. Shevchenkoning fikricha, Vladimir Putinning jahondagi mashhurligi bunga sababdir.

Rossiyalik prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) xuddi shunday qilishgan, ular Putin nomidan britaniyalik qoʻshiqchi Elton Jonga Rossiyadagi LGBT-hamjamiyati muammolarini muhokama qilish uchun qoʻngʻiroq qilishgan. Yigitlarning bu qilmishi uchun Putinning oʻzi kechirim soʻragan, u Elton Jon bilan "rostakamiga" telefonlashgan.

Vovan va Leksus davlat rahbarlari bilan ham hazillashib, ularni chuv tushirishgan. Masalan, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni.

Asosiy mavzular