11:41 30 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Siyosat
Havola olish
Oʻzbekiston va YEOII – integratsiya istiqbollari (51)
33410

Barcha siyosiy partiyalar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi. YEOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga taʼsirini chuqur tahlil qilish, istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligini oʻrganish guruhning asosiy vazifasi etib belgilandi.

TOSHKENT, 26 mar — Sputnik. Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi yigʻilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik bilan bogʻliq masala koʻrib chiqildi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga koʻra, quyi palatadagi barcha siyosiy partiyalar fraktsiyalari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Unga Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov rahbar etib tasdiqlandi.

YEOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga taʼsirini chuqur tahlil qilish, qisqa, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligini oʻrganish, hamkorlikning har bir iqtisodiyot tarmogʻiga taʼsiri boʻyicha ijobiy va salbiy taʼsir yoʻnalishlarini aniq yoritib berish ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shuningdek, ishchi guruh boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik istiqbollari bilan oʻzaro bogʻliqligini har tomonlama koʻrib chiqadi.

Shu bilan birgalikda, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik masalasini oʻrganish boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.

Unda, jumladan, ushbu masalani siyosiy partiyalar fraktsiyalari, qoʻmitalar yigʻilishlarida muhokama qilish, shuningdek, yetakchi ekspertlar ishtirokida turkum davra suhbatlari, seminarlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Tadbirlar doirasida fuqarolar va biznes-hamjamiyat oʻrtasida sotsiologik soʻrovlar oʻtkaziladi. Bir nechta vazirlar, shu jumladan, Tashqi ishlar hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirlarining tegishli axborotlarini Qonunchilik palatasida eshitish koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston hukumati mamlakatning YEOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilishiga doir taklifni maʼqullagan edi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi 2014 yilda Rossiya, Belarus va Qozogʻiston oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Shuningdek, bu Ittifoqqa 2015 yilda Armaniston va Qirgʻiziston aʼzo boʻlib kirgan, 2018 yildan eʼtiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega.

Tashkilotning maqsadi — aʼzo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlaninsh uchun sharoitlar yaratish, YEOII doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va oʻzaro kooperatsiya rivojlantirishdir.

Mavzu:
Oʻzbekiston va YEOII – integratsiya istiqbollari (51)

Asosiy mavzular