23:07 26 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Siyosat
Havola olish
54610

Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda boʻlishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz boʻlishi shart, – dedi Oʻzbekiston prezidenti

TOSHKENT, 18 iyul - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi videoselektor yigʻilishi davomida koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga alohida toʻxtalib, vaziyat hamon jiddiyligicha qolayotganini, shu bois hech qaysi hudud rahbari "bizda ahvol yaxshi", deb, xotirjamlikka berilishga haqqi yoʻqligini qatʼiy taʼkidladi.

17 iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 15,6 mingdan oshgan, shundan 9 mingdan ortiq kishi sogʻaygan. Virus tufayli qariyb 80 nafar fuqaro vafot etgan.

"Vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Shuning uchun hech qaysi hudud rahbari bizda ahvol yaxshi, deb, xotirjamlikka berilishga haqqi yoʻq. Hamma joyda kamchiliklar bor. Eng asosiy vazifa – ularni vaqtida aniqlab, xolis baho berib, tezda tugatish chorasini koʻrishdan iborat. Bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap aynan mana shu koronavirus haqida aytilgan. Agar biz bu xatarga beparvo, begʻam boʻlsak, minglab odamlarning sogʻligʻi va taqdirini xavf ostiga qoʻyamiz, vaziyatimiz yanayam ogʻirlashadi. Eng qoʻrqinchlisi, oʻlim soni keskin koʻpayadi", - deb qayd etgan Mirziyoyev.

Davlat rahbari pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi haqida gapirar ekan, eng kuchli, eng taʼsirchan vositalarni ishga solish zarurligini taʼkidladi.

"Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda boʻlishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz boʻlishi shart. Faqat tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilangina biz bu ofatga qarshi kurasha olamiz", - dedi Mirziyoyev.

Bu borada eng katta masʼuliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib oʻtildi.

Buning uchun ularda oʻz hududlaridagi mavjud vaziyat haqida toʻliq va haqqoniy maʼlumotlar boʻlishi, ular har kuni, har soatda yangilanib borishi kerakligi taʼkidlandi.

Prezident videoselektor yigʻilishida yana bir bor xalqqa murojaat qildi.

"Har birimiz oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimizning sogʻligʻi va taqdiri uchun avvalo oʻzimiz masʼul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim. Shu munosabat bilan xalq vakillari boʻlgan deputatlarimizdan, ijodkor ziyolilarimiz, hurmatli jurnalistlarimiz, mahalla faollaridan iltimos qilaman: pandemiya davrida har bir odamning shaxsiy masʼuliyati haqidagi targʻibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak. Biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam oʻzidagi beparvolikni yengsa, oʻzi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga masʼuliyat bilan qaraydigan boʻlsa. Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchim komil, bugungi vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib oʻtamiz, – deya taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib oʻtamiz, 15 iyul kuni Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar qattiq tanqid qilinib, aniq vazifalar belgilangan edi. Prezident matbuot-xizmatining xabar berishicha, koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar boʻyicha Toshkent shahri hokimi, Bosh prokuror va boshqa mutasaddi rahbarlar hisobot bergan.

Asosiy mavzular