12:36 03 Mart 2021
Efir
  • RUB141.85
  • EUR12661.56
  • USD10517.12
Siyosat
Havola olish
36620

Prezident rahbarligidagi yigʻilishda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ishini tanqidiy oʻrganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi.

TOSHKENT, 19 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

"Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev yigʻilishda. – Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat. Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan", – dedi Mirziyoyev.

Maʼlumki, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar toʻqnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy oʻzlik va maʼnaviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat oʻzini oʻylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, isteʼmolchilik kayfiyati turli yoʻllar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilyapti.

Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Baʼzi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda.

Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh boʻlib, xalq tinchligi, mamlakat manfaatlarini oʻylab yashash zarur.

Davlat rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini taʼkidladi.

Yigʻilishda qayd etilganidek, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni ilmiy asosda tahlil qilishni davrning oʻzi talab etmoqda. Jamiyatda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar shunday asosda yoʻlga qoʻyilmagani uchun ham kutilgan natijani bermayapti.

Shuning uchun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ishini tanqidiy oʻrganib chiqib, faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi aytildi.

Prezident ushbu markazning "Maʼnaviyat targʻibotchisi" oʻquv muassasasi negizida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifini bildirdi.

Yigʻilishda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari belgilandi.

 

Asosiy mavzular