05:11 07 Mart 2021
Efir
  • RUB141.85
  • EUR12661.56
  • USD10517.12
Siyosat
Havola olish
253 0 0

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Botir Zaripov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

TOSHKENT, 22 yanv — Sputnik. Buxoro shahrida Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil noyabr oyidan buyon Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Botir Komilovich Zaripov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

“Viloyatni boshqarish, odamlarni safarbar qilish oson ish emas. Buni Zaripovning oʻziyam tushunyapti. Men uni turli lavozimlarda sinaganman, oxirgi uch oyda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlar ham sinadingiz. Buxoroning suvini ichib, changini yutib ulgʻaygan yigit viloyat sharoitini yaxshi biladi. Eng muhimi, buxoroliklarni yaxshi koʻradi,” - dedi Shavkat Mirziyoyev.

B.Zaripov 1969 yilda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016-2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan.

Xalq deputatlari, oqsoqollar soʻzga chiqib, nomzodni qoʻllab-quvvatladi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Botir Zaripov Buxoro viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

“Buxoroi sharifdek joyga, uning buyuk xalqiga rahbar boʻlish hammaga ham nasib etmaydi. Ana shu ishonch doim qulogʻingiz ostida tursin. Kunlar, yillar shiddat bilan oʻtadi. Agar buxoroliklar “viloyatimizga toʻgʻri kadr kelgan ekan”, deb rozi boʻlsa, men ham oʻzimni baxtiyor sezaman,” – dedi prezident.

Shuningdek, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimiga Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov, Buxoro viloyatining prokurori vazifasiga Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari boʻlgan Mahmud Istamov hamda Vobkent tumani hokimi lavozimiga Farhod Umarov tayinlangani maʼlum qilindi.

Asosiy mavzular