22:31 28 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Jamiyat
Havola olish
513 0 0

Yoshlar haftaligi doirasida Oʻzbekistonda beshta oliy taʼlim muassasasining iqtidorli talabalari oʻrtasida "Tafakkur sinovlari" tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan

TOSHKENT, 13 dek — Sputnik. Toshkentda "Ertangi kun bizniki, marra bizniki!" shiori ostida yoshlar haftaligi boshlandi, deb xabar qilingan Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida.

Mazkur festivalda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, "Nihol" mukofoti sovrindorlari, xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, sport musobaqalari gʻoliblari, sanʼat va madaniyat namoyandalari, taniqli ilm-fan arboblari, xorijiy ekspertlar ishtirok etishmoqda. Festival "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan.

"Ertangi kun bizniki, marra bizniki!" shiori ostidagi anʼanaviy Yoshlar haftaligi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga koʻmaklashish, eng iqtidorli yigit-qizlarni saralash, ularni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilmoqda", — deb taʼkidlangan xabarda.

Haftalik doirasida Talabalar teatr studiyalari festivali oʻtkaziladi. Unda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining Nukus filiali, Navoiy davlat konchilik instituti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti talabalarining teatr jamoalari milliy va jahon adabiyoti asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllarni namoyish etadi. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida tashkil etiladigan spektakllar namoyishiga yosh tomoshabinlar baho beradi. Festivalning eng sara asari Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida namoyish etiladi.

Yoshlar haftaligi doirasida mamlakatimizdagi beshta oliy taʼlim muassasasining iqtidorli talabalari oʻrtasida "Tafakkur sinovlari" tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtadi.

Haftalikning loyihalaridan yana biri Oʻzbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, tuman va shaharlarning sayyohlik salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan "Yangi nigoh" videoroliklar tanlovi sovrindorlarini taqdirlash marosimidir.

Mazkur tanlovga turli yoʻnalishlar boʻyicha 500 dan ortiq ijodiy ish kelib tushgan. Foliblar haftalik davomida internet foydalanuvchilari tomonidan ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi.

Haftalik doirasida kinematografiya sohasida yosh isteʼdodlarni izlab topish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari “PROlogue” festivali tashkil etilmoqda. Ushbu tanlovga yuzga yaqin havaskor va professional kinoijodkor oʻz ijod namunalarini taqdim etgan.

Moda va dizayn festivali – haftalikning eng yorqin loyihasidir. Ushbu festival anʼanaviy modalar haftaliklaridan tubdan farq qilib, uning doirasida "Moda laboratoriyasi" namoyishi, milliy liboslar va zamonaviy modelyerlar defilesi, yosh hunarmand va rassomlar koʻrgazmalari, mahorat darslari tashkil etiladi.

Haftalik davomida "Quvnoqlar va zukkolar" koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi oʻtkaziladi. Tanlovda Samarqand davlat universiteti, Andijon qishloq xoʻjaligi instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti jamoalari bahslashadi.

Haftalikda "MIT.uz" loyihasi doirasida axborot-texnologiyalari sohasida, xususan, internet tarmogʻida milliy sigmentni rivojlantirish borasida izlanishlar olib borayotgan yosh dasturchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tanlov sovrindorlarini taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.

"Turkiston" saroyida "Oʻzbekiston belgisi" koʻkrak nishoni sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.

Teglar:
Oʻzbekiston belgisi, moda laboratoriyasi, taqdirlash, tafakkur sinovlari, festival, talabalar, yoshlar haftaligi, yoshlar siyosati, yoshlar

Asosiy mavzular