07:28 26 Yanvar 2020
Efir
  • RUB155.06
  • EUR10585.77
  • USD9547.05
Jamiyat
Havola olish
105 0 0

Anonim soʻrovnoma asosida bayon etilgan maʼlumotlar qonunni qoʻllash amaliyotida mavjud vaziyatni tanqidiy baholash uchun jiddiy signal hisoblanadi.

TOSHKENT, 4 fevr – Sputnik. Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi anonim soʻrovnoma natijasida eʼlon qilingan raqamlar jiddiy shubha uygʻotadi, deb maʼlum qildi.

Joriy yilning 28 yanvar kuni Oʻzbekiston advokatlar Palatasi rasmiy saytida advokatlar faoliyatiga tazyiq oʻtkazish va qonunbuzilishi holatlari yuzasidan oʻtkazilgan anonim soʻrovnoma natijalari eʼlon qilinib, xususan, kasbiy faoliyati davomida advokatlarning huquqlari surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar tomonidan muntazam buzilayotganligi haqida tahliliy maʼlumotlar bayon qilingan. Soʻrovda 3553 nafar advokat, yaʼni respublikada faoliyat yuritayotgan advokatlarning 91% ishtirok etgan, deb qayd etilgan.

Bosh prokuratura bergan rasmiy bayonotda keltirilishicha, oʻtkazilgan anonim soʻrovnoma natijalarida advokatlarga himoya ostidagi shaxs bilan uchrashishga toʻsqinlik qilinishi holatlari surishtiruv jarayonida 461 tani, tergov davomida esa 328 tani tashkil etadi, deb koʻrsatilgan.

“Vaholanki, amaldagi qonunchilikka binoan, advokat surishtiruv yoki tergov jarayonida himoya ostidagi shaxs bilan jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning ruxsatisiz, uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda holi uchrashishga haqli”, - deyiladi xabarda.

Shuningdek, Oʻzbekiston IIV JIEBBning rasmiy maʼlumotlariga binoan, oʻtgan 2018 yilning oʻzida tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarida advokatlarning oʻz himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashuvlari soni 29 766 tani tashkil etgan. Shuningdek, har qanday tazyiq holatlarining oldini olish maqsadida tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.

Shuningdek, anonim soʻrovnoma natijalarida himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashish uchun maxsus xonalar mavjud emasligi yuzasidan 597 ta advokat eʼtirozi qayd etilgan boʻlsada, amalda respublikaning tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarining har birida maxsus advokat xonalari (32 ta muassasada – 69 ta advokat xonasi) ajratilgan.

Xabarda yozilishicha, anonim soʻrovnoma natijalarida tergov organlari xodimlari tomonidan advokatga nisbatan haqoratli, kamsitadigan munosabatda boʻlish holatlari 209 tani tashkil etadi, deb koʻrsatilgan.

“Oʻtgan 2018 yilda respublika miqyosida prokuratura organlariga advokatlardan oʻziga nisbatan haqoratli va kamsituvchi munosabatda boʻlinganligi holati yuzasidan 2 ta murojaat kelib tushgan va qonuniy tartibda koʻrib chiqilgan”, - deb aniqlik kiritadi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Shuningdek, anonim soʻrovnomada ishtirok etgan advokatlar tomonidan advokatga nisbatan jismoniy ziyon keltirish toʻgʻrisida tahdid qilishning 208 holati mavjud, deb qayd etilgan boʻlsada, 2018 yil davomida prokuratura va ichki ishlar organlariga bunday mazmundagi bironta ham rasmiy murojaat kelib tushmagan.

Shu bilan birga mazkur soʻrovnoma asosida bayon etilgan maʼlumotlar qonunni qoʻllash amaliyotida mavjud vaziyatni tanqidiy baholash uchun jiddiy signal hisoblanishi qayd etilgan.

Asosiy mavzular