10:33 24 Fevral 2020
Efir
  • RUB150.07
  • EUR10319.35
  • USD9528.49
Jamiyat
Havola olish
250 0 0

Oʻzbekistonda ichki ishlar organlari tomonidan qator holatlarda transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin.

TOSHKENT, 14 may - Sputnik. Adliya vazirligi ichki ishlar organlari tomonidan transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin boʻlgan holatlarga oid eslatma bilan chiqdi.

Ichki ishlar organlari tomonidan quyidagi holatlarda transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin:

• tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi boʻlgan yoxud ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transportlar boshqarilganda;

• foydalanish man etilgan transport vositalari, shuningdek davlat raqami oʻzboshimchalik bilan yechib olingan transportlar boshqarilganda;

• davlat raqami yasama yoki oʻzgartirilgan transport vositalari, shuningdek davlat raqami shu transport vositasiga tegishli boʻlmagan transport boshqarilganda;

• ruxsatnomasiz ogʻir vaznli, yirik gabaritli, xavfli yuklarni tashish va yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit oʻlchamlari belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transportlarda yoʻlga chiqilganda, xuddi shuningdek ruxsatnomada koʻrsatilgan harakat yoʻnalishidan chetga chiqilganda;

• koʻzgusimon va (yoki) tusi oʻzgartirilgan oynali transport vositalaridan, haydovchining oʻrnidan tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transportlardan foydalanilganda;

• ruxsat olmasdan transportlarga tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalar oʻrnatilganda, shuningdek, davlat raqamini koʻrish imkoniyatini cheklaydigan ashyolar oʻrnatilganda va qoplama surtilganda;

• toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalari buzilganda (agar transport vositasining haydovchisi boʻlmasa va toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarining buzilishi yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga xalaqit bersa);

• transport alkogolli ichimlikdan, giyovand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda boshqarilganda;

• alkogolli ichimlikdan, giyovand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarish topshirilganda;

• transportni boshqarish, unga egalik qilish, undan foydalanish, tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi, roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi hujjatlari, sugʻurta polisi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa litsenziya kartochkasi yoki yoʻl varaqasi yonida boʻlmagan haydovchilar transportni boshqarganida, shuningdek ishonchnomalarni, transportni boshqa shaxsga oʻtkazish va ijaraga berish shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazmasdan transport boshqarilganida;

• transportni boshqarish huquqi boʻlmagan shaxslarning transportni boshqarganida, shuningdek boshqarish huquqi boʻlmagan shaxsga transport vositalarini boshqarish topshirilganda;

• transportni boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar transportni boshqarganida;

• majburiy sugʻurta boʻyicha majburiyat bajarilmaganida;

• sugʻurta polislarida belgilanmagan davrda hamda sugʻurta polislaridagi shartlarni buzgan holda transport boshqarilganda;

• haydovchilar alkogolli ichimlikdan, giyovand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mastlik yoki mast emaslikni aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlaganda hamda mazkur huquqbuzarlik transportni boshqarish huquqi boʻlmagan shaxs tomonidan sodir etilganda;

• yoʻl-transport hodisasi qatnashchilari hodisa yuz bergan joydan ketib qolganida;

• yoʻlovchilar litsenziyasiz tashilganda;

• haydovchilar militsiya xodimining transportni toʻxtatish, jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaganda;

• qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilganda transport vositasi (jarima solish haqidagi qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran oltmish kun oʻtgach) jarima toʻlangunga qadar ushlab turiladi.

Asosiy mavzular