07:53 09 Dekabr 2019
Efir
  • RUB147.79
  • EUR10476.36
  • USD9510.99
Bronetrasporter

Oʻzi otar avtomat, suv ostida yuruvchi robot: oʻzbek harbiylarining yangi ixtirolari - video

Ministerstvo oboronы Uzbekistana
Jamiyat
Havola olish
292 0 0

“Chirchiq” poligonida “Techno Discovery-2019” festivali oʻtkazildi.

TOSHKENT, 27 may – Sputnik. Mudofaa vazirligi qoʻshinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va ratsionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida 25-26 may kunlari “Hech bir ijobiy gʻoya eʼtibordan chetda qolmaydi” shiori ostida “Techno Discovery-2019” festivali oʻtkazildi. 

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida oʻtkazilgan festival doirasida namoyish etilgan ixtirolarni mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazirlik mutasaddilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, shuningdek, barcha harbiy okruglar qoʻmondonlari bevosita koʻzdan kechirdi.

Oʻzbekiston armiyasida birinchi bor oʻtkazilayotgan bu turdagi keng koʻlamli festivalda uch yuzdan ortiq harbiy xizmatchilar oʻzlarining yangicha yondoshuvlari asosida yaratgan ixtirolari, mavjud texnikalarga kiritgan oʻzgartirish va qoʻshimchalari, uzoq yillardan buyon foydalanilmasdan kelayotgan qurilmalarni zamon talablariga moslashtirgani bilan alohida ajralib turdi.

Xusasan, maxsus tadbirlar oʻtkaziluvchi joylarda vujudga kelayotgan vaziyatlar haqida maʼlumotlar yigʻish va ularni qayta ishlash, boshqaruvni tashkillashtirish maqsadida qoʻmondonlik va tezkor shtab ishini amalga oshirish uchun moʻljallangan oʻzgaruvchan hajmga ega mobil qoʻmondonlik-shtab punkti koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.

“KamAZ” yuk mashinasining bazasiga oʻrnatilgan ushbu punktni yaratishga 400 million soʻmga yaqin mablagʻ sarflangan boʻlib, bir yoki ikki kishi uni toʻliq ish jarayoniga tayyorlashiga 10 daqiqa sarflaydi. Uning yordamida videokonferentsiyalarni ham hech qanday qiyinchiliksiz amalga oshirish mumkin. Ayni vaqtda mazkur mobil punktlar Mudofaa vazirligi tashkilotlarida ishlab chiqish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Festivalning yana bir koʻzga koʻringan loyihalaridan biri bu — desantchining oʻquv-mashgʻulot kompleksi. Mazkur kompleks shaxsiy tarkibni parashyutdan sakrashga mukammal va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlashga moʻljllangan. Uning yordamida desantchining uchish apparatidan sakraganidan boshlab bajaradigan barcha amaliy harakatlarini yerning oʻzida toʻliq sinab koʻrish mumkin. Bundan tashqari “UTKD-1” qurilmasi vizualizatsiya tizimi bilan jihozlangan boʻlib, undagi maxsus dasturiy taʼminotga ega dasturiy-apparat moduli yordamida virtual reallik hosil qilinadi. 

Festivalda harbiy-texnik sohaga oid ishlanmalardan tashqari hayotning barcha jabhalarida foydalanish uchun moʻljallangan innovatsion loyihalar ham ishtirok etdi.

Jumladan, suv ostida mustaqil harakatlanuvchi robot, 3D model orqali robot harakati dasturini avtomatik yaratish tizimi, odamning yuz qiyofasini tanish orqali u haqida maʼlumot berish dasturi, zararlangan hududlardan turli namunalarni olib keluvchi robot va boshqa koʻplab shu turdagi ixtirolar yigʻilganlarning qiziqishini yanada orttirdi.

Festival yakunida general-mayor Bahodir Qurbonov Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faollariga “Namunali xizmati uchun” koʻkrak nishonlarini, festivalni tashkil etishda jonbozlik koʻrsatgan hamda oʻzining ratsionalizatorlik ishlari bilan koʻpchilikning diqqatini tortgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovgʻalarini topshirdi. Harbiy okruglar hamda harbiy qismlar qoʻmondonliklari mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar bilan taqdirlandi.

Asosiy mavzular