07:35 08 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
301 0 0

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

TOSHKENT, 6 sen – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 sentyabr kuni qishloq xoʻjaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Yigʻilishda mazkur strategiyani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Bunda, avvalo, qishloq xoʻjaligi yerlarining aniq hisobini yuritish, ulardan foydalanishni takomillashtirish lozimligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, “Yergeodezkadastr” qoʻmitasiga 2021 yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida yerni hisobga olish ishlarini yakunlash, yer hisobini yuritish boʻyicha yagona elektron bazani yaratish topshirildi.

Qayd etilganidek, unumdorlikni oshirishga, koʻp yillik mevalar yetishtirishga intilishi uchun yer egalarining ertangi kunga toʻla ishonchi boʻlishi kerak. Shu bois prezident qonunchilikni qayta koʻrib chiqib, yer ajratishning shaffof tizimi va yerga boʻlgan huquqning kafolatlanishini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.

Qishloq xoʻjaligida suvdan toʻgʻri foydalanish ham juda muhim masala. Tahlillarga koʻra, yurtimizda ekin maydonlariga milliardlab kub metr suv yoʻnaltirilsa-da, uning faqat 60 foizi ekinlarga yetib boradi, 40 foizi sugʻorish tizimlarida va sugʻorish jarayonida yoʻqotiladi.

Jahon suv resurslari instituti tahminlariga koʻra, 2040 yilga borib Oʻzbekiston suv oʻta tanqis boʻlgan 33 mamlakat qatoridan joy olishi mumkin.

Shu bois davlat rahbari bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va uning hisobini yuritish, har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib borish zarurligini taʼkidladi. Ushbu yoʻnalishlar ishlab chiqilayotgan strategiyada oʻz aksini topishi kerakligi aytildi. 

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilinar ekan, byudjet mablagʻlarining asosiy qismini yerlarning unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ilm-fanni rivojlantirishga sarflash lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Sohaning eksport salohiyatini oshirish va qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi jahon tajribasi tahlil qilindi.

Yigʻilishda mutasaddilarga mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyo va arab mamlakatlari standartlari asosida sertifikatlash tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bu borada tomorqa xoʻjaliklari ham katta rezerv ekani, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida joylarda logistika xizmati va kooperatsiya tizimini keng joriy qilish lozimligi qayd etildi. 

Xizmat koʻrsatish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, bu tizimda raqobat yoʻqligi sababli xizmatlar narxi yuqori, mahsulot ishlab chiqaruvchining tanlash imkoniyati yoʻq.

Shuning uchun mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish, oʻsimliklarni himoya qilish, texnika va boshqa xizmatlar sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat turlarini koʻpaytirish, xususiy korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. 

Joriy yilda boshlangan yerni kosmik zondlash orqali tuproq va ekinlarning haqiqiy holatini tezkor va ishonchli baholash ishlarini 2020 yil yakuniga qadar toʻliq oxiriga yetkazish darkor. Bu tizim vegetatsiya jarayoni, tuproqning meliorativ holati va minerallashuv miqdori, namlik darajasi haqida toʻliq maʼlumotlarni berib, hosildorlikni 25-30 foizga oshirish imkonini beradi.  

Mutasaddilarga ekinlarni joylashtirishdan tortib, sotuvgacha boʻlgan jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.  

Yuqoridagi vazifalar bajarilishini samarali tashkil etish uchun eng avvalo malakali kadrlar kerak. Xalqaro tajriba asosida sohaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlarida oʻqitishning yangi metodikasini tatbiq etish, professor-oʻqituvchilar ishtirokida sayyor oʻquv darslari hamda seminarlar tashkil etish muhimligi qayd etildi. 

Ilmiy-tadqiqot institutlarida ertapishar mahsulot turlari va hududlar iqlimiga mos chorva zotlarini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi. 

Asosiy mavzular