08:37 27 Fevral 2020
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10329.35
  • USD9526.28
Jamiyat
Havola olish
136430

Shavkat Mirziyoyev Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirildi. Yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi.

TOSHKENT, 12 fev – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Prezident mahalla tizimidan xalq ham, davlat ham toʻla rozi emasligini, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar koʻpligini taʼkidladi. 

Xususan, mahallalarda 18 mingdan ortiq xodim faoliyat koʻrsatib kelayotgan boʻlsa-da, ularning ishi samarali tashkil etilmagan. Oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi holatlarning oldini olish boʻyicha tizim yoʻlga qoʻyilmagan. Oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar koʻpaygan. Shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida oʻz joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli.

Yigʻilishda oilaviy ajrimlar, yoshlar salomatligi, erta tugʻruqlar, maʼnaviy-axloqiy tarbiya bilan bogʻliq muammolar koʻrsatib oʻtildi. 

““Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu gʻoya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi ogʻriqli holatlarni kamaytirib boʻlmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, koʻpni koʻrgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solishga qodir,” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda mahallalarning oʻzida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qoʻllab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Masalan, bugungi kunda 1 ming 234 ta fuqarolar yigʻini turli tashkilotlar yoki tadbirkorlarga tegishli binolarda joylashgan. Yana mingdan ziyodi ijtimoiy muassasalarda, 78 tasi qoʻshni mahalla yigʻinlari binolarida faoliyat koʻrsatmoqda, 48 ta mahalla binosi avariya holatida. Mahalla binolari uchun kommunal toʻlovlarni toʻlash boʻyicha maqbul va yagona tartib ishlab chiqilmagan.

Mahalla tizimida kadrlar qoʻnimsizligi odatiy holga aylangan. Mahalla xodimlarini ularga bogʻliq boʻlmagan ishlar, yigʻilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlangan boʻlsa-da, bu borada sezilarli oʻzgarish boʻlmayapti.

Mahalla fuqarolar yigʻinlari zimmasiga 200 dan ortiq vazifa yuklangan. Lekin bor-yoʻgʻi 2 ta shtat birligi bilan shuncha vazifani bajarish mumkinmi, deb oʻylab koʻrilmagan. Hech bir hokim yoki kengash mahallalar faoliyatining samaradorligini oshirish masalasini muhokama qilmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yaqinda yoʻllagan Murojaatnomasida mahalla tizimini oʻzgartirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etish zarurligi toʻgʻrisida fikr bildirgan edi.

Videoselektor yigʻilishida ana shu tamoyilni amalga oshirish, mahalla tizimini isloh etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Davlat rahbari mahallalarda toʻplanib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yoʻlida barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish shartligini taʼkidladi. Ushbu ulkan sohaga masʼul alohida davlat idorasi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirildi.

Qayd etilganidek, yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi va ularning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yoʻlida faoliyat koʻrsatishlarini taʼminlaydi.

Vazirning birinchi oʻrinbosari oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalarga masʼul etib belgilanadi. Vazirning yana bir oʻrinbosari keksalarni ijtimoiy ragʻbatlantirish, yoshlarda vatanparvarlikni mustahkamlash masalalari bilan shugʻullanadi. Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tomorqa va obodonlashtirish, ekologiya, bandlikka koʻmaklashish masalalariga masʼul oʻrinbosar lavozimi joriy etiladi.

Vazir – “Mahalla” jamgʻarmasiga, vazirning birinchi oʻrinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash” jamoat fondiga, Keksalar va faxriylar boʻyicha oʻrinbosar “Nuroniy” jamgʻarmasiga raislikni ham bajaradi.

Vazirlikning hududiy boshqarma va boʻlimlari boshliqlari hokim oʻrinbosari hisoblanadi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi hududlardagi ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari darajasiga koʻtariladi. Mahalla va oila masalalari vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi.

Yangi tuzilmada xotin-qizlar bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu vaqtga qadar xotin-qizlar qoʻmitalarida, mahallalarda mehnat qilib kelgan ayollar tuzilmada faoliyatini davom ettiradi, ularning mavqei, moddiy shart-sharoitlari va ish haqi ham sezilarli oshiriladi.

   

Asosiy mavzular