07:09 26 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
232 0 0

Shavkat Mirziyoyev xalq taʼlimi tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Unda pedagog kadrlarning bilim va malakasini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

TOSHKENT, 3 mar — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev xalq taʼlimi tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Yigʻilishda yangi turdagi maktablarni barpo etish, avvalgilarini bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirish, oʻqituvchilarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, hozirgi kunda 9 ming 942 ta maktabning 2 ming 835 tasi taʼmirtalab. 5 ming 861 tasida oʻquvchilar soni sigʻimiga nisbatan koʻpligi sababli darslar 2 smenada oʻtilmoqda. Joriy yilda 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasining kapital taʼmirlanishi belgilangan.

Qurilish vazirligiga maktablarni zamonaviy arxitektura yechimlari asosida, energiya tejovchi va ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda barpo etish vazifasi qoʻyildi.

Qayd etilishicha, bugun maktablardagi 683 ta fizika, 897 ta kimyo, 901 ta biologiya xonasida oʻquv laboratoriyalar yoʻq. 7 ming 807 ta fizika, 7 ming 776 ta kimyo va 7 ming 770 ta biologiya xonasining jihozlari eskirgan. 62 mingta sinf xonasi zamonaviy va yangi oʻquv jihozlari bilan taʼminlanmagan, 7 mingta kompyuter yetishmaydi.

Xalq taʼlimi vazirligi hamda Moliya vazirligiga amaldagi jihozlash holatini tanqidiy oʻrganib, maktablarni zamonaviy laboratoriya, kompyuter texnikasi, sport anjomlari va boshqa zarur vositalar bilan jihozlash boʻyicha topshiriq berildi.

Aniq fanlarni oʻqitishda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish hamda interaktiv mashgʻulotlarga eʼtiborni kuchaytirish kerakligi taʼkidlandi.

Mamlakatda matematika, kimyo, fizika va biologiya darslarining 10 foizigina amaliy mashgʻulotlarga ajratilgan. Rivojlangan davlatlarda bu koʻrsatkich 30-50 foizni tashkil etadi.

Shu bois Xalq taʼlimi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga oʻquv dasturlarida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, aniq fanlarda amaliy mashgʻulotlar koʻlamini oshirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda pedagog kadrlarning bilim va malakasini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻtgan yili attestatsiyada ishtirok etgan qariyb 57 ming nafar oʻqituvchidan 43 foizi past baho olgani, respublika boʻyicha muallimlarning attestatsiya natijalaridagi oʻrtacha koʻrsatkichi 100 ballik baholash tizimida 64 ballni tashkil qilgani aytib oʻtildi. Pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, metodik taʼminotni yangicha tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bolalarni yoshligidan maʼnan va jismonan yetuk shaxs etib tarbiyalash maqsadida maktablarni badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, ayniqsa, boshlangʻich sinflarda musiqa, tasviriy sanʼat va jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga yangi mazmun berish muhimligi taʼkidlandi.

Asosiy mavzular