21:17 12 Iyul 2020
Efir
  • RUB142.48
  • EUR11455.78
  • USD10184.73
Jamiyat
Havola olish
1070 0 0

Amir Temurning qoʻlidagi bir-biriga tutashgan uch halqa tasviri Sohibqiron dunyoning uch qismi podshosi ekanligini ifodalagan, dedi internet foydalanuvchilariga javoban Denov hokimligi matbuot-xizmati

TOSHKENT, 29 may - Sputnik. Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimligi tuman markazidagi xiyobonda oʻrnatilgan va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan Amir Temur haykali xususida oʻz rasmiy bayonotini eʼlon qildi.

Ushbu surat ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻlgach qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan va Internet foydalanuvchilari haykal (ayniqsa qoʻlidagi uch halqadan iborat hassa) Amir Temur qudratini aks ettirmaydi, degan xulosaga kelgan edilar.

Maʼlum boʻlishicha, tuman markazidagi xiyobonda oʻrnatilgan Amir Temurning ushbu haykali Denov shahar hokimligining 1996 yil 25 apreldagi farmoyishiga asosan bunyod etilgan. Haykalda ulugʻ sarkardaning uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassani qoʻlida tutgan siymosi aks etgan.

"Sohibqiron bobomiz qoʻlida ushlab turgan hassadagi uch halqa Temur va Temuriylar saltanati bayrogʻi, tamgʻasi va tangalarida tasvirlanganligi tarixiy manbaalarda keltirib oʻtilgan.

Amir Temur saroyida xizmat qilgan arab tarixchisi Ibn Arabshoh, Samarqandga ispan elchisi sifatida kelgan Rui Gonzales de Klavixo tomonida keltirilgan maʼlumotlarda va boshqa ilmiy risolalarda qayd etilishicha, bir-biriga tutashgan uch halqa tasvirining Amir Temur bayrogʻi, tamgʻasi va tangalariga tushirilishi bu uning yer yuzidagi uch iqlim, yaʼni shimol, janub va gʻarb hududlarini oʻz hukmronligi ostida birlashtirganini, dunyoning uch qismi podshosi ekanligini ifodalagan.

Xulosa shuki, qoʻlida uch halqadan iborat belgi biriktirilgan hassa tutgan Amir Temur haykali bobokalonimizning shon-shuhrati, uch iqlimni birlashtirgan yengilmas mashhuri zamon boʻlganligi ramzidir", - deyiladi rasmiy bayonot matnida.

Shuningdek, hokimlik Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish toʻgʻrisida"gi qaroriga binoan Denov tumani yangi, zamonaviy qiyofaga kirishi, jumladan, tuman markazidagi xiyobonda oʻrnatilgan Amir Temur haykali qayta rekonstruktsiya qilinishini qoʻshimcha qilgan.

Asosiy mavzular