22:14 20 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Jamiyat
Havola olish
94630

Firibgarlar taksi orqali berib yuborilgan omonatni zamonaviy texnologiyalar yordamida yoʻlda oʻmarib ketishdi.

TOSHKENT, 12 iyun - Sputnik. Samarqandda antiqa firibgarlik sodir etildi, firibgarlar birovga yuborilgan pulni zamonaviy texnologiyalar yordamida yoʻlda oʻmardi, deb xabar qilmoqda Zarafshon nashri. 

Sattor Olimov - jabrlanuvchi (ismi oʻzgartirilgan) Toshkent shahrida yashovchi tanishi Abbosga 5 000 dollar qarzini berib yubormoqchi boʻlgan. Yaxshigina sarmoyani ishonchli qoʻllarga topshirish uchun oʻrtogʻining yoʻlovchilarni mashinaga oʻtqazuvchi - pasadchiklik qiladigan oʻgʻli Jonibekka qoʻngʻiroq qiladi.

Muddaoni bilgan Jonibek u duch kelgan taksi haydovchisi ishonchli emasligini aytib, uni boshqa taksi egasiga roʻbaru qiladi. “Neksiya” rusumli mashina haydovchisiga ishonmay “Lasetti”ning egasiga pulni topshirgan Sattor aka oradan koʻp oʻtmay “chuv” tushganini bilib oladi. Negaki, bir soatlardan soʻng haydovchi unga qoʻngʻiroq qilib, pulni Jomboyda oʻgʻliga topshirganini bildiradi.

- Nega, axir Toshkentga, Abbosga yetkazing degandimku?!

- Oʻzingiz telefon qilib, Jomboyda “melkombinat”ning oldida oʻgʻlim turibdi, pulni shunga ber, pochta “otmen” dedingizku.

Tezda yetib kelgan Sattor aka aslida nima boʻlganligini tushunolmay hayron edi. Chindan ham “Lasetti” egasiga oʻzining raqamidan 5-6 marta qoʻngʻiroq qilingan va gaplashilgan.

Bu qanday boʻlganligi va pul qayerga yoʻqolganligini ichki ishlar idorasi xodimlari aniqlashdi. Hamma gap "posadchik"da edi. Sattor akaning Toshkentga 5 ming dollar yuborayotganini bilgan Jonibek bu haqda oʻzining Davron va Anvar ismli tanishlariga xabar beradi.

Ular oʻzaro kelishib, maxsus telefon dasturi orqali goʻyoki Sattor akaning raqamidan haydovchiga qoʻngʻiroq qilib, pochta bekor boʻlganligini va pullarni Jomboy tumanida kutib turgan oʻgʻliga berib qoʻyishini bildiradi. Shunday qilib haydovchi omonatni "oʻgʻil" rolini qoyillatib uddalagan firibgar Anvarga topshiradi.

Huquqni saqlash organlari jinoyatni aniqlab, firibgarlarni topguncha ular pullarni xarajat qilib boʻlishadi, lekin tergov boshlanganidan soʻng barchasini qaytarib berishadi. Sud tomonidan ularning barchasiga munosib jazo tayinlandi. 

Asosiy mavzular