22:58 03 Avgust 2020
Efir
  • RUB142.37
  • EUR11896.04
  • USD10207.69
Jamiyat
Havola olish
452130

Epidemiolog-shifokor koronavirus tarqalishining oldini olish, kollektiv immunitet va ekspress-testlar haqida gapirdi.

Oʻlat, karantin, oʻta xavfli va yuqumli kasalliklar muhofaza markazi epidemiolog-shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali vrach Gʻofirjon Tojiboyev Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Dilshoda Raxmatova bilan suhbatda Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

- Kecha prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistondagi, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi vaziyat tanqid qilindi. Siz epidemiolog sifatida bu haqda qanday fikrdasiz?

- Prezident toʻgʻri gapirdilar. Toshkent shahri va Toshkent viloyati bir biriga juda bogʻliq. Ushbu hududlar orasida migratsion harakat juda faol, qolaversa, aholi ham juda zich joylashgan.

Fikrimcha, kasallikni oldini olishda epidemiologik surishtiruvga koʻproq eʼtibor berish lozim. Yaʼni kasallik qaysi oilada qayd etildi, bemor qayerda ishlaydi, kasallikning inkubatsion davrida qayerlarga bordi, kimlar bilan muloqotda boʻldi va boshqa maʼlumotlar. Undan tashqari, turli yoshlardagi kasallarning ahvoli, simptomli yoki simptomsiz kechayotgani – bularni hammasi epidemiologik surishtiriv natijasida aniqlanadi.

Oʻzbekistonda virus muloqot, maishiy yoʻl va havo tomchi yoʻli orqali yuqmoqda. Shuni uchun biz aholi koʻp yigʻiladigan joylarga, masalan, bozorlar, yirik korxonalarga eʼtibor qaratishimiz kerak.

Dezinfektsiya amaliyotlarini koʻchalarda emas, aynan mana shunday nuqtalarda kuchaytirish lozim. U jamoat joyi, davlat yoki xususiy tashkilot boʻlishidan qatʼiy nazar. Asosiy eʼtiborni uyushgan jamoalar ichiga qaratishimiz kerak.

Mana shu narsalarga koʻproq eʼtibor qaratilsa, prezidentimizning ishonchini oqlashimiz mumkin.

Shu bilan bir vaqtda, oʻtgan davr mobaynida Toshkentda juda koʻplab ishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda - karantin muassasalari barpo etildi. Gospitallar, provizor gospitallar (kasallik hali tasdiqlanmagan bemorlar uchun), izolyator tashkil qilindi, chegara nazorati kuchaytirildi.   

Ayniqsa, uzoq masofaga qatnaydigan haydovchilar orasida kasallik aniqlanishi holati yuqori edi. Hozir esa chegarada ulardan namuna olinmoqda va uning natijasiga qarab kirishga ruxsat berilmoqda. Kasallik aniqlangan xorijay haydovchilarga kirishga ruxsat berilmayapti. Agar haydovchi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlsa, unga kirishga ruxsat berib, tegishli tartibda davolash muassasasiga joylashtirilmoqda.

- Koʻp ishlar qilindi, lekin kasallik jilovi qoʻlgan olindimi? Nega hozir yana kasallar soni koʻpaymoqda, karantin choralari kuchaytirilmoqda? Balki strategiya notoʻgʻri boʻlgandir?

- Birinchidan, biz boshida haqiqatdan kasallik jilovini qoʻlga oldik. Lekin tibbiyotda bir tushuncha bor - "kollektiv immunitet" deyiladi. Yaʼni jamoa orasida aynan shu kasallikka nisbatan kurashish xususiyatining yuqori boʻlishi.

Ana shu kollektiv immunitetga erishish yoʻllaridan biri – bu infektsion agent bilan sogʻlom odamning duch kelishi. Ana shunday holda oʻsha odamda kollektiv immunitet, yaʼni oʻsha virusga qarshi kurashish xususiyati paydo boʻladi.

Yoz boshida karantin choralarining susaytirilishini ham toʻgʻri tushunish kerak.

Infektsiya kuz yoki qish oylarida yanada kuchliroq boʻlib qaytishi mumkin. Oʻsha paytda organizm uni shakllangan immunitet bilan qarshi oladi. Yoz oylarida esa bu narsa osonroq kechadi. Shuni uchun kuz va qishgacha biz oʻz immunitetimizni shakllantirib olishimiz kerak.

Bizda hozir 70-80 % holatlarda kasallik yengil yoki simptomsiz kechmoqda. Bu – aholi orasida ushbu infektsiyaga qarshi tabiiy kollektiv immunitet paydo boʻlayotganidan darak beradi. Bu yaxshi alomat. Kelajakda mana shu odamlar kasallikning rivojlanib ketishiga yoʻl qoʻymaydi.

Vaktsina boʻlganida edi, biz boshqacha yoʻl tutgan boʻlardik. Ushbu infektsion agentni baribir inson organizmiga joʻnatar edik va organizmda sunʼiy immunitet paydo boʻlardi.

Tabiiy immunitet orttirish tufayli bugun kasallanganlar soni biroz oʻsishini koʻrayapmiz. Bu kutilgan holat edi, lekin ertangi kunda bu oʻzining ijobiy natijasini beradi. Bugun kuniga kunora aniqlanayotgan 400-500 kasallarning aksariyati yengil yoki simptomsiz oʻtayotgan holatlardir. Orttirilgan immunitet esa ertangi kunda bizga albatta kerak boʻladi.  

- Sizningcha, bugungi kunda Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash boʻyicha koʻrilayotgan chora tadbirlar samaradorligini qanday oshirsa boʻladi?

- Bilasiz, hozir shifokorlarga juda katta bosim boʻlayapti, gospital va izolyatorlar, PZR laboratoriyalar tunu kun juda katta bosim ostida ishlayapti.

Mening fikrimcha, Sogʻliqni saqlash vazirligi quyidagi holatlarga eʼtibor berishi kerak.

Bugungi kunda Toshkentda ham, viloyatlarda ham polimeraz zanjirli reaktsiya uslubida tashxis qoʻyishga juda koʻp eʼtibor berilmoqda, laboratoriyalar juda katta bosim ostida ishlamoqda. Biz ushbu bosimni imkon qadar kamaytirishimiz kerak.

Buning iloji bor. Bugungi kunda JSST tomonidan tavsiya etilgan 150 dan ziyod ekspress-testlar mavjud. Ayrim Yevropa davlatlarida ular qoʻllanilmoqda.

Ekspress-testlarni ikki xil yoʻl bilan ishlatish mumkin. Birinchisi, virus tushgan paytida 20-30 daqiqa ichida organizmda virus bor yoʻqligini aniqlash uchun. Ikkinchisi, organizmda virusga qarshi immunitet bor yoki yoʻqligini aniqlash uchun. Mana shu testlar yordamida biz 20 – 30 daqiqa ichida organizmda virus yoki immunitet borligini bilib olishimiz mumkin.

Ekspress-testlar yordamida biz hozir laboratoriyalarda ijobiy natija chiqayotgan bemorlarni saralab olgan boʻlardik. Kimda kasallik, kimda immunitet borligini aniqlashtirgan boʻlardik.

Ikkinchidan, biz hamma analizlarni PZRga joʻnatishimiz kerak emas. Masalan, ekspress testdan ijobiy natija chiqqan 100 bemorni rentgen yoki flyurografiga joʻnatishimiz kerak. U yerda yangi virus aniqlanganlar maksimum 50-60 ta chiqadi. Qolgani kasallik oʻtib boʻlgan, organizmda immuniteti paydo boʻlgan bemorlar roʻyxatiga oʻtadi.  

Qolgan 50 bemorda flyurografiya oʻpkada qanaqa jarayon ketayotganini belgilab beradi.Bu yerda ham oʻpkasida hech qanday patologik jarayon boʻlmagan, organizm normal holatda boʻlgan bemorlar ham 30 tani tashkil qiladi. Qolganlarda koronavirus bor deb aytsa boʻladi. Klinik jarayonlar flyurografiyada oʻzi yaqqol maʼlum boʻladi.

Yana bir ekspress uslub – bu IFA metodi deyiladi, yaʼni qon immunoferment analizi. Bilsangiz, tugʻruqxonalarga kirishda kichik bir planshetga qonni tomizib, OITS bor-yoʻqligini tezda aniqlash mumkin. Xuddi shunaqa ekspress-test koronavirusniki ham bor. Shuni ham Oʻzbekistonga olib kelsa yaxshi boʻlardi.

Bu ham arzon, ham tezkor uslub, albatta, bu 100% aniq natija bermaydi, lekin agar ekspress testda "virus bor"ligi aniqlansa, keyin PZRga tahlil olsa boʻladi.

Natijada, bizda PZR apparatura bilan ishlaydiganlar soni avtomatik ravishda pasayadi. Bu shaxsiy fikrim, albatta. Bizda hozir ushbu ekspress metodlarning birortasi ham ishlamayapti.

Yuqorida qayd etilgan ekspress testlarni xususiy va davlat poliklinikalarida olishni yoʻlga qoʻysak ham yomon boʻlmaydi, menimcha.

Aholi immunitetini oshirish

Yana bir taklifim: Oʻzbekistonda aholi immunitetini mustahkamlashda biologik faol qoʻshimchalardan foydalanish. Ularning turli xillari bor. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotganlari ham bor.

Yevropada ushbu uslubdan yaxshi foydalanishadi. Bizlarda ham ushbu tajriba tatbiq etilsa, bu organizmda modda almashinuv jarayonini faollashtirishda, immunitetni kuchaytirishda yaxshi natija beradi.

Tashqi muhitda virus fonni oʻrganish kerak

Keyin bizlarda yana bir tadbirni oʻtkazish kerak. Bilasizmi, nima sababdan Rossiyada niqob bekor qilindi? Ularda tashqi muhitda virus foni oʻrganildi. Masalan, oziq-ovqatda, atrofdagi buyumlarda.

Passajirы na platforme Kurskogo vokzala v Moskve
© Sputnik / Mixail Voskresenskiy

Mikrobiologiya instituti oʻrganish natijasida tashqi muhitda virus miqdori kamayganini aniqlagan. Nolga tushmagan lekin kamaygan. Shu sababli ham ertangi fon bizda yaxshi boʻladi, niqobni yechish mumkin, degan qarorga kelgan.

Biz ham tashqi muhitdagi virus sonini ilmiy jihatdan oʻrganishimiz kerak. Qurilishlarda, bolalar oromgohlarida, uylarda, umuman, hamma joyda oʻrganib, mana shu joylarda niqobni yechish mumkin, degan xulosa berishimiz mumkin.

- Lekin hozir kasallar soni oshayapti, odamlarni vahima bosayapti. Bunga asos bormi?

- Yana takror aytaman, kasallar soni vaqtincha oshishi bu kutilgan holat edi. Chunki shunday yoʻl bilan kollektiv immunitetni oshirdik. Kelajakda, bu albatta oʻzining ijobiy natijasini beradi.

Aholiga toʻgʻri tushuntirishimiz kerak. Oʻrtoqlar, mana shu narsa kollektiv immunitetini shakllantirishga yordam beradi. Vahimaga oʻrin yoʻq. Biz hamma joyni doimo steril holatda ushlab tura olmaymiz. Infektsiya baribir oʻz ishini qiladi.

Kasallikning ikkinchi, uchinchi toʻlqini bor deyishadi. Biz kuz, qish oylarigacha oʻz immunitetimizni shakllantirib olishimiz kerak.

Asosiy mavzular