01:45 29 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Jamiyat
Havola olish
117 0 0

“Hatto Davlatimiz Rahbari oʻzlari shaxsan ahvolimni surishtirib turganlarini eshitib, boshim osmonga yetdi”, - deya yozadi xalq taʼlimi vaziri.

TOSHKENT, 12 avg — Sputnik. Oʻzbekiston xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov koronavirusdan tuzaldi va uyda reabilitatsiya davrini oʻtamoqda. Bu haqda vazirning oʻzi Facebookʼdagi sahifasida maʼlum qildi.

“Afsuski, sanitariya qoidalariga qanchalik rioya qilmay, baribir ushbu virusni yuqtirib oldim. Yaxshi niyat qilib, yangi oʻquv yilini anʼanaviy shaklda oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha anchagina maktablarda taʼmirlash ishlari ketayotgani uchun, ularni imkon boricha oʻzim borib koʻrayotgandim, balki oʻsha yerda yuqtirib oldim, shekilli”, - deya yozadi Shermatov.

Vazirning soʻzlariga koʻra, boshidanoq tana harorati koʻtarilib, umumiy ahvoli yomonlashgan. Ertasidan lohaslik, saldan keyin hid bilish va taʼm bilish ham yoʻqolgan.

Birinchi hafta shifokor maslahati bilan uyda davolanishga harakat qilgan, yengilroq oʻtsa, balki shifoxonaga hojat boʻlmas deya oʻylagan.

Lekin bir haftadan keyin, tana harorati yana koʻtarilib ketganiga, shifokorlar shifoxona sharoitida davolanishga oʻtish kerakligini taʼkidlashgan.

U ayrim maslahatlar foydali maslahatlarni bergan:

  • birinchidan, vahima qilmaslik. Vahima xar qanday kasalni yanada kuchayishiga, odamni asabiylashishiga va atrofda unga yordam berayotganlarni qiynalishiga sabab boʻladi;
  • ikkinchidan, yaxshi niyat qilish. Internetda juda negativ koʻp, lekin kasal paytingizda eng asosiysi yaxshi niyat qilib oʻzingiz birinchi navbatda tuzalishga harakat qilsangiz, tezroq tuzalib ketasiz;
  • uchinchidan, Yaxshilik qilish, Sadaqa raddi balo deyilgandek, qanchalik yaqinlarga va muxtojlarga yordam berilsa, shunchalik odam oʻzini yengilroq his qiladi;
  • oxirgisi va eng asosiysi: shifokorlar ishini qadrlash. Shuncha qiyinchiliklarda eng asosiy yuk shifokorlarga boʻlayapti. Shunday ekan hozirgi davrda sogʻligʻingiz tufayli shifoxonaga tushib qolsangiz, sizni davolaydigan shifokormi, hamshirami yoki boshqa tibbiy xodim boʻladimi, siz ham oʻz navbatida ularga  yaxshi gapirib, koʻnglini koʻtarib turishni maslahat beraman. Ular ham juda charchashayapti, ayniqsa shu issiqda sanitariya qoidalariga rioya qilib hammasi maxsus kiyimda yurishi oson emasligini koʻrishingiz mumkin.

Vazir barcha shifokorlarga minnatdorchilik bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, kasal boʻlganida yaqinlari, doʻstlari, qarindosh-urugʻlarining doimiy ravishda duo va yaxshi soʻzlar juda katta dalda boʻlgan.

“Hatto Davlatimiz Rahbari oʻzlari shaxsan ahvolimni surishtirib turganlarini eshitib, boshim osmonga yetdi. Shunday odamgarchiligi yuqori boʻlgan insonning komandasida ekanligimdan gʻururlandim. Ustozim ham bir necha bor telefon orqali hol ahvol soʻrab, koʻnglimni koʻtarganlari ham katta madad boʻldi”, - deydi XTV rahbari.

Shermatov shifoxonaga borgani toʻgʻri boʻlganini qayd etgan, MSKT 50% oʻpkada ikki tomonlama pnevmoniya ekanligini koʻrsatgan.

“Faqat kisloroddan nafas olib yotgan bilan ijobiy natija chiqishi qiyin boʻladi deyishdi, shunga imkon boricha nafas mashqlarini qilishga harakat qildim va albatta, foydasini sezdim. Boshida qiynalib yoʻtal tutgan vaqtlari, majbur qaytadan kislorodga ulanib, saturatsiyani koʻtarib turdim, keyin sekin-sekin kislorodni kamaytirib, koʻproq nafas olishga harakat qildim”, - deydi u.

Vazir 2 yilcha avval pnevmoniya boʻlgani, shu ham salbiy taʼsir qilganini taʼkidlagan.

“Oʻzi umuman davlat ishidagi tartibsiz rejim, asabbuzarliklar, kechgacha ishda boʻlish ham organizmni charchatib, bunday kasalliklarni ogʻirroq oʻtishiga sabab boʻlarkan. Shuning uchun, imkon boricha oʻzingizni asranglar, pnevmoniyani menga oʻxshab oyoqda oʻtkazmanglar”, - deya maslahat beradi Shermatov.

Uning soʻzlariga koʻra, u bilan bir vaqtning oʻzida vazirlikdagi bir oʻrinbosar va anchagina xodimlar ham bu virusni yuqtirib, ular ham davolanib chiqishgan.

“Hozirda uyda reabilitatsiya davrini oʻtamoqdaman, nasib qilsa yaqin orada ishga qaytaman”, - deya soʻzlariga yakun yasagan XTV rahbari.

Asosiy mavzular