22:44 04 Dekabr 2020
Efir
  • RUB137.48
  • EUR12473.23
  • USD10427.38
Jamiyat
Havola olish
36221

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi qanday, bunga nima asos boʻla oladi va himoya orderining ijrosi qanday taʼminlanadi? Mayor Maqsuda Xoʻjanazarova Sputnik Oʻzbekiston muxbiri bilan suhbatda shu haqda toʻxtaldi

Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktika boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari -Xotin qizlar masalalari boʻyicha boʻlim boshligʻi mayor Maqsuda Xoʻjanazarovaning taʼkidlashicha, garchi himoya orderi birinchi navbatda ayollarni zoʻravonlik va tazyiqlardan cheklashga qaratilgan boʻlsa-da, amaliyotda ayollar koʻpdan-koʻp holatlarda oʻzlarining betizgin tili sabab jabrlanib qolayotgan holatlar ham uchrab turibdi.

—  Maqsuda Muhammadiyevna, himoya orderi nima va u qanday holatlarda kimlarga berilishi haqida aniqlik kiritib oʻtsangiz?

—  Himoya orderi – tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat  hisoblanadi. Ushbu hujjat  tazyiq va zoʻravonlik qurboni boʻlgan jabrdiyda xotin-qizlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan beriladi. Turmush oʻrtogʻi, sevgan yigiti, qaynota-qaynonasi, qaynsingillari, qoʻni-qoʻshni, ish joyida boʻlsa, rahbari va boshqalar tomonidan jismoniy yoki ruhiy zoʻravonlik qurboniga aylangan ayollar mazkur order asosida qonuniy tarzda muhofaza qilinadi. Zoʻravonlik yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilganda jabranuvchi himoya markazimizning  ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qilishadi. Soʻng biz oʻsha holat sodir boʻlgan hududdagi profilaktika inspektorini voqea joyiga yuboramiz. Imkoni boʻlsa koʻp holatlarda voqea joyiga oʻzim shaxsan borib, holatni oʻrganishga, muammoni ijobiy hal etishga harakat qilaman.

— Himoya orderini olgach, bu hujjat egasining oilasini saqlab qolishiga qay darajada yordam bera oladi? Deylik, turmush oʻrtogʻidan himoyalanib oʻsha hujjatni olgan ayol qayta tazyiqqa uchramaydi deb ayta olasizmi?  

—   Aytish mumkinki, bu qonun oʻz-oʻzidan chiqarilmadi, tazyiqqa uchragan  ayollarimiz dardini kimga aytishni, nima qilish kerakligini bilmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilsa, oʻsha tazyiq va zoʻravonlik darajasi ekspertizada tasdigʻini topmasa, tan jarohati yoki boshqa holatlar aniqlanmasa, koʻp hollarda arizasi koʻrilmasdan rad etildi. Siz aytgandek, jabrdiydalar boshqa yuqori mutasaddilarga murojaat qilganda bu erkaklarning agressiyasini yanada qoʻzgʻatishiga ham sabab boʻlib qolyapti. Chunki hali himoya orderi qanday hollarda ayollarga berilishi mumkinligini erkaklar yaxshi tushunib yetganicha yoʻq. Ammo himoya orderining berilishi bu qatʼiy ogohlantirish boʻlib, agar zoʻravon tomonidan ushbu holat takror sodir etilsa, qattiqroq javobgarlik chorasi qoʻllaniladi. Shundan xulosa chiqarmay yana sodir etilganda jinoiy javobgarlik masalasi koʻriladi. Shuning uchun himoya orderi qachonki odamlarda huquqiy ongi rivojlantirilsa, yanada samaraliqroq natija koʻrsatadi, deb oʻylayman. Yaqinda xotin qizlarni zoʻravonlik va tazyiqdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilinib, unga asosan himoya orderi ishlab chiqildi. Soʻng 2020 yil 3 fevralda Ichki ishlarining vazirining 51 sonli buyrugʻiga asosan himoya orderining shakli, asosiy tamoyillari, qanaqa tartibda berilishi tartiblari ishlab chiqildi.

Himoya orderining taqiqlari buzilganda birinchi oʻrinda jabrdiydaning murojaati yoki jismoniy va yuridik shaxslarning holat yuzasidan bergan xabarlari, shu jumladan, OAV  va ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan xabarlar koʻrib chiqiladi. Tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etilganda yoxud ularni sodir etishga urinish holatlari vakolatli organlar, tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanadi. Masalan, jinoyat ishi sodir etilgan boʻlsa, holat boʻyicha maʼlumotning bir qismi himoya orderi berilishi uchun taqdim qilinadi va himoya orderi beriladi.

—   Himoya orderi erkaklarga ham beriladimi?

- Gender tenglik boʻyicha qonun 2019 yil 2 sentyabrda, ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha qonun esa 2019 yil sentyabrda qabul qilindi. Lekin baʼzida "nima uchun ayollar bilan erkaklarni teng qilyapsizlar-u, himoya orderi faqat ayollarga berilyapti" deya savol berishadi. Sababi ayollar orasida erkakka jabr qilayotganlar, ruhiy tazyiq oʻtkazadiganlar ham yoʻq emas. Ruhiy tazyiq oʻtkazish ham zoʻravonlikning bir turiga kiradi.

Jestoko izbitaya suprugom jitelnitsa Bulungura Zuxra Umarova v bolnichnoy palate
Foto predstavleno rodstvennikami postradavshey

Masalan, shunaqa holat kuzatildiki, ayol eri bilan qonuniy ajrashib, soʻng erkak boshqa ayolga uylanganida bunga chidolmay, sobiq rafiqa eriga ruhiy  tazyiq oʻtkazib kelgan: olasidan ajratishi, ishxonasiga borib janjal koʻtarishi, yuqori tashkilotlarga murojaat qilishi bilan qoʻrqitib,  bolasiga 18 yoshgacha boʻlgan toʻlovlar, uy, mol-mulk talab qilib bosim oʻtkazgan. Ushbu holat yuzasidan erkak bizga maslahat soʻrab kelganida biz unga yozma murojaat qilishi kerakligini tushuntirganmiz. Erkak esa yuqori tashkilotda ishlayotganligi uchun gʻururi, oriyati kuchlilik qilib, daʼvodan voz kechgan holatlar ham boʻldi. Tabiiyki, bu bilan muammo hal boʻlgani yoʻq. Ammo erkaklar ham zoʻravonlik qurboni boʻlib qolishmoqda. Shu bois biz erkaklarga himoya orderi berilishi taklifi bilan senatga,  Ichki ishlar vazirligiga chiqdik. Senatdan murojaatimiz boʻyicha javob kelmadi, lekin vazirlikdan qonunda erkaklarga himoya orderi berilish kerak degan joyi yoʻq degan javob keldi.

Shu bois biz zoʻravonlik yoki tazyiq ztkazilayotganligi haqida murojaat kelib tushganida, muammoni oʻrganish jarayonida faqat bir tomonni eshitmaymiz, tanganing ikkinchi tomonini ham hisobga olib, masalani hal etishga xolis yondashamiz. Soʻng xulosa chiqarib, himoya orderi beramiz.  

—   Shu tariqa statistkaga oʻtsak, zoʻravonlikka uchragan ayollaring necha  foizi qanday holatlarda himoya orderi bilan taʼminlangan?    

—   Joriy yilning sakkiz oyi davomida Toshkent shahrining oʻzida ayollarga 966 ta himoya orderi berilgan. Shundan ayollarning 850 nafariga oilasida sodir etilgan holatlar boʻyicha, zoʻravonliklarning 813 tasi oiladagi kelishmovchilik tufayli yuz berganda, 69 tasi moddiy yetishmovchilik, 45 tasi rashk tufayli, 40 tasi oiladagi uchinchi shaxsning aralashuvi (qaynona qaynsingil, qaynopa, qaytib kelgan opachalar aralashuvchilari) natijasida yuzaga kelgan muammolar sababli order berilgan. Ushbu zoʻravonliklarning 556 nafari turmush oʻrtogʻi, yaʼni erkak kishi tomonidan ayol kishiga yetkazilgan tazyiq boʻyicha, 54 nafari qaynona tomonidan, 46 nafari kelinlar tomonidan qaynona qaynsingillarga nisbatan, 310 nafari boshqa shaxslar tomonidan ayollarga nisbatan sodir etilgan zoʻravonliklar boʻlgan. Shundan 423 ta holatda jismoniy, 8 tasi jinsiy, 13 tasi iqtisodiy, 664 tasi ruhiy zoʻravonliklar uchun orderlar berilgan.

Maʼlumot uchun:  Shuningdek, Toshkent shahrida 11 ta tuman boʻlsa, ushbu tumanlarda yashovchi ayollarimizning soni 1 mln 322 ming 300 tani tashkil etadi. Oilalar soni esa 7073 ta. Viloyatdan kelib yashayotganlarni statistika qilib beradigan boʻlsak,  Toshkent shahrining aholisi 2,5 mlndan oshadi. Ularning deyarli teng yarmi ayollarni tashkil etyapti.

—   Ushbu orderni olishda faqat jabrdiydalarning oʻzlari murojaat qilishadimi yoki uning biron bir yaqin kishisi oʻz nomidan murojaat qilishi mumkinmi?

—   Himoya orderini olish uchun 966 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, bunda faqat tazyiqqa uchragan ayollar boʻlibgina qolmay, ularning qoʻshnisi, yaqinlari yoki qarindoshlari tomonidan ham murojat qilingan. Masalan, kimligiin aytmayman, yaqinda viloyatlik bir ayolning 1,5 yashar bolasini dugonasiga berganligi toʻgʻrisida murojaat qoʻlimizga kelib tushdi. Uni Toshkentdagi shaʼriy nikohli eri qoʻlida bir yarim yashar bolasi bilan uydan koʻchaga quvib solgan, ayolning qornida yana homilasi ham bor ekan. Erkak ayolning qornidagi homilasini mendan emas deb turibdi. Vaholangki, buni aniqlashning oʻz tartiblari bor. Ayolning na qonuniy zagsi va na fuqarolik pasporti bor. Olgan tan jarohatlari esa maʼmuriy javobgarlikka asos boʻlolmaydi. Biz holatni oʻrganish uchun ayolning dugonasini uyiga bordik, bolaning onasini chaqirtirganimizda kutilmaganda uni toʻlgʻoq tutib qoldi.  Karantin sharoitida qoʻlida hech qanday hujjati boʻlmagan bu ayolni tabiiyki tugʻruqxonaga qabul qilishda qarshiliklar boʻldi. Xullas qiyinchiliklar bilan ayolni shahardagi 7 perenatal markaziga yotqizdik.  Ayol oʻgʻil farzand koʻrib, uch kundan soʻng shifokorlar ayolni uyiga ketishga ruxsat berdi.

Ammo uni shaʼriy nikohli eri uyga kiritmadi. Soʻng biz Fargʻona viloyati xotin qizlar masalalari boʻyicha inspektorlari bilan gaplashib, ayolning ikki farzandiga ham tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni olib berdik. Ayolni himoyamizga olib, Fargʻona viloyatidan uy, mahalladan yordam pullari tayyorlangunicha uning oziq ovqati, bolalarining oziq-ovqati va boshqa xarajatlariga yordam berib turdik.  Soʻng vazirlik rahbariyati bilan kelishgan holda ayolni viloyatga joʻnatib yuborishga qaror qildik. Oʻshanda ayol viloyatga ketmayman deb qattiq qarshilik koʻrsatdi. Mana oʻsha ayol bugungi kunda Fargʻona viloyatida mahalla, xotin-qizlar inspektorlari yordamida yaxshi hayot kechiryapti.

—   Orderni qancha muddatda qoʻlga kiritish mumkin va ushbu hujjatning qonun kuchi qancha muddatgacha amalda boʻladi?

—   Zoʻravonlik yoki tazyiq oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumot profilaktika inpektorlari navbatchilik qismiga kelib tushgach, 24 soat ichida oʻsha holat izchil oʻrganiladi va shu sutka ichida himoya orderi rasmiylashtirib beriladi. Himoya orderi bir oy muddatgacha beriladi. Agar oʻn yoki oʻttiz kungacha himoya orderi taqiqlari buziladigan boʻlsa, javobgarlikka tortish choralari kuchaytiriladi. Order boʻyicha zoʻravonga jabrdiydaga tazyiq oʻtkazish, uning jabrdiyda bilan aloqasi taqiqlanadi. Masalan, telefon yoki ijtimoiy tarmoqlar oqrali muloqoti, yoki bitta xonada yashashi, umuman bu muloqot qilishi mumkin boʻlgan holatlarning turiga qarab taqiq qoʻyiladi. Shuningdek, tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning zimmasiga jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, tazyiq va zoʻravonlikdan saqlash, unga yordam koʻrsatish uchun maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlar, yetkazilgan moddiy zarar oʻrnini qoplash, maʼnaviy zararni konpensatsiya qilish majburiyati ham yuklatiladi. Bundan tashqari oʻsha tazyiq va zoʻravonlik yetkazgan shaxsning qurol ishlatishi, qurolga ruxsatnoma olish yoki uni qurol sotib olishhuquqi ham taqiqlanadi (xizmat qurolidan tashqari).

—   Himoya orderi berilgach ayolning oilasi buzilsachi, uning taqdiri nima boʻladi? Bu kabi ayollarning keyingi hayoti bilan ham qaygʻurasizlarmi?

—   Afsuski, hozircha odamlarning huquqiy ongi u darajada rivojlanmaganligi bois hali bu hujjat qoidalariga amal qilish, uning taqiqlariga rioya etilishida sustkashlik bor. Yaqinda Shayxontohur tumanida xuddi shunaqa holat yuz berdi. Tazyiq yetkazilgan, himoya orderi berilib ogohlantirilgandan soʻng oʻsha bir oy ichida orderning taqiqlari buzilgan, yana janjal, toʻpolon... bu yuzasidan qayta MJTKning 183 moddasi va 194 moddalariga asosan javobgarga chora koʻrilgan.  Yana shunga oʻxshash holat Shayxontohur tumanida sodir boʻlib, MJTKNing 183-194 soddalarining 1 qismi bilan javobgarlikka tortildi. Javobgar eng kam oylik ish haqi, 246 ming soʻm maʼmuriy jarima toʻladi va moddiy zarar ushlab qolindi. Sergeli tumanida yuz bergan yana bir holatda javobgarga yetti sutkalik  qamoq jazosi qoʻllanildi.  

Shuningdek, 966 ta yuz bergan holatlar bizning markazimiz tomonidan oʻrganib chiqilgan boʻlsa, har bir holatda jabrdiydalarning oilasi tinchligiga  erishildi, ularning muammosi tizimli ravishda hal boʻlyapti. Piyonista yoki giyohvand er boʻlsa, davolash markaziga majburan yuborilyapti. Ishsiz boʻlsa ish bilan taʼminlash, sogʻligida muammosi boʻlsa Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda uni davolash va moddiy masalalari koʻrib chiqilyapti. Himoya orderi berildi tamom, bu bir varaq qogʻozda qoldi, degani emas.  

—   Himoya orderi berilgach, aksincha, oilaning ahil inoq boʻlib ketganligi holatlari kuzatildimi?

—   Albatta. Himoya orderi berilgach, mahalla idorasi vakillari hamda xotin-qizlar inspektorlari bilan birgalikda joyiga borib, oilaning har ikki vakillariga tushuntirish ishlari olib boriladi, ularga oila muqaddasligi, farzandlarning tirik yetim boʻlib qolishi va uning salbiy oqibatlari tushuntiriladi. Himoya orderi oilani saqlab qolish uchun berilayotganligi, uning mohiyati, ijobiy tomonlari, taqiqlar buzilganda koʻriladigan jazo choralari har ikki oila vakillariga ham obdon tushuntiriladi.  Mana shunday tushuntirish ishlaridan soʻng oʻsha oila vakilalri xulosa chiqarib, yarashib ketgan holatlar yuz bergan.

Asosiy mavzular