21:40 20 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Jamiyat
Havola olish
23310

Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 sentyabr kuni ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

TOSHKENT, 18 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 sentyabr kuni ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilish avvalida davlat rahbari koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib oʻtdi. Kasallik hamon butun dunyo boʻylab keng tarqalayotgani, soʻnggi kunlarda yurtimizda ham bemorlar soni koʻpaygani afsus bilan qayd etildi. Temir intizom va tartibni taʼminlab, barcha joylarda sanitariya talablariga qatʼiy amal qilish kerakligi yana bir bor taʼkidlandi.

Kuz mavsumida shamollash koʻpayishi, koronavirusga qoʻshimcha boshqa kasalliklarning ortishini inobatga olib, bemorlar uchun yaratilgan zaxira oʻrinlarini koʻpaytirish, zarur tibbiy jihozlar va dori-darmonlar bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va maktab oʻqituvchilarini, 65 yoshdan oshgan keksalarni grippga qarshi emlash zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Yigʻilishda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga ushbu tajriba asosida kelgusi yil uchun moʻljallangan 28 ta yangi loyihani mahalliy kengashlar bilan kelishish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, joriy yilda yakuniga yetkaziladigan 360 ta loyihani qabul qilib olish boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda mamlakat boʻylab 27 ta tumanda ichimlik suvi bilan taʼminlash ishlari tanqid qilindi. Mavjud 70 ming kilometr suv quvurlarining 32 foizi eskirgan. Oqibatda ulardagi yoʻqotishlar darajasi 40-50 foizni tashkil etmoqda. Bu yiliga qariyb 500 million kub metr suv yoki oʻrtacha 300 milliard soʻm degani. Bundan tashqari, joylardagi nasos uskunalari va maxsus texnikalar ham taʼmirtalab boʻlib qolgan.

Shu bois kelgusi yildan investitsiya dasturlarida sohaga ajratilayotgan mablagʻning 10 foizini suv obʼyektlariga energiya tejovchi uskunalar oʻrnatish hamda maxsus texnikalar xarid qilish uchun yoʻnaltirish zarurligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obʼyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. 

Bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past boʻlishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan  Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12 ta tumani, Qoraqalpogʻiston va har bir viloyat boʻyicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirildi.

Oʻzbekiston Bosh vaziri Toshkent shahri tumanlariga, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari viloyatlarga shu masalalar boʻyicha masʼul etib biriktirildi. Tayyorgarlik ishlarini, eng avvalo, bu borada ahvol ogʻir boʻlgan 56 ta tuman va shahardan boshlash kerakligi taʼkidlandi.

1 noyabrga qadar 3 mingdan ziyod taʼmirga muhtoj koʻp qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, 131 ta ijtimoiy soha obʼyektini mukammal va 3 mingtasini joriy taʼmirlash vazifasi qoʻyildi. Tibbiyot va taʼlim muassasalarining tayyorgarlik holati koʻrib chiqildi.

Bu yil kuz-qish mavsumi uchun 6 million tonna koʻmir mahsulotlari zarurligi qayd etilib, ularni gʻamlash va yetkazib berish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. Koʻmir arzon boʻlishi uchun uni import qiluvchi tadbirkorlarga temir yoʻlda tashish boʻyicha chegirma berish muhimligi taʼkidlandi.

Bosh prokuraturaga koʻmir narxini asossiz oshirib yuborish, tamagirlik va talon-toroj holatlarining oldini olish yuzasidan koʻrsatma berildi.

“Hududgaztaʼminot” aktsiyadorlik jamiyatiga tabiiy gaz tanqis hududlarga 385 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.

Joriy mavsumda elektr energiyasiga talab oʻtgan yilgiga nisbatan 7,5 foiz koʻp boʻlishi kutilmoqda. Bu soha barqaror ishlashi uchun issiqlik elektr stantsiyalarini tabiiy gaz va mazut bilan taʼminlash, elektr tarmoqlari, podstantsiya va transformatorlarni taʼmirlash muhimligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida hukumat aʼzolari, tegishli tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.

Asosiy mavzular