TOSHKENT, 21 dek - Sputnik. Sardoba suv omborida roʻy bergan texnogen vaziyat tufayli jabr chekkan hududlarda aholini kasb-hunarga oʻqitish maskanlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda voqea joyidan Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
2020 yilning 23 oktyabrida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya hamkorlik agentligining Oʻzbekistondagi ofisi bilan "Sirdaryo viloyatidagi aholining zaif qatlamini qoʻllab-quvvatlash dasturi" loyihasini hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha memorandum imzolangan edi.
Ushbu memorandum asosida bugungi kungna qadar Oqoltin tumani "Shodlik" mahallasi, Sardoba tumani "Birlik" mahalla fuqarolar yigʻini binosi hamda Mirzaobod tumani "Dehqonobod" mahallasi hududida joylashgan Madaniyat markazi binosida aholini kasb-hunarga oʻqitish maskanlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ochilish tadbirlarida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, Koreya hamkorlik agentligi direktori Pak Sunjin ishtirok etdi.
Oʻz faoliyatini boshlayotgan mazkur 3ta oʻquv markazi yordamida hududdagi 200 nafarga yaqin ayollar va yoshlarni bir vaqtning oʻzida pazandachilik, kompyuter savodxonligi mutaxassisliklari boʻyicha professional oʻqitish va bu orqali ularni maʼlum daromad manbalari bilan taʼminlash, iqtisodiy faolliklarini yanada oshirish, aholining takliflari asosida keyinchalik qoʻshimcha ravishda xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik yoʻnalishlari boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini ochish koʻzda tutilgan.

Joriy yilning may oyida Sirdaryo viloyatining Sardoba suv omborida roʻy bergan texnogen vaziyat tufayli hududdagi Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi bir qancha aholi punktlari, ijtimoiy soha obʼyektlari, qishloq xoʻjaligi ekinlariga jiddiy zarar yetdi.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mazkur favqulodda hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlangan fuqarolarga tezkor yordam koʻrsatish boʻyicha bir qancha ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlanishicha, joylarda tashkil etilayotgan kasbga oʻqitish markazlariga tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari boshliqlari etib tayinlanadi hamda markazlarning maqsadli va samarali faoliyat yuritilishini taʼminlaydi.