05:38 30 Mart 2020
Efir
  • RUB130.22
  • EUR10572.34
  • USD9520.34
Turizm
Havola olish
Dunyoda, Rossiyada va Oʻzbekistonda koronavirus epidemiyasi (463)
541 0 0

Ekspert fikricha, turistik oqimlar "shunchaki sinadi" va ushbu vaziyatda  ularni boshqa yoʻnalishlarga taqsimlab boʻlmaydi.

TOSHKENT, 20 mar - Sputnik. Koronavirus pandemiyasi turizm sektorini butunlay oʻzgartirib yuboradi: odamlar oʻrta muddatli istiqbolda chet elga ommaviy safarlarga chiqmaydilar, buni oʻrniga ichki turizmni tanlaydilar. RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida turizm sohasidagi ekspert Fernando Galyardo xuddi shunday fikrlarni bildirdi.

"Sayyohlik faoliyati hozirda falaj ahvolga keldi, Yevropa, Xitoy va Lotin Amerikasida chegaralar yopildi. Bu juda katta miqdordagi hech qayerga bormayotgan va yaqin istiqbolda hech qayerga borishi kutilmayotgan odamlar oqimidir", - deydi ekspert.

Uning fikricha, turistik oqimlar "shunchaki qulaydi" va bu vaziyatda ularni boshqa yoʻnalishlarga taqsimlab boʻlmaydi. "Bunday vaziyatda hech bir mamlakat naf koʻrmaydi, chunki sayyohlar hech qayerga sayohat qilmayaptilar. Bu yaqin istiqbolda. Uzoq muddatli istiqbolda esa iqtisodiy falajlik butun dunyoga taʼsir qiladi. Iqtisodiy kollaps turizmni tiklashga odatdagidan uzoqroq vaqt talab etilishini anglatadi", - deya bashorat qilmoqda u.

Mutaxassisning fikriga koʻra, ushbu vaziyatdan birinchi boʻlib Xitoy chiqa boshlaydi, lekin "xitoyliklar Yevropa va AQShga yoki boshqa turdagi yuqumli kasalliklar epidemiyasi mavjud va juda yomon sanitar tizimi mavjud boʻlgan Afrikaga yoki Lotin Amerikasiga bormaydi". "Bu ichki turizm boʻladi", - deydi Galyardo.

Ushbu tendentsiya asta-sekin inqirozli vaziyatdan chiqishni boshlaydigan boshqa mamlakatlarda ham saqlanib qoladi: chet elga sayohat qiladiganlar butun dunyoda juda kam boʻladi.

Ekspert hisob-kitobiga koʻra, Yevropadagi ogʻir vaziyat may oyining oʻrtalariga qadar davom etadi, ammo "bu shundan keyin odamlar darhol sayohat qilishni boshlab yuboradi", degani emas. "Bu shuni anglatadiki, odamlar oʻsha paytdan boshlab ishlashni boshlaydilar. Endilikda, masalan Ispaniyada, koʻplab kompaniyalar oʻz faoliyatini toʻxtatib, odamlarni ishdan boʻshatmasdan ularni taʼtilga yubormoqdalar. Bundan tashqari, aprel oyida soliq hisobotlari davri boshlanadi, odamlar esa soliq toʻlay olmaydi, chunki ular maosh olmaydilar. Bu iqtisodiy inqiroz turistik faollikni ham normal holatga qaytishiga toʻsqinlik qiladi", - deya tushuntirdi Galyardo.

Uning fikricha, yozga kelib Yevropadagi vaziyat asta-sekin tinchlana boshlaydi, iqtisodiy faoliyat boshlanadi. "Sayyohlik sohasi tahminan iyul oyidan jonlana boshlaydi, ammo bu ichki turizm boʻladi", - deydi u.

Ispaniyada turizm sohasi tanazzulga yuz tutadi, deb taxmin qilmoqda u. Birinchi boʻlib biznes turizmi tiklana boshlaydi. "Ammo u qancha miqdorda boʻladi? Oʻtgan yilgi 83 millionga nisbatan 10-20 million chet ellik sayyohmi?" - deya savol bermoqda ekspert.

"Bu yilgi turizm sohasi yoʻqotildi. Koʻplab kompaniyalar yoʻq boʻlib ketadi, odatlar oʻzgaradi. Inqirozdan chiqish koʻpchilik oʻylaganidek quvonchli kechmaydi. Ha, sayohatlar quvonchli, albatta, ammo boshqa odamlar bilan aloqa - quvonchli boʻlmaydi – bunga vaqt talab etiladi", - deydi Galyardo.

Biznesini toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar asosida qurgan kompaniyalar oʻz biznes modellarini qayta koʻrib chiqishlari va raqamli texnologiyalarga oʻtishlariga toʻgʻri keladi. "Oʻylashimcha, mehmonxonalarda bundan keyin resepshn, shaxsiy aloqa boʻlmaydi, chunki xodimga roʻyxatdan oʻtish uchun shaxsiy guvohnoma koʻrsatish talab qilinadi, bu holatda nazariy jihatdan, oʻsha shaxs virusni yuqtirgan boʻlishi mumkin-ku. Chek-in misol uchun, onlayn tarzda amalga oshiriladi", - deya misol keltiradi ekspert.

Sayyohlar tomonidan atrofdagi odamlarning qabul qilinishida ham oʻzgarish yuz beradi. "Odamlar uylaridan chiqqach, bir-birlarini quchoqlashga shoshilmaydilar, avvaliga hamma ehtiyotkor boʻladi, atrofga ehtiyotlik bilan boqadi, doimo kimdir bilan toʻqnashish mumkin boʻlgan mehmonxonalardan qochishga harakat qiladilar", - deydi Galyardo.

Uning fikricha, xususiy xonadonlar egalariga qaraganda, mehmonxonalar uchun sayyohlarni qaytarish murakkabroq kechadi "Airbnb mehmonxonalarga nisbatan tanazzuldan tezroq chiqib ketadi. Turistik xonadonlar - uzoq vaqt davomida izolyatsiyada boʻlgan uyingizning davomi kabi", - deydi Galyardo.

Avvalroq, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) rasmiy vakili Marselo Risi RIA Novosti agentligiga, koronavirus tufayli turizm sektorining 1-3 foizga pasayishi boʻyicha dastlabki prognozlar qayta koʻrib chiqilishini, pasayish kutilganidan koʻproq boʻlishini aytgan edi.

Hozirgi vaqtda Ispaniya koronavirusni yuqtirganlar soni boʻyicha Yevropada Italiyadan keyin ikkinchi va jahonda (Xitoy, Italiya va Erondan keyin) toʻrtinchi oʻrinni egallagan.

Ispaniya hukumati 14 mart kuni odamlar harakatini 15 kunga cheklab, mamlakatda yuqori tayyorgarlik rejimini joriy etdi. Agar vaziyat taqozo qilsa, bu muddat parlament roziligi bilan uzaytirilishi ham mumkin. Odamlarga oziq-ovqat, dori-darmon, zarur buyumlarni sotib olish, shuningdek, ishga borish uchun qoʻchaga chiqishlariga ruxsat berilgan. Kompaniyalar ommaviy ravishda ishchilarni uydan turib masofadan ishlashga oʻtkazdilar.

Mavzu:
Dunyoda, Rossiyada va Oʻzbekistonda koronavirus epidemiyasi (463)

Asosiy mavzular