Jamiyat

Ishtixonda suv inshooti quriladi

© Sputnik / Konstantin Chalabov / Fotobankka oʻtishSuv toʻldirayotgan erkak
Suv toʻldirayotgan erkak - Sputnik Oʻzbekiston
Ishtixonning tuman markazidan 40 kilometr olisdagi Qayirma mahallasida investitsiya dasturiga asosan oʻtgan yili 200 million soʻmlik mablagʻ evaziga suv inshooti qurildi

TOSHKENT, 30 mar — Sputnik. Bu qishloq ahli uchun oddiy voqea emas. Gap shundaki, Oblonobod kabi qir-adirlar oraligʻida joylashgan aholi maskanlarida har bir xonadon ichimlik suviga ega boʻlish uchun kamida besh million soʻm mablagʻ sarflab, chuqurligi 45 metrlik quduq qazdirishi kerak, deb yozadi "Zarafshon" muxbiri Anvar Mustafoqulov.

Agar xonadon egasining omadi chopsagina, ana shuncha chuqurlikdan birinchi suv qatlamiga duch kelinadi. Afsucki, hech qanday gidrogeologik xulosalarsiz boshlangan bu ish baʼzan muvaffaqiyatsiz tugaydi.

Kran - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Moʻynoqda shu yil yozigacha suv oʻtkazgich qurib bitkaziladi
Aytish lozimki, mazkur suv inshooti tumandagi ana shunday inshootlarning qirq uchinchisi boʻlib, eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Undagi maxsus ultrabinafsha nurli uskunalar avtomatik tarzda suvni bakteriyalardan tozalab turadi. Bu esa suvni zararsizlantirishning salomatlik uchun eng xavfsiz usuli. Shunday qilib, Ishtixon tumani viloyat va respublikadagi kamdan-kam tumanlar qatorida suvni xlorli tozalash usulidan butunlay voz kechgan. Boshqacha aytganda, qishloq ahli qulay va xavfsiz ichimlik suviga ega boʻldi.

– Qishlogʻimizga suv inshooti qurilmasidan bir necha yil oldin oʻzimiz besh million soʻm pul sarflab, hovlimizdan quduq qazdirgan edik, – deydi oblonobodlik Sodir Koʻbayev. – Ming afsucki, yilning eng issiq davrida suv sathi pasayadimi, xullas, qudugʻimizdan suv chiqmay qoladi. Bundan tashqari, quduqdan suv olish uchun albatta motor va nasos kerak. Ular esa elektr energiyasi boʻlmagan vaqtda ishlamaydi. Biz uchun oʻrnatib berilgan suv inshooti juda katta qulaylik keltirdi. Hozir xuddi har bir xonadonga suv tarmogʻi tortilgan. Mabodo elektr energiyasida uzilish boʻlsa ham inshootdagi 25 tonnalik suv zaxirasi yana elektr toki kelguniga qadar yetib turadi.

Tumanda ichimlik suvi muammo boʻlib turgan qishloqlar ham bor. Qoʻrli qishloq fuqarolar yigʻinidagi Kulchara-qirgʻovul va Toʻla qishloqlarida boʻlganimizda xuddi shunday holatga guvoh boʻldik.

Daryo - Sputnik Oʻzbekiston
Siyosat
Oʻzbekiston va Qozogʻiston suv masalasini muhokama qildi
"Ichimlik suvini qoʻshni qishloqlardan mashina va ot-aravada tashib kelamiz, – deydi Toʻla qishlogʻida yashovchi Norboy Ibragimov. – Bir necha yildan buyon suv inshooti qurilishini soʻrab tuman, viloyat, respublika idoralariga murojaat qilamiz. 2014 yildayoq murojaatimizga ijobiy javob olgan edik. Ammo inshoot qurilishini hali-hamon kutyapmiz. Qishloqda yomgʻir, qor suvini toʻplab, ichimlik suvi oʻrnida ishlatayotganlar ham bor".

Kulchara-qirgʻovul qishlogʻida ham ahvol shunday boʻlib, 40 metr chuqurlikdan quduq qazganlar ham elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar tufayli ichimlik suvi chiqarishga qiynalmoqda. Joriy yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasidan bir guruh deputatlar tumanga tashrif buyurganda "Suvoqova" davlat unitar korxonasi Ishtixon filiali rahbariga deputatlik soʻrovi yuborilgan. Ushbu soʻrovlarda Zarband, Qoʻrli, Haqiqat, Mirishkor kabi qishloq fuqarolar yigʻinlaridagi aholi punktlarida ichimlik suvi muammosi tilga olingan.

Haqiqatan ham bugungi kunda birgina Zarband qishloq fuqarolar yigʻinidagi 25 ta qishloqda 21 ming nafardan ziyod aholi boʻlib, faqat toʻqqiz qishloqda suv inshootlari mavjud. Qolgan aholi esa quduq suvidan isteʼmol qilmoqda. Ayrim qishloqlarda aholi ariq suvini tindirib, isteʼmol uchun ishlatmoqda.

Oʻzbekiston temir yoʻllari ichimlik suvini tashishga moslangan maxsus texnika xarid qildi - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Oʻzbekiston suv tashish uchun Xitoydan maxsus texnika sotib oldi
"Aholining ehtiyoji va murojaatlari asosida har yili manzilli dasturga ichimlik suv inshootlari qurish boʻyicha takliflar kiritamiz, – deydi viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi Ishtixon tuman filiali rahbari Rahmatilla Shukurullayev. – Xususan, 2016 yilda beshta taklifimiz inobatga olinib, Qoʻrli qishloq fuqarolar yigʻinidagi Qayirma, Barlos hamda Zarband qishloq fuqarolar yigʻinidagi Boʻston, Oqtosh, Jonrohat qishloqlarida ichimlik suvi ishootlari foydalanishga topshirilib, bugungi kunda toʻliq faoliyat koʻrsatmoqda. Biroq bir yoʻla barcha qishloqqa suv inshooti qurishning imkoni boʻlmagani bois hali koʻplab qishloqlar aholisi suv inshooti qurilishini kutib qolmoqda".

Afsuski, 2017 yil uchun berilgan takliflarimiz asosida qurilishi kutilayotgan suv inshootlari amalga oshmaydigan boʻldi. Misol uchun, Qoʻrli qishloq fuqarolar yigʻinida ikkita, Zarband qishloq fuqarolar yigʻini hududida bitta suv inshooti qurilishi manzilli dasturga kiritilgan. Uning qurilishi boʻyicha tender eʼlon qilindi, loyiha-smeta hujjatlari ham tayyorlandi. Ammo tenderga ikki kun qolganida viloyat injiniring kompaniyasi tomonidan loyiha bekor qilingani haqida xabar keldi. Bu haqda barcha tegishli tashkilotlarga, xususan, tumanimizga kelib, ichimlik suv boʻyicha aholidan koʻplab shikoyatlar qabul qilib olgan Qonunchilik palatasi deputatlariga ham murojaat qildik. Hozircha biror yangilik boʻlgani yoʻq.

Ostovы korabley na meste vыsushennogo Aralskogo morya. - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Orolboʻyi xalqaro miqyosdagi turizm maskaniga aylanadi
Haqiqatan ham, biz bilan suhbatda ichimlik suvi muammosidan shikoyat qilgan Qoʻrli qishloq fuqarolar yigʻinidagi qishloqlarda aslida joriy yil boshidan suv inshooti qurilishi boshlanishi lozim edi. Ammo biz qurilish ishlariga guvoh boʻlmadik.
Tuman markazida boʻlganimizda ichimlik suvi bilan bogʻliq yana bir muammoga duch keldikki, nafaqat tuman yoki viloyat, balki respublikaning koʻplab hududlarida ana shu muammo aholi salomatligiga xavf solishi mumkin.

"Uch oydan beri mahallamiz ichimlik suvi tarmogʻidan uzilgani uchun bir oyogʻim tuman "Suvoqova" korxonasida, – deydi tuman markazida yashovchi fuqaro Qahramon Namozov. – Hududimiz ikki daryo oraligʻida, Miyonqol yer osti dengizining shundoqqina ustida joylashgani sababli yer osti suvi juda yaqin. Shu bois barcha osongina tarzda qoʻlbola bosma kranlardan foydalanmoqda. Markazlashgan ichimlik suvi tarmogʻining uzib tashlangani kishilarni tashvishga solgani yoʻq. Goʻyoki bitta pulli xizmat kamdek. Ammo bor-yoʻgʻi yetti-sakkiz metr chuqurlikdan olinayotgan bu suv isteʼmol uchun xavfsiz hisoblanmaydi".

Ushbu holat boʻyicha "Suvoqova" davlat unitar korxonasi Ishtixon tuman filiali rahbari R.Shukrullayevning maʼlum qilishicha, tuman markazidagi bir qator mahallalarda bugungi kunda markazlashgan ichimlik suvini toʻxtatishga toʻgʻri kelmoqda. Sababi, oʻttiz yil oldin qurilgan suv tarmoqlari eskirib ketgan boʻlib, quvurlar yorigʻidan katta miqdordagi suv oqib ketmoqda. Xususan, tuman markazidagi Fafur Fulom mahallasi hududidagi magistral suv tarmogʻi 1968 yilda qurilgan.

Suv inshooti - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Qashqadaryo qishloq xoʻjaligining "yuragi"ni tiklashga 130 mln dollar sarflanadi
Butunlay yaroqsiz holatga kelib qolgan ushbu quvurlardan chiqayotgan suv koʻcha va aholi xonadonlariga ziyon yetkazmoqda. Bundan ham yomoni, ana shu yoriqlardan koʻchalarga (aksariyat suv tarmoqlari yoʻllar ostidan oʻtgan) oqib chiqqan suv elektr toki oʻchishi bilan bosim yoʻqolib, quvurlarga qaytadi. Bu esa isteʼmol uchun mutlaqo yaroqsiz boʻlgan suvning yana aholi xonadonlariga yetib borishiga sabab boʻladi. Ayniqsa, 7,5 kilometr uzunlikdagi tarmoq butunlay yaroqsiz holatga kelib qolgan boʻlib, ana shu hududda suv tarmoqlari yangilangandan keyingina aholiga ichimlik suvi yetkazish mumkin.

Xullas, Ishtixonda ichimlik suvi bilan bogʻliq qator muammolar mavjud. Asosiysi, bu muammolar tegishli tashkilotlarning eʼtiborida. Demak, ularning bartaraf etilishidan umid qilsak boʻladi. Shuni ham aytish kerakki, ichimlik suvi muammosi mavjud hududlarda 2017-2021 yillarda suv inshootlarini qurish, tarmoqlarni yangilash koʻzda tutilgan.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala