TOSHKENT, 10 noya — Sputnik. Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Rossiya prezidenti Vladimir Putinga territorial masalani hal etish boʻyicha muzokaralarni tezlashtirishni taklif etmoqda. Bu haqda shanba kuni "Mayniti" nashri hukumatdagi manbasiga tayangan holda xabar qildi.
Nashr xabariga koʻra, muzokaralar davomida 1956 yilda qabul qilingan sovet-yapon qoʻshma deklaratsiyasi asosida tinchlik kelishuvi tuzilishi istiqbollari koʻrib chiqiladi. Ushbu hujjatga koʻra, tinchlik shartnomasi tuzilgandan soʻng Moskva tomoni Yaponiyaga Xabomai va Shikotan orollarini berishi koʻzda tutilgan, Kunashir va Iturup orollari taqdiri haqida gap ochilmagan.
"Mayniti" nashrining yozishicha, Sindzo Abe rasmiy Tokio ushbu hujjatdagi Xabomai va Shikotan orollari tinchlik sulhidan keyin Yaponiyaga berilishini nazarda tutuvchi nizomni qoʻllab-quvvatlashini tasdiqlash niyatida. Yapon hukumatining shu vaqtgacha rasmiy pozitsiyasi tamomila teskari ketma-ketlikda boʻlib kelar edi - ular Kuril orollarining barchasi Yaponiyaga berilsa, shundan keyingina tinchlik haqida bitim imzolanishi mumkinligini taʼkidlab kelishayogan edi. Shu bilan birga deklaratsiyada tilga olinmagan Kunashir va Iturup orollarining mansubliligi masalasi ham muhokamadan oʻrin olishi mumkin.
Nashrning yozishicha,Abe Singapurda 14-15 noyabr kunlari oʻtkaziladigan ASEAN sammitida ishtirok etadi va u oʻsha yerda Putinga muzokaralarni tezlashtirishni taklif etishni rejalashtirmoqda.
Abe shu tariqa mamlakatlar 2019 yilning iyun oyida Yaponiyadada boʻlib oʻtadigan "yigirmatalik" sammiti vaqtiga kelib hamkorlikning yoʻnalishlarini belgilab beradigan kelishuvga erishishga umid qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Putin Sharqiy iqtisodiy forumda Abe bilan qilgan chiqishi davomida yapon tomon uchun kutilmagan holatda yil oxiriga qadar hech qanday shartlarsiz tinchlik sulhini tuzishni taklif etgan edi.
Sessiyadan keyin Abe bu taklifni qabul qilishga imkon qoldirmagan Yaponiya pozitsiyasini aytib oʻtgan edi.
Shu bilan birga, Yaponiya siyosiy doiralari hamda Abening oʻzi ham Rossiya prezidentining taklifini joydan jilmay aylanayotgan muzokaralarni oʻlik nuqtadan siljitishga urinishga boʻlgan xohish, deya baho berishgan.
Abe 2021 yilning sentyabrida partiya rahbari va Yaponiya Bosh vaziri lavozimini tark etishi kerak boʻladi. U oʻz vakolatlari muddati tugagunga qadar tinchlik kelishuvi masalasini hal etish uchun muzokaralarni tezlashtirish niyatida.