19:00 14 Dekabr 2019
Efir
  • RUB149.88
  • EUR10545.67
  • USD9537.55
Granat

Oʻzbekiston Qirgʻizistonga meva va sabzavotlar eksportini toʻxtatmaydi

© Sputnik / Asatur Yesayants
Iqtisod
Havola olish
321 0 0

Oʻsimliklar karantini davlat inspektsiyasi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi "Doʻstlik" chegara nazorati punktidan oʻzbek qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti davom ettirilayotgani va hech qanday yukning orqaga qaytarilish holatlari qayd etilmaganligini maʼlum qilmoqda

TOSHKENT, 16 noya - Sputnik. Oʻzbekiston Qirgʻizistonga meva va sabzavotlarni eksport qilishda davom etadi, deb xabar qildi "Oʻzdavkarantin" inspektsiyasi axborot xizmati.

Eslatib oʻtamiz, sal oldin Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirilishiga taʼqiq qoʻyishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi. Bunga sabab sifatida Oʻzbekistondan Qirgʻizistonga olib kirilayotgan anor mahsulotida Sharq mevaxoʻri – "Grapholita Molesta" hasharoti aniqlanganligi taʼkidlangan. Ayrim axborot manbalarida mazkur hasharot "virus" sifatida nomlanib, notoʻgʻri maʼlumotlar keltirilgan.

Shu bilan birga, “Doʻstlik” chegara nazorat punktida joriy yilning 12 noyabr kuni Oʻzbekistondan 35 tonna nok, behi, noʻxat va ziravor mahsulotlar fitosanitar sertifikatsiz va maxsus etiketkalarsiz yuklanganligi bois toʻxtatib qolinganligi maʼlum qilingan.

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspektsiyasi "Doʻstlik" chegara nazorati punktidan oʻzbek qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qilinishi davom ettirilayotganligi va hech qanday yukning orqaga qaytarilish holatlari qayd etilmaganligini alohida taʼkidlagan.

Hozirgi kunda, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston karantin xizmatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik munosabatlari 2019 yil 1 avgustda imzolangan "Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi hukumati oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik Bitimi" asosida amalga oshiriladi, deyilgan xabarda.

Xalqaro amaliyotga koʻra, mahsulotda zararli karantin organizmlar aniqlanganda, Xalqaro sanitariya va fitosanitariya choralari talablaridan kelib chiqib, import qiluvchi davlatning karantin xizmati fitosanitariya talablari buzilganligi yuzasidan mahsulotni eksport qilgan davlatga notifikatsiya (bildirishnoma) yuborishi lozim.

Biroq, shu kunga qadar hech bir holat yuzasidan Qirgʻiziston karantin xizmati tomonidan asoslantirilgan rasmiy notifikatsiyalar (bildirishnomalar) kelib tushmagan.

"Taʼkidlash joizki, joriy yilning 15 noyabr kuni "Oʻzdavkarantin" inspektsiyasiga Qirgʻiziston Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligidan Oʻzbekistondan eksport qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 356 ta holatda fitosanitar sertifikatlarsiz olib kirishga urinish sodir etilganligi, bunday xatti-harakatlarning 10 foizida mahsulotlarda zararli organizmlar aniqlanganligi haqida xat kelib tushgan.

Xatda, shuningdek, bu kabi holatlarga qarshi birgalikda kurashilishiga va ikki davlat karantin xizmatlari oʻrtasidagi hamkorlik yanada kuchaytirilishiga umid bildirilgan", - deyilgan xabarda.

Oʻz navbatida "Oʻzdavkarantin" inspektsiyasi mazkur masala yuzasidan javob xati yoʻllagan boʻlib, unda Inspektsiya yuqoridagi kabi holatlarga qarshi hamkorlikda kurashishga tayyor ekanligi qayd etilgan hamda qirgʻiz tomonidan koʻrsatilgan holatlar yuzasidan asoslangan dalillar va maʼlumotlar tezkorlikda yuborilishi soʻralgan.

Qirgʻiz tomonidan javob xatlari olinishi bilanoq, Inspektsiya bu haqda jamoatchilikni xabardor qiladi, deyilgan xabarda.

Asosiy mavzular