06:10 26 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Siyosat
Havola olish
63110

Oʻzbekiston prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etdi va qator takliflarni ilgari surdi.

TOSHKENT, 23 sen — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq soʻzladi.

Quyida Oʻzbekiston yetakchisining asosiy fikrlari va takliflarini keltiramiz.

Dunyoni oʻzgartirgan koronavirus

Mirziyoyev oʻz chiqishida koronavirus pandemiyasiga alohida toʻxtalib oʻtdi va bunday global falokat sayyoramizda soʻnggi yuz yilda kuzatilmaganini taʼkidladi.

U Barcha hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining oʻzaro saʼy-harakatlarini birlashtirish, umumiy masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda  rivojlantirish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur anglaganini qayd etdi.

“Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini,  salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir”, - dedi Mirziyoyev.

Prezident Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi.

Gender tenglik, inson huquqlari va diniy erkinlik

Mirziyoyev bugungi kunda mamlakatdagi demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmaydigan tus olganini bayon qildi va oʻtgan yili Parlamentga oʻtkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oshganini namoyish etganini taʼkidladi.

Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, mamlakat uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentda ayol deputatlar soni ikki barobarga koʻpaydi.

Shuningdek, inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay oʻzgardi. Majburiy  va bolalar mehnati toʻliq tugatildi. Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi.

Prezident BMTning fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban shu yilning oʻzida 50 ming kishiga Oʻzbekiston fuqaroligi berilganini eslatib oʻtdi.

“Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir”, - dedi u.

Korruptsiyaga qarshi kurashish, yoshlar kelajagi

Mirziyoyev mamlakatda korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi va korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganini maʼlum qildi.

Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, mamlakat aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etadi. Respublikada har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatmoqda.

Avgust oyida BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

U Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konventsiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Bundan tashqari, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Markaziy Osiyo, transport yoʻlagi, forum

Mirziyoyev hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub oʻzgarishlar yuz berayotganini qayd etdi. Mintaqa davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhitini yaratishga erishildi.

Uning fikriga koʻra, bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham boʻlsa, mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir.

Prezident Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi.

Oʻzbekiston BMTning Global antiterror strategiyasi doirasidagi Mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferentsiyani oʻtkazish tarafdori.

Mirziyoyev 2021 yilda  YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.

Afgʻoniston masalasi

Mirziyoyev mamlakat Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilishini taʼkidladi va joriy yilning sentyabr oyida Doha shahrida afgʻon siyosiy kuchlari oʻrtasida boshlangan tinchlik muzokaralari jafokash afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlik oʻrnatishiga umid bildirdi.

Oʻzbekiston yetakchisi BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etishni taklif qildi. Ushbu qoʻmitaning asosiy vazifasi Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarurligini qayd etdi.

Orol fojiasi

Mirziyoyev global iqlim oʻzgarishlari Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham  katta xavf tugʻdirayotganini taʼkidladi va dunyo hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratdi.

Prezident Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Uning fikriga koʻra, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq boʻlardi.

Qashshoqlikka qarshi birgalikda kurashish

Davlat rahbari oʻz chiqishida jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zoʻravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambagʻallikning global muammolarini kuchaytirayotganiga eʼtibor qaratdi.

Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchani bezovta qilishi zarur.

Mirziyoyev qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammit oʻtkazishni taklif etdi.

Asosiy mavzular