11:05 08 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Jamiyat
Havola olish
1104 0 0

Vatanga qaytgan terrorchilar oilasining boshidan kechirganlari koʻpincha televizion kameralar ortida qoladi. Toʻqqiz yil umri jangarilar orasida oʻtgan ayol boshdan kechirganlarini Sputnik bilan oʻrtoqlashdi.

TOSHKENT, 21 yanv - Sputnik. 2019 yilda Oʻzbekiston Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududlaridan oʻz fuqarolarini qaytarish boʻyicha ikkita insonparvarlik amaliyotini oʻtkazdi. Natijada may oyida, undan keyin oktyabr oyida asosan ayollar va bolalardan iborat jami 220 kishi vataniga qaytdi.

Ammo shunga oʻxshash tadbirlar, kichikroq miqyosda boʻlsa ham, ilgari  ham amalga oshirilgan. 2019 yil aprel oyida, yaʼni birinchi maxsus amaliyotdan bir oy oldin bir ayol va uning yetti farzandi uyga qaytishdi. Terrorchilar lagerida u umrining toʻqqiz yildan koʻproq vaqtini oʻtkazdi. Ayol bir safar qulay fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston chegarasi tomon qochgan.

Sputnik Oʻzbekiston uni Buxoroda topishga muvaffaq boʻldi. Bugun qaytib kelganidan toʻqqiz oy oʻtgach, bu 34 yoshli ayolni endi radikal islom bilan hech narsa bogʻlab turmaydi. U qora paranjini kamtar odatiy kiyimga almashtirdi va bolalar bilan birga mahalliy maʼmuriyat tomonidan unga berilgan uch xonali shinam kvartirada osuda va xavfsiz hayot kechirishga oʻrganmoqda.

Biz ayolning haqiqiy ismini oshkor qilmaymiz, ammo maqolada, aytaylik, Dildora deb ataymiz.

Hozirda ayol Buxoro qandolatchilik tsexlaridan birida ishlaydi. Mahalliy hokimiyat bu oilaga juda koʻp yordam bermoqda: ular Dildora va uning bolalariga eng qisqa vaqt ichida hujjatlarni rasmiylashtirib berishdi, kvartirani barcha zarur jihozlar bilan taʼminladilar - muzlatgich, kir yuvish mashinasi, mikrotoʻlqinli pech, televizor, mebel, gilamlar. Ayol bepul tikuvchilik kurslarida oʻqib oldi, tikuv mashinasini berishdi. Dildora bu hunarni hali toʻliq oʻrganmaganligini tan olib, vaqtincha boshqa ishga kirishga majbur boʻldi. Bolalari yozgi lagerda dam olishdi. Cheksiz harbiy harakatlar va tinimsiz bombardimonlardan keyin dunyo ular uchun yangicha tusda ochildi.

Eri uchun dunyoning narigi chetiga

Tinimsiz urush - bu Dildoraning yolgʻon va oʻlim bilan toʻyingan oʻtmishidan qolgan xotiralar. Uning xalifalikning qora bayroqlari ostida sayohati 2005 yilda boshlangan. Oʻqishni tugatgandan soʻng, qiz keksa buvisiga gʻamxoʻrlik qildi. Buvisining oʻlimidan soʻng Ufaga pul topgani ketgan onasinining ortidan ketdi. 21 yoshga toʻlganida, onasi uni tojikistonlik ishbilarmonga turmushga berishga qaror qilishdi.

“Onam uni bilar edi. Kuyovning oʻz kichik biznesi bor edi. Biz turmushga qurdik va u meni Tojikistonga olib ketdi. Bir yil oʻtgach, bizning bir qizimiz, yana bir yildan keyin bir oʻgʻlimiz tugʻildi. Keyin uchinchi farzandimiz ham dunyoga keldi. 2010 yilda erim Turkiyada ishlagani ketishga qaror qildi. Men u payt nima boʻlayotganini tushunmagan edim”, - deydi ayol.

Turkiyada er-xotin atigi ikki kun boʻlishdi. Erkak ish yoʻqligini vaj qilib, Eronga borishni rejalashtirganini maʼlum qildi. Erini ishontirishga urinishlarining muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin Dildora taslim boʻldi.

Eronda ularni qirgʻizistonlik Abdulloh Shavkat kutib oldi. Bu yerda ulardan telefonlarini, hujjatlarini olib qoʻyishib, Salohiddin ismli oʻzbekistonlikning uyiga olib borishdi. Bu yerda ayol eridan u odamlarning ismlarini va bu yerga aslida nima maqsadda kelganlarini biladi.

“Turmushimiz davrida u hech qachon oʻzining oʻta dindorligini koʻrsatmadi. Ha, biz marosimlar oʻtkazar edik, namoz oʻqirdik, lekin umuman olganda u millionlab musulmonlar singari juda oddiy odam edi. Men uning rejalaridan hayratda qoldim va yoʻldan qaytarishga urindim. Ammo u men xohlagan vaqtda ketishim mumkinligini aytdi, lekin faqat yolgʻiz, bolalarsiz”, deb eslaydi ayol.

U jajji goʻdaklaridan voz kechishga jurʼat eta olmadi, eri bilan begona yurtda qoldi.

ISHID* bayroqlari ostidagi maxfiy yoʻllar sari

Bir necha kundan keyin Pokistonning shimoliy-gʻarbiy qismidan - oʻzini Vaziriston deb eʼlon qilgan davlat hududidan - dala qoʻmondonlaridan biri ularning qishlogʻiga keldi. U ayollarni bolalari bilan yigʻib, ularni Afgʻonistonning Zabul viloyatiga olib bordi.

Dildoraning soʻzlariga koʻra, ayollarning u yerda huquqlari boʻlmagan, ularga bir buyum kabi munosabatda boʻlishgan. Chegarani kesib oʻtayotganda, erkak ayoliga oʻz huquqlarini koʻrsatishi kifoya qilar edi va bu har qanday tekshiruv uchun yetarli boʻladi. Shunday qilib, ular chegarani osongina kesib oʻtishdi, ikki kundan keyin esa erkaklar ularning ortidan yetib borishdi.

“Biz Afgʻonistonda koʻp vaqt oʻtkazmadik. Bir necha kundan soʻng, bizning yoʻlboshchimiz Axtar bizni noqonuniy ravishda Pokistonning Mironshoh qishlogʻiga olib bordi. U yerda bizni OʻIH* (ISHIDga sodiqlikga qasamyod qilgan Oʻzbekiston Islom Harakati – Rossiya, Oʻzbekiston va bir qator davlatlarda taʼqiqlangan) aʼzolari kutib olishdi. Maʼlum boʻlishicha, ular andijonlik ekanlar. Ular erimni soʻroq qilishdi: biz qayerdan va nima sababdan kelganmiz, kim yollagan - ular bizni biror bir maxsus xizmatning agenti boʻlib chiqishimizdan qoʻrqishgan”, - deya tushuntirdi u.

Tekshiruvdan muvaffaqiyatli oʻtib, ularni Mir Ali shahriga olib ketishdi. Bu yerda Dildora va uning eri 2014 yilgacha bir toʻliq oila boʻlib yashadilar, ularning yana toʻrtta farzand dunyoga keldi.

Bombardimonlar ostida hayot va farzand oʻlimi

Shahar hukumat kuchlari tomonidan qurshab olingan, ammo ular bilan toʻqnashuvlar boʻlmagan. Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, erkaklar boshqa joylarda jang qilishgan. Ammo terrorchilar hukumat armiyasiga zarba berib, bu yerda kechayotgan tinchlikni buzishdi. Javob natijasida terrorchilar qochishga majbur boʻlishdi. Oddiy fuqarolar bilan aralashib ketish amaliyoti yordam bermadi, deb eslaydi ayol.

“Yarim tundan keyin vertolyotlar uchmas edi. Oʻsha paytda ayollarni bir nechta guruhlarga boʻlib olib ketishar edi. Avval bir qishloqqa, keyin boshqasiga. Erkaklar bu joylar uchun kurashar edilar va u yerda mustahkam oʻrnashishga umidlarini yoʻqotmas edilar. Men boshqa ayollar bilan mujohidlar markazida yashadik. Qoidalarga koʻra, erlar urishayotgan mahalda, ularning xotinlari bir joyda birga boʻlishlari kerak. Bir erkak qaytib kelsa, u oilasini olib ketadi va ular alohida yashashadi. Bir necha hafta oʻtgach, erim kelib bizni olib ketdi va biz tashlab ketilgan uylardan biriga joylashdik”, deb eslaydi Dildora.

Koʻp oʻtmay, AQSH razvedkasi terrorchilar turgan joyini aniqladi. Kechasi sodir etilgan aviazarba natijasida ayol bir farzandini yoʻqotdi. Ammo u haloq boʻlgan bolasiga aza tutishga vaqt topolmadi.

Yangi darbadardiklar va erining oʻlimi

Bombardimonlardan keyin ayollar Afgʻonistonga olib ketilgan. Allaqachon kuz kelgan edi. Avval ularni toliblar* orasiga - avval Faryob viloyatida joylashtirishdi, keyin hukumat kuchlari noqonuniy muhojirlarni aniqlash boʻyicha keng koʻlamli operatsiyalarni boshlaganlarida, ularni togʻli aholi punktlaridan biriga olib borishdi.

“Faryob choʻl zonasida joylashgan bizni esa togʻlar orasiga joylashtirishgan. U yerga mikroavtobusda sakkiz soatdan koʻproq vaqtda yetib borganmiz. Bu yerda biz bir kishi oilasini olib ketgani kelmagunicha ikki oy yashadik. U meni olti farzandim bilan koʻrib bizni olib ketdi – u bizga yordam bermoqchi edi. U bizni oʻz uyining ikkinchi qavatida joylashtirdi. Birinchi qavatda u oʻz oilasi bilan yashar edi”, deya davom etadi Dildora.

Ikki oy oʻtgach, unga erini Afgʻoniston-Pokiston chegarasida oilasiga qaytayotganda jarlikka qulab oʻlgani haqida xabar berildi. Toʻrt oy va oʻn kun davomida Dildora motam tutdi, koʻchaga chiqmadi. Oʻzlarining pullari yoʻq edi, lekin ularga ovqat olib kelishar edi. Hukumat kuchlari bu joylarda maxsus amaliyot boshlaguniga qadar bunday holat yana ikki oy davom etdi.

“Bizni Turkmaniston bilan chegaradosh hududga olib kelishdi. Ular zaruriyat tugʻilganda qochishimiz uchun doimo hushyor boʻlib, kiyimda uxlashni talab qilishar edi”, - deya tushuntirdi ayol.

Ikkinchi turmush va uydan qochish

2016 yil sentyabr oyida Afgʻonistonda u ikkinchi marta turmushga chiqdi. Erkak Namangandan boʻlib, undan 15 yosh katta edi. Uning allaqachon oilasi, farzandlari, nevaralari boʻlgan, Dildora ikkinchi xotin boʻlgan.

“U bizni yana bolalarimiz bilan Faryob viloyatining aholi punktlaridan biriga olib bordi. 2017 yilda men qiz tugʻdim. Men unga bundan buyon shunday yashay olmasligimni va uydan chiqib vatanimga ketish niyatim borligini aytdim. U buni qilishga ruxsat bermadi, u holda qizimni oʻzi bilan olib qolishligini aytdi”, - deydi Dildora.

Bu yerda shuncha vaqt ichida unda oz-moz pul ishlash imkoniyati topildi: uyali telefonlarini ishlata olmagan mahalliy aholi undan yordam soʻrashar edi, minnatdorchilik evaziga pul berishar edi. Yetarli miqdorda pul yigib yigʻib, u telefon sotib oldi.

“Men Buxorodagi otam va qarindoshlarimga qoʻngʻiroq qildim, Oʻzbekistonning Kobuldagi elchixonasi, Mozori-Sharifdagi konsulligi bilan bogʻlandim. Bir kuni erim uyda boʻlmaganida, bolalarimni olib, chegara tomonga yugurdim. Vatanimda meni qamashadi deb oʻylardim, ammo bu men uchun bu endi muhim emas edi”, - deya eslaydi suhbatdosh.

Bu vaqtga qadar kerakli hujjatlarni tayyorlagan konsullik xodimlari ularni kutib olib, Oʻzbekiston chegarasiga olib borishdi. Narigi tarafda ularni olomon kutib oldi, u yerda jurnalistlar, videokameralar ...

Buxoroda otasi va qarindoshlari kutishgan, ammo onadan bir yildan beri hech qanday xabar yoʻq va u qayerda yoki u bilan nima boʻlganligini hech kim bilmaydi.

Yangi hayot

Bugungi kunda Dildoraning yetti nafar farzandi bor. Katta qizi 13 yoshda, eng kichigi esa atigi ikki yoshda. Ular davom etayotgan harbiy harakatlar sharoitida, hech qanday, oddiy boʻlsa ham, tibbiy yordamsiz tugʻilganlar. Ularning onasi bir vaqtni oʻzida ham shifokor, ham doimiy bombardimonlardan saqlagan tirik qalqon boʻlgan.

Barcha sinovlardan soʻng, yosh ayol va uning kontuziya natijasida quloqlaridan birida kar boʻlib jabrlangan farzandlaridan biri kabi, sogʻligʻini yoʻqotdi. Farzandlari bilan hali ham psixologlar va oʻqituvchilar shugʻullanishmoqda, chunki ularning hech biri hali maktabga bormagan. Ularning barchasi toʻliq tibbiy koʻrikdan, rejali koʻriklardan oʻtdi va zarur yordam olishdi.

“Meni aldashdi. Toʻqqiz yil davomida men garovda edim, zoʻravonlikda edim, tunlari uxlamadim. Atrofimda doim otishmalar, bombardimonlar boʻlgan. Men oʻz farzandlarim uchun shu ishlardan omon qolganman va buni hech kimga ravo koʻrmayman. Men avvallari bu hayot haqida hech narsa bilmaganman va bilishni hech qachon xohlamaganman”, - deya soʻzlarini yakunladi Dildora.

Boshidan kechirgan dahshatlarini eslab, ayol vatandoshlari va umuman qiz va yigitlarni yolgʻon tashviqotlarga berilmaslikka va ularni oʻz taqdirlarini buzmaslikka chaqiradi.

* - Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlar hududida taqiqlangan terroristik tashkilot (guruh)

Asosiy mavzular