07:57 08 Aprel 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Turizm
Havola olish
53130

Oʻzbekistondagi Qirgʻiziston elchixonasi Toshkentda Issiq-Koʻl taqdimotini oʻtkazdi

TOSHKENT, 31 may - Sputnik. Toshkent-Tomchi-Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri charter reyslari joriy yil 27 iyundan boshlab A-320 avialaynerida amalga oshiriladi. 2019-yilgi yozgi dam olish mavsumini 5 sentyabrda yakunlash rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi kuni kecha Oʻzbekiston poytaxtida oʻtkazilgan "Issiq-Koʻl-2019" taqdimoti marosimida Oʻzbekistondagi Qirgʻiziston elchisi Ibragim Junusov. 

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri xabari asosida.

Elchining soʻzlariga koʻra, Qirgʻiziston elchixonasi va Oʻzbekistondagi mutasaddi idoralar tomonidan oʻzaro turistik oqimni kuchaytirish uchun bir qancha amaliy ishlar amalga oshirilgan va bugungi kunda yaqin kelajakda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olingan.

Xususan, joriy yil 6 iyun sanasidan Toshkent-Bishkek-Baliqchi-Bishkek-Toshkent temir yoʻl qatnovi ishga tushiriladi. Ayni damda dam olishga yoʻl olgan fuqarolarga qulaylik yaratish uchun chegara nazorati vaqtini poyezd harakatlanayotgan vaqtda oʻtkazish evaziga qisqartirish masalalari ustida ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, joriy yil yozgi turistik mavsumda Toshkent-Bishkek-Choʻlpon-Ota-Issiq-Koʻl va Bishkek-Toshkent avtobus qatnovini ishga tushirish masalasi ham koʻrib chiqilmoqda. Oʻsh-Toshkent-Oʻsh aviareysi ishga tushirilishi jarayonida, Oʻsh-Andijon-Oʻsh, Oʻsh-Fargʻona-Oʻsh xalqaro avtobus reyslarini qayta tiklash masalasi ham koʻrib chiqilmoqda, dedi Junusov.

Qirgʻiziston elchisi 2017 yilda mamlakatga Oʻzbekistondan 380 ming nafar turist kelgan boʻlsa, 2018 yilda bu koʻrsatkich 3 milliondan oshib, oʻzbekistonlik sayyyohlar hatto rossiyalik turistlarni son jihatdan ortda qoldirganiga eʼtibor qaratdi. Ikki davlat oʻrtasida avia, poyezd va avtobus qatnovlarining yoʻlga qoʻyilishi davlatlar oʻrtasidagi turistik oqimni yanada oshirishga ajoyib zamin boʻlib xizmat qiladi, dedi diplomat.

Junusov oʻz soʻzi yakunida yuqoridagi ishlar ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ochiq, doʻstona muloqot, Oʻzbekiston hamda Qirgʻiziston oʻrtasidagi strategik sheriklikning rivojlanayotgani, toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar yoʻlga qoʻyilib, savdo-iqtisodiy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar kengaytirilgani evaziga amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Asosiy mavzular