06:24 30 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Dunyoda
Havola olish
216021

AQShdagi prezidentlik saylovlari Respublikachilar partiyasidan nomzod - Donald Jon Trampning mutlaq gʻalabasi bilan yakunlandi. 70 yashar biznesmen Qoʻshma Shtatlarning 45-prezidentiga aylandi

Vladimir Ardayev, "Rossiya segodnya" Xalqaro axborot agentligi sharhlovchisi

AQSH prezidentligi uchun olib borilgan saylovoldi kampaniyasi shu darajada qizgʻin kechdi-ki, kurash Amerikaning ikki asosiy partiyasi oʻrtasida emas, balki bir-birini ayblash va haqoratlash uchun bisotidagi bor gapini ayamaydigan ikki shaxs oʻrtasida boryaptimikin, degan fikr ham paydo boʻldi.

Shu bilan birga, nomzodlarning har biri oʻz saylovoldi dasturini taqdim etdi. Xillari Kliton va Donald Tramp Amerika endilikda qaysi yoʻldan bormogʻi kerakligi, davlat iqtisodiy va ijtimoiy hayoti,  ichki va tashqi siyosatida qanday oʻzgarishlarni amalga oshirish zarurligi borasida oʻz saylovoldi dasturlarida fikr bildirib oʻtdilar.

Xoʻsh, Donald Tramp amerikaliklarga qanday vaʼdalar bergan edi?

1. Rossiya bilan munosabatlarni normallashtirish

Trampga koʻra, prezident saylovlarida gʻolib chiqqudek boʻlsa, u Rossiya bilan munosabatlarni normallashtiradi va shaxsan Vladimir Putin bilan yaxshi aloqa oʻrnatadi.

Tramp "ID" terrorchilariga qarshi hamkorlikda kurashish, Yaqin Sharqdagi vaziyatni barqarorlashtirish va boshqa mintaqaviy muammolar yechimini topish uchun ham Moskva bilan aloqa qilish lozim, degan fikrda. Ushbu maqsadlarga yetishish yoʻlida, u hatto, Ukraina, Suriyadagi isyonchilar va hatto, NATOga aʼzo yevropalik yetakchilar yordamidan ham voz kechishga tayyor.

Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni "haqiqiy yetakchi" deb hisoblaydi. "Putin amerikalik siyosatchilardan farqli oʻlaroq mamlakatni haqqoniy boshqaradi", — degan edi u.

2. Islom terrorchiligini yoʻqotish

Donald Tramp islom terrorchiligini ildizi bilan quritishga soʻz bergan. Milliarderning soʻzlariga koʻra, AQSH hozirga qadar oʻz oldida turgan tahdidlarni qanday yoʻq qilgan boʻlsa, "islom terrorchiligini ham xuddi shu tarzda yoʻq qilishi" shart.

Tramp prezident kursisiga oʻtirishi bilan radikal islom targʻibotiga qarshi kurashuvchi xalqaro anjumanni chaqirmoqchi. Siyosatchi ushbu kurashda AQShga Yaqin Sharq davlatlaridan — avvalo Isroil, soʻngra Iordaniya va Misr ittifoqdosh boʻlishini aytib oʻtgan.

Tramp nafaqat "ID", balki "Al-Qoida"ni ham butkul yoʻq qilib tashlab, "XAMAS" hamda "Hizbulloh" singari terrorchilik uyushmalari moliyaviy manbalarini quritishga vaʼda bergan. Tramp fikriga koʻra, islom terrorchiligining bosh homiysi bu — Eron.

3. Amerikani nolegal immigrantlardan tozalash

Donald Trampning immigratsiya qonunchiligida radikal oʻzgartirishlar kiritish haqidagi taʼkidlari katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan edi.

Amerikadagi nolegal immigrantlarni amnistiya qilishga va ularga AQShda qolib yashash imkonini beruvchi hujjatlarni berishga vaʼda qilgan Klintondan farqli oʻlaroq, Tramp, mamlakatdagi 11 million nolegallarni chiqarib yuborishi haqida juda koʻp gapirgan. Siyosatchining soʻzlariga koʻra, ularning teng yarmi tez kunlarda Amerikani tark etadi.

Trampning Meksika bilan chegarada devor qurish istagi hamda islom diniga amal qiluvuchi kishilarga Amerika eshiklarini yopishi toʻgʻrisidagi gaplari esa omma orasida katta janjallarni keltirib chiqargan edi.

4. Marixuanani legallashtirish

Shtatlar qanday siyosatni yuritishlaridan qatʼiy nazar, Tramp, prezident boʻlib saylangudek boʻlsa, butun mamlakat boʻylab yengil giyohvand moddalarni legallashtirishga vaʼda bergan.

Trampga koʻra, nashani "undan foyda olish uchun" sotish lozim.

Keyinchalik u yuqoridagi gaplarni hazil tariqasida aytganligini maʼlum qilgan boʻlsa-da, ammo nashadan tibbiy maqsadlarda foydalanish — normal holat ekanini taʼkidlagan.

5. Oʻlim jazosini saqlab qolish

Tramp oʻlim jazosini saqlab qolish, qolaversa, politsiyachilarni oʻldirgan kishilarga nisbatan oliy jazoni qoʻllash tarafdori. Bundan tashqari, Respublikachi, Kubada Guantanamo qamoqxonasini saqlab qolish va terrorchilikda ayblanayotgan shaxslarga nisbatan "keskin" tergov choralarini qonunlashtirish kerak degan fikrni qoʻllab-quvvatlaydi.

6. Korruptsiyani yengish va OAV kuchini susaytirish

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Tramp media resurslarning monopoliya qilinishiga keskin qarshilik koʻrsatishini aytib oʻtgan. "Monopollashtirilgan media resurslar jamoatchilik fikrini muayyan siyosiy kuchlar foydasiga burib yuborishi hech gapmas", — deb taʼkidlagan u bu borada.

7. Soliqlarni kamaytirish

Oʻzining saylovoldi dasturida Tramp barcha amerikaliklar uchun soliq hajmini yengillashtirish vaʼdasini bergan.

8. Obamacare dasturini yoʻq qilish

Tramp oʻz prezidentligining ilk kunidayoq sogʻliqni saqlash sohasida Obamacare sifatida barchaga maʼlum boʻlgan islohot dasturini yoʻq qilishga vaʼda bergan. Bu dastur oʻrniga, respublikachi farmatsevtika kompaniyalari "shaffof narxlash" degan tushunchaga amal qilishlariga erishmoqchi. Tramp, shuningdek, keksa va ijtimoiy muhofazaga muhtoj amerikaliklar uchun tibbiy dasturlarga sarf-harajatlarni kamaytirmaslikka vaʼda bergan.

9. Kambagʻal oila farzandlari uchun obroʻli maktablar eshigini ochish

Donald Tramp fikriga koʻra, Amerikaning istalgan oilasi, oʻz daromadi darajasidan qatʼiy nazar, oʻz farzandiga maktab tanlash imkoniga ega boʻlmogʻi lozim.

Tramp kambagʻal oiladan boʻlgan bolalarga, ular ota-onalari tomonidan tanlangan maktablarda taʼlim olish imkoniga ega boʻlishlari uchun 20 milliard dollar federal grant ajratishga vaʼda bergan.

10. Foyda keltirmaydigan kelishuvlardan voz kechish

Tramp AQShdagi mehnat bozorida ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiluvchi savdo bitimlarinigina qoʻllab-quvvatlashini bildirgan. Bundan tashqari, Tramp tashqi siyosat sohasida qatʼiy siyosat yuritish istagida. U prezident kursisini egallashi bilan Xitoyni "valyuta manipulyatori" deb eʼlon qilib, Amerika korporatsiyalari xorijda ishlab topgan kapitallarni AQShga qaytarishni rejalashtirmoqda.

Asosiy mavzular