Siyosat

IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasiga doir brifing oʻtkazildi

© FlickrIHT kengashi
IHT kengashi - Sputnik Oʻzbekiston
18 oktyabrda oʻz ishini boshlaydigan sessiya doirasida Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi Kuvayt Davlati oʻz raislik vakolatini rasman Oʻzbekistonga topshiradi

TOSHKENT, 15 okt — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2016 yil 14 oktyabr kuni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun 18-19 oktyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga bagʻishlangan brifing oʻtkazdi, deb xabar qilingan Toshkent viloyati hokimiyati rasmiy saytida.

Toshkent - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Toshkentda 26 davlatning tashqi ishlar vazirlari uchrashadi
Brifingda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Gʻayrat Fozilov Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo 26 davlat tashqi ishlar vazirlari mazkur yigʻilishda ishtirok etishini tasdiqlaganini maʼlum qilgan. Bular Afgʻoniston, Bangladesh, Gayana, Jazoir, Indoneziya, Iordaniya, Kamerun, Kot d'Ivuar, Kuvayt, Liviya, Malayziya, Maldiv, Misr, Nigeriya, Ozarbayjon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Somali, Surinam, Tojikiston, Turkiya, Falastin, Yaman, Qatar, Qirgʻiziston, Qozogʻiston tashqi siyosat idoralari rahbarlaridir.

Sessiyada Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy, Islom taraqqiyot banki guruhi prezidenti Bandar Hajjar, tashkilotning yordamchi va maxsus muassasalari bosh direktorlari, AQSH, Frantsiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Shveytsariyaning IHTdagi maxsus vakillari hamda BMT, YEXHT, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kabi qator tuzilmalar vakillari ham ishtirok etadi.

18 oktyabrda oʻz ishini boshlaydigan sessiya doirasida Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi Kuvayt Davlati oʻz raislik vakolatini rasman Oʻzbekistonga topshiradi. Shu paytdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining tashqi ishlar vaziri mazkur organning 2017 yildagi navbatdagi sessiyasiga qadar Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining raisi funktsiyalarini amalga oshiradi.

Tasdiqlangan dastur va kun tartibiga muvofiq ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlashi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga musulmon davlatlarni birlashtiruvchi umumeʼtirof etilgan forum sifatida qaraydi, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi boʻlajak raisligini esa mamlakatimizning islom tamadduni rivojiga qoʻshgan ulkan tarixiy hissasining eʼtirofi, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston tashkilotning dunyodagi rolini kengaytirish hamda tashkilot oldidagi muhim vazifalarni hal etishga har tomonlama koʻmak berishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Islom hamkorlik tashkiloti kengashi - Sputnik Oʻzbekiston
Siyosat
Oʻzbekiston musulmon olami ichra bir-birini oʻzaro toʻgʻri tushunishning tarafdori boʻlib kelgan
Tashkilot faoliyatining ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq ravishda vayronkor mafkuraga qarshi kurashish, aholida, ayniqsa, yosh avlod vakillarida muqaddas islom dini qadriyatlari haqida toʻgʻri tushuncha va fikrni shakllantirish, har tomonlama yetuk va yuqori bilimli yoshlarni tarbiyalash masalalarining davlatlarimiz barqarorligi va xavfsizligini taʼminlashdagi ahamiyatini hisobga olib, Oʻzbekiston Respublikasining IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligi “Taʼlim va maʼrifat – tinchlik va bunyodkorlik yoʻli” shiori ostida oʻtadi.

Sessiya qatnashchilari yalpi majlislarda Islom hamkorlik tashkiloti oldida turgan davlatlararo muloqotni qoʻllab-quvvatlash, tinchlikni mustahkamlash sohasidagi umumiy vazifalarni hal qilish hamda siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini ham muhokama qiladi.

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish doirasida joriy yilning avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida Iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy masalalar boʻyicha Islom komissiyasining 39-sessiyasi hamda IHTga aʼzo davlatlar yuqori mansabdor shaxslarining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Ushbu forumlar ishida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va IHT Bosh kotibi Iyad bin Amin Madani - Sputnik Oʻzbekiston
Siyosat
Abdulaziz Kamilov IHT Bosh kotibi bilan uchrashdi
Mazkur tadbirlar yakunlariga koʻra, Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida tasdiqlanishi rejalashtirilgan 100 dan ortiq rezolyutsiya maʼqullandi. Bundan tashqari, IHTning Maxsus qoʻmitasi tomonidan tadbir doirasida qoʻshimcha ravishda qator rezolyutsiya loyihalari koʻrib chiqiladi.

Sessiya yakuniga koʻra qabul qilinadigan asosiy hujjat Toshkent deklaratsiyasi hisoblanadi.

Mazkur hujjat IHT kun tartibidagi asosiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar masalalarni hamda Oʻzbekiston Respublikasining Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligining ustuvor yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladi.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala