18:41 18 Oktyabr 2018
Efir
  • RUB123.85
  • EUR9490.14
  • USD8208.04
Igor Nikolaychuk

Oʻzbekiston oʻz oshini oʻzi pishiradi

© Sputnik / Aleksey Tixomirov
Analitika
Havola olish
Igor Nikolaychuk
2451116

Markaziy Osiyo respublikasida hukumat almashinuvi tashqi aralashuvlarsiz oʻtishi lozim va shunday boʻladi, deb ishonadi RSTI eksperti Igor Nikolaychuk

Igor Nikolaychuk, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti —Sputnik uchun

Dekabr boshida oʻzbeklar milliy taomi boʻlgan osh-palov YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani haqida xabar paydo boʻldi. Jurnalistlar bunday xabarlarni "tasmacha" deb atashadi — yaxshi, qiziq, siyosiy tusga ega emas. Lekin gap shundaki, YUNESKO xalqaro tashkilot sifatida turli madaniy jarayonlarni jahon makonida rasman oʻrin berishda ijtimoiy nuqtai nazardan yondashadi.

Oʻzbek palovi ham bu borada muhim oʻrin tutadi. Ekspertlarning aytishlaricha, palov anʼanasi oilalarda saqlanib keladi, ustozdan shogirdga oʻtadi, tengdoshlarning oʻzaro munosabatlari va boshqalarda aks etadi. Shu tarzda osh ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlaydi va oʻzbek madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi.

Nima uchun bugun siyosatshunoslar va amaliyotchi-siyosatchilar palovga qandaydir ramz sifatida murojaat qilishlari lozim? Bunga ikkita sabab mavjud deb bilaman.

Birinchidan, palov faqatgina Oʻrta Osiyoda tarqalganmi? Mana, SSSR tarqalganiga 25 yil boʻldi, lekin guruch, sabzavotlar va goʻshtdan tayyorlanadigan bu taom butun sobiq sovet makonini birlashtirishda davom etayotgandek tuyuladi. Men har qanday holatda ham bir faktdan koʻz yumolmayman, bizning oilamiz aynan ijtimoiy aloqalarni mustahkamlovchi va (oʻzlari anglamagan holda) aynan oʻzbek madaniyatini umumiy meros hamda tsivilizatsion yutuq sifatida qabul qilib uch avloddan buyon eng asosiy bayramlarga palov tayyorlaydi.

Ikkinchidan, palov bu palov, lekin zamonaviy Oʻzbekistonda millat yetakchilari almashganida hokimiyatning ogʻriqsiz, xotirjam almashinuvi anʼanasi yoʻq. Mana shu yerda koʻpchilikda (yaxshi niyatlilarda ham, yomon niyatlilarda ham) Oʻzbekiston hukumati rahbarlariga bu taomni qanday tayyorlash, unga nimalar qoʻshish, eng asosiysi, "kerakli taʼm" berishni "oʻrgatish" xohishi paydo boʻldi.

Oʻzbekiston oʻziga xos mamlakat. Agarda vaziyatning nozikligi hisobga olinmaganida qator sabablarga koʻra hozirgi "oʻtish davri" oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Voqealar rivojini xavotir bilan kuzatishga toʻgʻri keldi. Xavotirimiz ichki siyosatning izdan chiqishi mumkinligidan emas (bu yerda noxushliklar kutilmayotgandi), balki tashqaridan boʻladigan yuzsizlarcha targʻibot, ahmoqona gʻoyalar va buyruqlardan edi. Eng asosiy tahdid mana shular edi.

Qoniqish bilan taʼkidlaymizki, bunday narsa sodir boʻlmadi. Oʻyinning barcha nozik qoidalariga amal qilindi. Men saylovoldi kampaniyasi qizgʻin pallaga kirganida va bevosita Prezident saylovi davomida jahon ommaviy axborot vositalarining Oʻzbekiston haqidagi maqolalarini atayin kuzatib bordim.
Eslatib oʻtamiz, bu davrda jahonda birin-ketin prezidentlar saylanayotgan, ular haqida asosan "putinparast", "rossiyaparast"mi-yoʻqmi degan fikrlar yangrayotgandi. Bu mavzuda kilometrlab maʼruzalar tayyorlandi va soatlab sharhlandi. Jurnalistlarning Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzodlar haqida "Rossiyani tanlaydimi yo mustaqilliknimi", "Kremlni ular qoniqtiradimi yo yoʻqmi" degan nuqtai nazardan muhokama qilish istaklari qanday edi.

Lekin Oʻzbekiston borasida bu "bozor" keskin jilovlandi. Axborot oqimida "Mirziyoyev Kremlning ittifoqchisi" yoki aksincha, dushmani degan mulohaza yuritilgan biror maqolani topish amrimahol boʻldi. Kreml Oʻzbekistonning yangi rahbarlari mamlakatning tashqi siyosatdagi ustuvor yoʻnalishlarini xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda shaxsan oʻzlari tanlashlarini aniq tushuntirib qoʻydi. Gʻarb matbuoti ham inson huquqlari va soʻz erkinligi borasida "oʻz suvaraklari" bilan Toshkentga yurish qilmadi.

Bu hukumat almashinuvi boʻlayotgan masʼuliyatli davrda Rossiya ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan yuz oʻgirdi deganimi? Albatta yoʻq! Bu masʼuliyatsizlik boʻlgan boʻlardi. Oʻzbekiston bizga begona emas, geosiyosiy nuqtai nazardan oʻta muhim. Keyingi paytda ikki tomonlama munosabatlarimizda roʻy berayotgan ikki sezilarli voqeani olaylik.

Shaxsan men birinchi navbatda quyidagini koʻrsatgan boʻlardim. 2016 yilning 29 noyabr kuni Moskvada harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha shartnoma va Rossiya va Oʻzbekiston mudofaa vazirliklari oʻrtasida 2017 yil uchun moʻljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasi imzolandi. Hujjatlarni Oʻzbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu imzoladilar. Muzokaralar davomida Shoygu ikki davlat xavfsizligini taʼminlash maqsadidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish uchun istiqbol va imkoniyatlar mavjud ekanligiga ishonch bildirdi. U shuningdek, Oʻzbekiston qurolli kuchlarini 2020 yilga qadar qayta jihozlash va zamonaviy qurol-aslaha va texnika bilan taʼminlash dasturi ham amalga oshirilishini bildirdi.

Keng oʻquvchilar ommasi bu rasmiy xabarni Oʻzbekiston mudofaa vazirligining Moskvaning geostrategik manfaatlariga "itoatkorona boʻysunishi"ning isboti deb oʻylashlari mumkin. Aslo unday emas. Ishonchim komil, Rossiya mudofaa vazirligi Oʻzbekiston qurolli kuchlariga hech qanday gʻayri nazar bilan qaramaydi. Strategik va operativ rejalashtirish bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarimiz Oʻzbekiston Respublikasi armiyasiga hududdagi eng kuchli, barqaror va yaxshi tayyorlangan armiya sifatida qaraydilar. Uni mana shu holatda saqlab qolish va yanada mustahkamlash Rossiya uchun juda muhim. Chunki u Markaziy Osiyo hududidagi barqarorlikning aniq kafolati hisoblanadi.

Darvoqe, Markaziy Osiyoga sovetlardan qolib ketgan allaqanday muammoli Oʻrta Osiyo sifatida qaramaslik kerak. Amerikalik geosiyosatchilarning nuqtai nazarlariga koʻra, beshta sobiq ittifoqdosh respublika (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston) bilan birga Afgʻoniston, Ozarbayjon, Xitoydagi Shinjon-Uygʻur muxtor okrugi, Mongoliya, Kashmir, Pokistondagi Belujiston va hatto Rossiyadagi Volgaboʻyi va Uralni oʻz ichiga olgan "kengaygan Markaziy Osiyo hududi" mavjud.

Yuqorida aytganlarimizdan bitta narsa kelib chiqadi: Rossiya bilan yaqinlashish yoʻnalishi va surʼatini Oʻzbekiston Respublikasining yangi rahbariyati belgilaydi. Bu uning suveren huquqi.

Lekin bugungi kunda yangi hukumat hamkorlikni kengaytirish borasida qadam tashlayotgani alomatlari koʻrinmoqda. Harqalay, Oʻzbekiston matbuotini kuzatishimiz uchun "yangi rukn" ochildi: "Rossiya va Oʻzbekistonning siyosiy yaqinlashuvi". Bu rukn hamisha aʼlo va ahamiyatli maqolalar bilan toʻldirilib borilishini tilaymiz.

Asosiy mavzular