23:41 26 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Jamiyat
Havola olish
628 0 0

Sofiya-Aydana Murzayeva soʻnggi bir oy ichida bir nechta odamlar hayotini saqlab qoldi. U va boshqa koʻngillilar koʻpincha oxirgi daqiqalarda ulgurib qolishmoqda. Ularning vazifasi - shifokorlar kelgunicha pnevmoniya bilan bemorlangan kishining vafot etishiga yoʻl qoʻymaslikdir.

Svetlana Fedotova

Sofiya-Aydananing kun tartibi oldindan rejalashtirilgan - u kun davomida Bishkekning bemor aholisiga kislorod kontsentratorlarini yetkazib beradi. "Suhbatni keyinga qoldiraylik, iltimos? Men bir necha soat davomida bir odamni ajal domidan qaytardim, holdan toyganman ... Uni "Tez yordam" olib ketdi, u tirik. Biz yordam berishga ulgurdik..."

Volontyor bilan material tayyorlash oson kechmadi. Ushbu suhbat oʻrtacha ogʻirlikdagi pnevmoniya bilan ogʻrigan bemorga kislorod dozasi berilayotganda, Sofiya-Aydanada yarim soat boʻsh vaqt paydo boʻlganida yozib olindi.

- Oʻzingiz haqingizda gapiring.

- Men bishkeklik oddiy ayolman, karantingacha restoranda ishlaganman. Pandemiya tufayli xodimlar majburiy taʼtilga chiqarildi.

Volontyorlik bilan 19 yoshimdan beri shugʻullanaman. Bolalar uylari, qariyalar uylariga yordam berganman. Bu oson kechmagan, ammo ish jarayonida sizni oʻrab oladigan tuygʻular shunga arziydi. Bir safar bolalar uyidagi bir qizaloq kelib: "Rahmat. Men katta boʻlganimda siz kabi boʻlishni va hammaga yordam berishni xohlayman", dedi. Bu bebaho - hayot behuda oʻtmayotganini tushunasan, kishi.

Qariyalar uylarida sharoit murakkabroq: ilgari talabgir boʻlgan xodim, mehribon boʻlgan ota-onalar endi hech kimga kerak emas. Ular hayotining soʻngi yillarini yolgʻizlik, qaygʻu va xiralikka limmo-lim joyda oʻtkazmoqdalar.

- Endilikda siz, tibbiy maʼlumotga ega boʻlmay turib, insonlar hayotini saqlab qolyapsiz...

- Men ishga kirgan Tashabbuskor yoshlar markazi bir necha haftadirki kislorod kontsentratorlarini yetkazib berish bilan shugʻullanmoqda. Biz yetib borib, odamni apparatga ulab, unga nafas olish imkoniyatini beramiz. Pnevmoniya juda tez rivojlanadi, shu sabali tananing kislorod bilan toʻyinishi qiyinlashadi. Kontsentrator tanqislikni toʻldirishga yordam beradi.

Haftada yetti kun, kuniga 24 soat biz jamoamiz bilan shahar aylanib, bemorlarni kontsentratorga ulaymiz. Bu vaqt davomida biz ular yonida boʻlamiz. Koʻpincha dahshatli manzaraga guvoh boʻlamiz: kelishimizga bemor salkam komatoz holatda boʻladi. Apparatni ulaymiz, agar u yetmasa, ikkinchisini ulaymiz. Bizning maqsadimiz - shifokorlar kelguniga qadar inson umrini uzaytirish. Afsus, shifokorlar bemorni kasalxonaga yotqizishga ulgurmagan holatlar ham boʻlgan.

- Kislorod kontsentratori kimga kerak va yordam keragida sizlarni qanday topsa boʻladi?

- Yoshlarga saturatsiya (toʻyinganlik-tahr.) 90 dan past boʻlsa, kontsentrator kerak boʻladi. Yoshi kattalarga toʻyinganlik 91 atrofida boʻlsa, kerak. Biz ijtimoiy tarmoqlarda faolmiz, istalgan volontyorlarimizga yozib, murojaat qilish mumkin.

Yordamga muhtoj boʻlganlardan iltimosimiz: bizga WhatsApp orqali yozing. Baʼzida qoʻngʻiroqlarga javob berishga vaqt topolmay qolamiz. Xabarda manzil, aloqa raqami, saturatsiya va tashxis boʻlishi kerak. Shaxsan menga +996(0500)76-10-79 raqami orqali yozish mumkin. Menda yoki boshqa koʻngillilarimizda vaqt boʻlishi bilan, biz albatta, tezda yetib boramiz.

Biz bilan bogʻlanishdan va yordam soʻrashdan qoʻrqmang. Biz yordam bergan koʻplab odamlar allaqachon oʻzlarini ancha yaxshi his qilishmoqda. Biz xizmatlarimiz uchun pul olmaymiz va umuman hech narsa soʻramaymiz.

- Twitter-da siz juda taʼsirli video joylashtirdingiz, unda bir ayol qoʻlingizda qanday jon berganligi haqida hikoya qildingiz... Bunday holat tez-tez sodir boʻladimi?

- Bir necha hafta davomida biz mingga yaqin fuqarolarga yordam berdik. Afsuski, yordamga muhtojlarning barchasini qamrab ololganimizcha yoʻq. Aql bovar qilmas rejimda ishlayapmiz: yetib boramiz, bemorni apparatga ulaymiz, bir yarim-ikki soat kutamiz va keyin boshqa bemor oldiga yoʻl olamiz.

Siz aytgan voqea bir umr xotiramda qoldi. Bemorni "Gansi" statsionaridan chiqarishgan. Shifokorlar unga hech narsa yordam bermasligini aytib, oʻz uyida oʻlishga ruxsat berishgan. Qarindoshlari koʻzlarida yosh bilan yordam soʻrashdi. Biz barchamiz ayol yaqin bir necha soat ichida vafot etishini bilardik, lekin farzandlari u bilan xayrlashish uchun vaqtni biroz choʻzishni xohlashgan edi.

Bemor bilan oʻtkazgan ikki soat davomida qarindoshlari kelib, u bilan soʻnggi marotaba diydorlashdilar. Cheksiz sevgan insoningiz yaqin vaqt ichida dunyodan koʻz yumishini tushunish juda ogʻir... Buni bemorning oʻzi ham tushunar edi. Men uning yonida boʻldim, qoʻlidan tutib turdim. Hatto kislorod kontsentratori bilan ham u juda qiynalib nafas olardi.

Hayotining soʻnggi daqiqalarida u menga qaradi. Keyin koʻzlarini yumdi-da, vafot etdi. Men chidolmadim - xoʻngrab yigʻladim... Bu haqda hech kimga aytmaslikning ilojini topolmadim va ijtimoiy tarmoqda post yozdim. Har bir inson ushbu dahshatli kasallikka chalingan odamlar nimalarni boshdan kechirishlarini bilishi kerak. Oʻz hayotini xavf ostiga qoʻymasligi uchun bilishi kerak.

- Kislorod kontsentratorlari uchun pulni qayerdan topdingiz?

- Mamlakatimizda epidemiya endigina kuchayishni boshlaganida xayriya jamgʻarmasi Tashabbuskor yoshlar markaziga uchta apparat ajratdi. Biz ular qanday ishlashini oʻrgandik va vazifani bajarishga kirishdik.

Nima bilan shugʻullanayotganimizdan xabar topgan mutlaqo notanish insonlar bizga yordam berishdi - ikkita kontsentrator taqdim etishdi. Rostini aytsam, shokka tushdim. Haligacha bu odamlar kimligini bilmayman, lekin agar ular ushbu intervyuni oʻqiyotgan boʻlsalar, ular bilishsinki,  butun jamoamiz bilan ulardan minnatdormiz.

Biz biz ega boʻlgan uskunalar ham yetarli emasligini tushunardik. Pul yigʻishga kirishdik, aytishadiku, toma-toma koʻl boʻlur, deb.  Bunda ham chetda beeʼtibor qarab turmagan fuqarolarimiz topildi. Biz qoʻshimcha apparatlar sotib oldik – ular soni 12taga yetdi. Oxirgi safar kontsentratorlarni olayotganimizda, koʻngillilarimiz nima bilan shugʻullanayotganini bilgan sotuvchi qoʻshimcha bitta apparat hadya qildi.

Biz vaziyatning eng yomoniga tayyorgarlik koʻryapmiz. Epidemiologlarning taxmin qilishicha, keyingi bir necha haftada haqiqiy doʻzax boshlanishi mumkin. Biz dori-darmon, apparatlar uchun, shifokor va kasalxonalar uchun zarur boʻlgan narsalarga pul yigʻyapmiz.

- Pnevmoniyaga chalingan odamlarga yordam berayotganingiz haqidagi xabarga ota-onangiz qanday munosabat bildirishdi? Axir, bu siz bilan yashaydigan yaqinlaringiz uchun xavfli boʻlishi mumkin...

- Ota-onam Rossiyada istiqomat qiladi, nima bilan shugʻullanayotganimni hali bilishmaydi. Bir necha hafta davomida video-aloqa orqali gaplasha olmaganimizni hisobga olsak, buni yashirish oson emas. Ularga telefonim buzilganiniva hozircha faqat qoʻngʻiroq qilishim mumkinligini aytdim. Intervyu chop etilganidan keyin qarindosh yoki tanishlardan birontasi ota-onamga hammasini aytib berishi mumkinligini tushunaman. Qolaversa, 24 yil ichida hali boʻlmagan toʻs-toʻpolon kutayotganini ham sezyapman.

Bishkekda yashaydigan aka-uka va opa-singillarim mening qarorimni toʻgʻri qabul qilishdi. Koʻngillilarning yaqinlarini yuqishi ehtimolini istisno qilish uchun biz markazdan ijaraga biron bir kvartirani qidirdik. Ungacha biz mashinada tunab, ofisda yuvinardik. Biz doim SHHVda boʻlganimiz vaziyatni yanada qiyinlashtirdi. Jaziramada himoya kostyumida deyarli bir sutka yurish – juda yoqimsiz. Ijara uy hech boʻlmasa yuvinishimiz va dam ovolishimiz uchun kerak edi. Notanish odam bizga shahar markazidagi kvartirani bepul berdi. Hayot osonlashdi - bizda dush paydo boʻldi.

Bu vaqt davomida juda qattiq ishladik, sutkalab shahar boʻylab yurdik, chunki koʻpchilik bemorlar kislorod kontsentratorini olisholmas edi. Bugungi kunda ularning narxi 1500 dollargacha oshib ketdi, olti oy oldin ular narxi ikki baravar arzon edi. Bir odam qullarimda oʻlishiga oz qoldi, uni zoʻrgʻa oʻziga keltirib oldik. Oʻsha kuni, men deyarli koʻz yummadim - juda koʻp qoʻngʻiroqlar boʻldi. Bemor hushiga kelgach, oʻzim hushdan ketdim. Shunda bolalar bilan oʻzimizni ham oʻylashimiz kerakligini angladik. Navbatchiligimiz 12 soatdan oshmasligi kerak, degan qarorga keldik. Hozircha bu qoidaga amal qilish qiyinroq kechmoqda: talab juda koʻp, koʻngillilar esa yetarli emas.

- Sizga va boshqa koʻngillilarga qanday yordam berish mumkin?

- Yuqorida aytganimdek, biz eng yomoniga tayyorgarlik koʻryapmiz. Hozirda apparatlar va dori-darmonlarga faol ravishda pul yigʻyapmiz. Viloyatlarda pandemiya tobora kuchaymoqda, hamma joyda ulgurishga harakat qilyapmiz. Bir necha kun oldin Botken va Jeti-Oʻgʻuzga dori-darmonlar yubordik.

Agar sizda koʻngillilar safiga qoʻshilish niyati boʻlsa, shuni istasangiz, menga yoki xodimlarimizdan biriga yozishingiz mumkin. Pul masalasi juda dolzarb, kontsentratorlar va dori-darmon sotib olish kerak. Rekvizitlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda bor, sarflangan mablagʻlar haqida ham muntazam hisobot berib boramiz. Bizga yordam berib boʻlganlarga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Odamlar haydovchilarimizga benzin quyib berishadi, biron yegulik olib kelishadi. Masalan, mana hozir kiyib yurgan forma va respirator ham koʻngillilarga yordam berishga qaror qilgan kishi tomonidan yuborilgan.

Asosiy mavzular