17:44 18 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Jamiyat
Havola olish
484 0 0

Iyul oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda mashgʻulotni tasvirga olish jarayoni yakunlanay degan bir vaqtda farzandlari jarayonga halaqit berganidan soʻng, bolakaylarni baland ovozda qoʻpol soʻzlar bilan koyigan tarbiyachi aks etgan videorolik tarqalgan edi

TOSHKENT, 8 avg - Sputnik. Maktabgacha taʼlim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va keng muhokamalarga sabab boʻlgan bogʻcha tarbiyachisi oʻz farzandlarini urishayotgani aks etgan videorolik boʻyicha rasmiy izoh berdi.

Eslatib oʻtamiz, iyul oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda mashgʻulotni tasvirga olish jarayoni yakunlanay degan bir vaqtda farzandlari jarayonga halaqit berganidan soʻng, bolakaylarni baland ovozda qoʻpol soʻzlar bilan koyigan tarbiyachi aks etgan videorolik tarqalgan edi.

Yuqoridagi holat aks etgan rolik tayyorlangan videomashgʻulot oʻrniga, yanglish ravishda MTT telegram guruhiga joylangan boʻlib, tezda oʻchirib tashlangan boʻlgan. Ammo shunga qaramay, rolik oradan 11 kun oʻtib ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.

Maktabgacha taʼlim vazirligi izohiga koʻra, rolikdagi ayol Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi MTTlardan birida faoliyat yurituvchi tarbiyachi Hilola Nurmatova ekanligi aniqlangan. Nurmatova oliy maʼlumotli, maktabgacha taʼlim tizimida bir necha yildan beri ishlashi, oʻtgan davr mobaynida u tomonidan hech qanday nojoʻya harakatlar amalga oshirilmagani qoʻshimcha qilingan.

Maʼlum boʻlishicha, karantin sharoitida Nurmatova masofadan oʻqitish usulini oʻzlashtirgan holda, bir necha oy mobaynida, haftasiga 4-5 martadan tarbiyalanuvchilar uchun videomashgʻulotlar oʻtib kelgan.

Yoz mavsumi boshlanishi MTT larda sogʻlomlashtirish davri hisoblanib, tartibga koʻra bu vaqtda faol taʼlim jarayoni toʻxtatiladi. Ammo bir necha tashabbuskor tarbiyachilar, ular qatorida Nurmatova ham, tarbiyalanuvchilarning boʻsh vaqti mazmunli va foydali oʻtishi uchun videomashgʻulotlarni davom ettirishga qaror qilgan.

Holatni oʻrganish jarayonida oʻsha kuni Nurmatova videomashgʻulotni bir necha marta yozib olishga uringani maʼlum boʻldi. Ammo ish bilan uy vazifalarini bir vaqtda bajarish majburiyati, jumladan bolalar harxashasi hissiy muvozanatdan chiqib ketishi, natijada nazoratni yoʻqotgan holda ovozini balandlatishiga sabab boʻlgan.

Bu voqea Chortoq tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi hamda Namangan viloyati Maktabgacha taʼlim Boshqarmasi tomonidan atroflicha oʻrganib chiqilgan va maʼlum xulosalarga kelingan.

Tarbiyachi Nurmatova kasbiy etika qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan. Karantin yakunlanib, MTT lar faoliyati tiklangach Chortoq tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan bu tarbiyachining pedagogik faoliyati monitoring qilib borilishi belgilangan. MTT rahbariga esa ogohlantirish berilgan.

Tuman MTBsiga oʻziga tegishli hududda masofadan maktabgacha taʼlim xizmatini koʻrsatish jaryoni ustidan kuzatishni kuchaytirish, uning sifatini yaxshilash, maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi bolalarga nisbatan har qanday qoʻpol munosabatga qarshi ekanligini maʼlum qilgan holda, fuqarolardan koronavirus pandemiyasi natijasida oʻzi uchun yangi va noodatiy boʻlgan - masofadan taʼlim jarayonini olib borayotgan pedagoglar sharoiti va holatini tushunishga harakat qilishni soʻrab qolgan.

Asosiy mavzular