04:53 29 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB136.11
  • EUR12285.78
  • USD10359.88
Jamiyat
Havola olish
129510

Toshkentda oiladagi zoʻravonlikdan aziyat chekkan ayollar uchun reabilitatsiya markazi mavjud. Aslida, bu ayollar va ularning farzandlari uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini bajaradi. Ayollar bu yerda psixologik reabilitatsiyadan oʻtadilar, "oyoqqa turib", yangi hayotni boshlaydilar.

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri maishiy zoʻravonlikdan jabr chekkan ayollarga kim va qay tarzda yordam koʻrsatishi, psixologik korrektsiya qanday kechishi, ruhiy tazʼyiqqa uchragan ayol qay tarzda baxtli boʻlib keta olishini bilish uchun poytaxtdagi Realibitatsiya va moslashtirish markazi direktori Gulchehra Matkarimova bilan suhbatlashdi.

Jestoko izbitaya suprugom jitelnitsa Bulungura Zuxra Umarova v bolnichnoy palate
Foto predstavleno rodstvennikami postradavshey

—   Toshkent realibitatsiya va moslashtirish markazining vazifalari, uning tashkil topishi tarixi haqida toʻxtalsangiz.

—   Toshkent shahar ayollar realibitatsiya va moslashtirish markazi ruhiy yoki jismoniy zoʻrlikka uchragan, suitsidga moyil boʻlgan yoki suitsidga qoʻl urgan ayollarni ruhan jonlantirish, ularni hayotga qaytarish maqsadida ochilgan. Markazimiz 2018 yil iyun oyida mamlakat rahbari imzolangan farmonga asosan tashkil etilgan edi. Bunga oʻxshash markazlar Respublikaning boshqa viloyatlarida ham faoliyat yuritmoqda, ammo poytaxtdagi kabi shart-sharoitlarga ega emas. Deylik, yotoqxonasi, oziq-ovqat bilan taʼminlanishi mumkin, lekin koʻp oʻrinli va xizmat koʻrsatuvchi koʻp shtatli xodimlari yoʻq.

Bizning realibitatsiya markazimizda oʻttizdan ortiq ayollar hamda ularning farzandlari yashashi uchun moʻljallangan oʻrinlar bor. Dunyoning ayrim mamlakatlaridagi kabi biz bu markazga "Inqiroz klinikasi" deb nom qoʻyganmiz. Tashkil etilishi tarixiga kelsak, 2000 yilda Yevropa mamlakatlariga borib, u yerda ochilgan shu kabi shelterlar faoliyati bilan tanishib, bizda ham shunday shelterlar ochilishi kerak, degan takliflar bilan doktorlik ishimni yozganman. Sababi, ming afsuski, bizda oxirgi paytlarda eri urib, koʻchaga quvib solingan yoki aka-ukasi tomonidan kaltaklangan, mol-mulk talashib sarson boʻlgan, qaynona-qaynsingillar tomonidan sigʻishtirilmagan ayollar koʻpayib ketdi.

Sputnik
Tsentr reabilitatsii dlya jenщin, gorod Tashkent

Qolaversa, xotin kaltak yesa ham uyda jim oʻtirishi kerak degan past tushuncha ayrim erkaklarimizning ongiga oʻrnashib olgani sir emas. Umuman, oʻzbek mentalitetida oxirgi paytlarda keskin salbiy oʻzgarishlar yuz beryapti. Kelinga qulga qaragandek munosabat bizni jamiyatimizda ilgari boʻlmagan. Bugun ayniqsa, negadir Toshkent shahrida kelinlarga qulga qaragandek qarash xususiyati ommalashgan.

Misol uchun, realibitatsiya markaziga kelgan ayrim kelinlardan eshitganim: "Oyogʻimni oʻpmasang uyga kirmaysan” yoki "Eringni oyogʻini yuvib, oʻsha suvni ichsang soʻng men seni unga qay darajada sodiqligingga ishonaman", deydigan qaynonalar bor ekan. Shu kabi har xil achinarli taqdirlar hikoyasini eshitasiz va yuragingiz qanday dosh berayotganiga baʼzan qoyil ham qolasiz. Koʻp hollarda eshitgan hikoyalarim taʼsiriga tushib, oʻsha muammolarni tushlarimga ham kiradigan boʻlib qoldi.

Yana shunday ayollarimiz bor-ki, eri faqat boshiga, qulogʻiga urarkan. Sababi, bosh, quloq qismiga ursa, joyi bilinmas, ekspertiza qilinganda ham aniqlash qiyin kechib, oqibatda kun kelib odam bosh miyasida salbiy oʻzgarishlar yuz berib, juda tez oʻlim toparkan.

Yaʼni baʼzi olifta erkaklarimiz borki, "Tushunmadim, nima men "sobstvennыy xotinimni" urolmaymanmi?", deydi. Yoki "Nega xotinimga order berdingiz, oilamga aralashib meni konstitutsiyaviy huquqimni buzyapsiz", deb keladi. Ey inson, nima senda bor konstitutsiyaviy huquq ayolda yoʻqmi? Afsuski, erkaklar orasida mana shunday - xotiniga shaxsiy mulkka qaragandek munosabat odatga aylanib qolyapti.

—   Erkaklarning bunday fikrlashlariga nima sabab boʻlyapti deb oʻylaysiz?

—   Birlamchi sabab odamlarda huquqiy saviyasi yoʻqligida. Masalan, 2019 yil 19 sentyabr kuni ayollar va erkaklar gender tengligi toʻgʻrisida farmon imzolangan, ammo qonun targʻiboti deyarli amalga oshirilmayapti. Gender komissiyasining rahbari boʻlganligi uchun Senat raisining oʻz targʻib qilib, komissiya ishini koʻrsatishga harakat qilyapti xolos, boshqa tashkilotlar esa uxlab qolganga oʻxshaydi. Bundan tashqari ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunning targʻiboti ham deyarli amalga oshirilmayapti. Toʻgʻri, tushunaman, hozirgi pandemiya sharoitida targʻibot ishlarini olib borish qiyindir, lekin hech boʻlmaganda OAV orqali bu haqda har kuni gapirmasak, bora-bora jamiyatimiz parokandalikka yuz tutishi hech gap emas.

Bilamiz, oila - jamiyatning asosiy boʻgʻini. Ammo biz haq-huquqini tanimaydigan yoki konstituttsiyasini bilmaydigan davlat emasmiz, dunyoviy davlatmiz. Dunyoviy mamlakat boʻlamiz deb dunyoga jar solganmiz. Biz BMTga aʼzo boʻlganmiz, bayrogʻimiz xilpirab turibdi Nyu-Yorkda...

Ayollar va bolalar bizning genofondimiz. Ayollar genofondni dunyoga keltirib beruvchi, bolalar esa bizning kelajagimiz hisoblanadi. Bugun biz qoʻrqoq, nokas va nomard bolalarni tarbiya qiladigan boʻlsak, kelajak ertaga ana shularning qoʻlida qoladimi?

Yana bir meni oʻylantiradigan holat, bugunning real hayoti va odamlari ilgarigidek emasligidir. Masalan, bugun kelinlarga sabr qil desangiz, borib oʻz joniga qasd qilyapti. Ularni dardini eshitadigan hech kimi yoʻq. Tuqqan onasi ham "oʻliging borgan eshigingdan chiqsin, lekin indama, jim chidab yasha", deya qulogʻiga quyadi. Bir kun sabri tugagan qiz esa oʻz joniga qasd qilyapti, "mana, ona, aytganingizdek kelin boʻldim, oʻligim shu eshikdan chiqdi", deb.  Oʻsha ona vaqtida oʻz qizining dardiga sherik boʻlib, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatganida, psixologga koʻrsatib, uni ruhan hayotga qaytarganida, oʻsha qiz yashab ketarmidi... Bizda nima boʻlsa hamki oilani saqlab qolish kerak, degan fikr mustahkam oʻrnashib qolgan.

Toʻgʻri, lekin vaziyat ogʻir boʻlsa-chi? Oilani ayolning kasalmand yoki kaltak yeyaverib nogiron boʻlib qolishi evaziga saqlab qolish kerakmi? Mana shunday oilalarda bolalar qoʻrqoq boʻlib katta boʻlyapti, hatto otasi yoʻtalib qoʻysa, bechora ishtoniga siyib qoʻyadigan darajada qoʻrqadi. Bunday bolalarning taqdiri ertaga nima boʻladi? Eri urib, oʻldirib qoʻysa ham churq etmay oʻtiradimi? Hatto buyuk sarkarda Amir Temur "Qul tabiatli ayoldan qul farzandlar tugʻiladi" deb, oʻz farzandlari va nabiralariga erkin fikrlaydigan qizlarni kelin qilgan ekanlar. Ammo biz-chi, nechanchi asrda yashayapmiz?

Biz erkin fikrlaydigan ayolni koʻrsak, uni bir urib mayib qilib qoʻyyapmiz. Biz maʼrifatga yaʼni oldinga intilishimiz kerak boʻlgan bir paytda nega jaholat domiga qarab ketyapmiz? Axir bolalarimiz erkin fikrlaydigan shaxs sifatida kamol topishi kerak emasmi? Shundagina har kim oʻz haq-huquqini himoya qila oladi, zoʻrlik boʻlmaydi. Oʻzini haqini talab qiladigan odam birovning huquqini poymol qilmaydi. Biladiki, unda bor huquq boshqalarda ham bor.

Sputnik
Tsentr reabilitatsii i adaptatsii dlya jenщin v Tashkente

Odamlar kosmosni zabt etyapti, yaponlar suv ostida uylar, shaharlar quryapti. Biz esa bolalarimizga kaltak yeb, boshi yorilsa ham jim oʻtir deb oʻrgatyapmiz. Ana shu ojiza ayollarning ham huquqi boʻlishi kerakmi?  

—  Pandemiya sharoitida qanday ishlayapsizlar? Zoʻravonlikka uchragan ayollarning qoʻngʻiroqlari hozir ham qabul qilinyaptimi?

—   Albatta. Ayollar biladiki, markazimizning sutkada 24 soat ishlaydigan 1169 qisqa raqami ishlab turibdi. Hozirgi kunda moliyaviy muammolarimiz boʻlganligi bois, ushbu telefon raqami bilan xodimimizni uyda oʻtirib ishlashi uchun band qilganmiz. Shuningdek, boshqa xodimlar ham oʻz hisobidan taʼtilga chiqishga majbur boʻlib turishibdi. Oqsab turgan tomonimiz shu — homiylarga muhtojmiz.

—   Bu binoning avval qanday harob ahvolda boʻlganligini koʻrganmiz. Bugun esa bu yerdagi shart-sharoitlarni koʻrib hayron qoldik...  

—   Buning uchun, Toshkent shahar hokimidan minnatdormiz. Binoni butunlay taʼmirdan chiqarib, moddiy texnik bazasini yaratib berishda oʻz yordamini ayamadi. Bundan tashqari bir qancha homiylarni topib berishdi, ular yordamida markazimiz koʻplab tazyiqqa uchragan, uy-joysiz qolgan ayollarga yordam berdi. Koʻplab oilalarning muammosiga quloq tutdik, ular yarashtirildi,  uysiz yurganlarga tuman hokimliklari bilan kelishib uy-joy qilib berildi. Masalan, Chilonzor tuman hokimiyatining yordami bilan uch-toʻrt ayol boshpanali boʻldi. Ungacha boʻlgan vaqtda ayollar bizning realibitatsiya markazimizda ikki yarim oy davomida yashab turishdi. Olmazor tumanidan kelgan ayol ham uy masalasi hal boʻlgach chiqib ketdi. Markazimizda yashayogan paytda ular bilan tibbiyot xodimlari, psixologlar ishladi. Chilonzor tumanida joylashgan xususiy klinikalar ham pul toʻlashga imkoniyatimiz boʻlmagan paytda ayollarni tekinga davolab, bizdan oʻz yordamini ayashmadi. Qolaversa, oylik maoshsiz boʻlsada fidoyilarcha ishlayotgan markazimiz xodimlariga ham boshim yerga tekkuncha taʼzim qilaman.

— Realibitatsiya markazi qanday toifadagi ayollarni oʻz himoyasiga oladi? Masalan, koʻchadan toʻsatdan kirib kelgan ayollarni ham qabul qilaverasizlarmi?

— Har qanday zoʻravonlikka duchor boʻlgan, tazyiq koʻrgan ayol mana shu markazga kelib yashashga haqli. Koʻchadan toʻsatdan kirib kelib qolsa ham qabul qilaveramiz. Bilasizmi, agar ayol kishining ruhiy holati sogʻlom boʻlsa, hech qachon bunaqa joyga bosh egib kelmaydi. Baʼzilari televideniye orqali eshitib, koʻrib topib keldim deydi, baʼzilar telegram kanali orqali...  Ayrimlarning eri, ota-onasi yoki yaqin qarindoshi boshlab keladi. Biz ularni koʻrib, muammosini eshitib olib qolaveramiz.

—  Ushbu markazga oʻz xohishi bilan najot istab keluvchi ayollarning orqasidan yaqin qarindoshlari, deylik oila aʼzolari janjal koʻtarib kelgan holatlar ham boʻlganmi?

—   Boʻlgan, hatto qaynonalardan biri kelinim mana shu yerda yotganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma ham yozib bering, deya toʻpolon qilib kelgan. Bu yerni baʼzilar jinnixona deb oʻylashar ekan. Baʼzilar esa kelini yoki xotinini shu yerga soʻrab kelib, ular haqida maʼlumot soʻrab kelgan. Ammo bu markazda tartib shunaqaki, ayollar ilk kelgan kunida oʻzini bizga kim deb tanishtirgan boʻlsa biz uni shu nom bilan qabul qilamiz, u haqdagi barcha maʼlumotlar sir saqlanadi, hech kimga oshkor qilinmaydi. Bu boʻyicha xodimlarning har biri ogohlantirilgan va har biridan tilxat yozib olingan.

— Realibitatsiya markazi bugungi kunda nechta ayollarga yordam bera oldi?

—  2020 yilning yanvaridan 1-sentyabr oyigacha zoʻrlik ishlatishda jami jabr koʻrgan ayollar 4615 tani tashkil etgan. Bir yil ichida olti mingdan ortiq ayollar bizdan psixologik va huquqiy yordam olishdi. Bundan tashqari 2019 yilning sentyabr oyidan  joriy yilning fevral oyi oxirigacha boʻlgan davr ichida Toshkent shahrida suitsid holatlarining yigirma  foizga kamayganligini koʻrishimiz mumkin. Chunki bugungacha 212 ta suitsidal odam shu yerga kelib yotib, suitsid holatidan chiqib, oʻziga qaytgan holatlar boʻldi.  

—  Realibitatsiya markazida odatda ayollar qancha muddatda olib qolinadi?

—  Qonun jihatidan olib qarasak, besh kundan bir oygacha boʻlgan muddatda ayollar ushbu markazda olib qolinadi. Ayrim ayollar bor, ularning muammosi tez hal boʻlib, ruhan tiklanib oʻz oʻrnini topib ketadi. Ayrimlar bor, ularni hayotga qaytarish, muammolarini hal qilish uchun oylar kerak boʻladi. Birinchi galda bu yerda qancha muddat qolishlari ularning oʻzlariga ham bogʻliq. Yana baʼzi hollarda ruhiy holati yaxshi, ammo yashashga joyi yoʻq ayollar ham bizga kelib turadi. Biz ularni markazimizda olib qolib, ular bilan ishlaymiz, hokimliklarga xat bilan chiqib ularga arzonroq uy-joy sotib olishlariga yoki boshqa huquqiy masalalarda muammolarini hal etishlariga amaliy yordam beramiz.

—  Homiy boʻlmagan paytda bu yerda yashovchilarning yashashi, oziq-ovqatini qanday eplaysizlar?  

—   Baʼzi ayollarni inspektorlar yoki mahalla idoralari xodimlari olib keladi. Ulardan oʻsha vaqtdayoq ayolni boqish uchun oziq-ovqatini olib kelib berishlarini iltimos qilamiz. Bundan tashqari deputatlar, ichki ishlar xodimlari bir hafta oʻn kunlik muddatga yetadigan bozor-oʻchar qilib, tashlab ketishadi. Oshpaz yoʻqligi bois, bu yerda ayollarning oʻzlari orasida ovqatni mazali tayyorlaydiganini oshpaz qilib saylab olishadi, qolganlari boshqa ishlarni oʻzaro boʻlib olib, navbatma-navbat bajarishadi. Qolaversa, markazda ishlayotgan xodimlarning bari yeguliklar, oʻyinchoqlar, bolalar boʻtqasi, pampers yoki kiyim-kechaklarni oʻz uyidan tashib kelishadi. Shuningdek, yaqin atrofdagi mahallada yashovchi qoʻshnilar oʻz yordamini ayashmaydi. Hozirgi kunda homiysiz, tang bir ahvolda qolgan boʻlsak-da, fidoyi insonlarning borligi menga kuch-quvvat bagʻishlab turibdi.

Asosiy mavzular